Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 01:22

Marhum adib Mamadali Mahmudovning “O‘lmas qoyalar” romani nashrdan chiqdi


"O‘lmas qoyalar" romani 1981 - yilda "Sharq Yulduzi" jurnalida chop etilishi ortidan asar taqiqlangan va muallif sovet KGB si tomonidan ta’qib qilingan.

Toshkentdagi "Akademnashr" va "Impress-Media" nashriyotlari Karimov davrida asarlariga taqiq qo‘yilgan adib Mamadali Mahmudovning (adabiy taxallusi - Evril Turon) birdaniga ikki kitobi - “O‘lmas qoyalar” va “Oynur” romanlarini nashrdan chiqardi.

O‘tgan yil noyabrida 79 yoshida koronavirusdan vafot etgan adibning so‘nggi 30 yilda dunyo yuzini ko‘rgan kitoblarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi nashrga tavsiya qilgan.

Adibning qizi Sabohat Mamadaliyevaning Ozodlikka aytishicha,
xususiy nashriyot uylari tomonidan 1000 nusxada chop qilingan 13,5 bosma taboqli ikki risola mazkur haftada o‘quvchilar qo‘liga tegdi. Ikkala kitobni chop qilish bilan bog‘liq xarajatlar davlat hisobidan qoplangan.

"O‘lmas qoyalar" romani fransuz va ingliz tillariga o‘girilgan, 2008 - yilda Fransiyada, 2015 - yilda esa Britaniyada nashr qilingan edi.

Mamadali Mahmudov O‘zbekistonda siyosiy qarashlari uchun eng uzoq vaqt qamoqda o‘tirgan yozuvchi. U 2013 - yil aprelida ozod etilguniga qadar 14 yil umrini qamoqda o‘tkazdi.

Rashidov qamoqdan asragan, Karimov qamoqqa tashlagan adib

Mamadali Mahmudov sovet davrida o‘zbek adiblari orasida birinchilardan bo‘lib “bosmachilik harakati” nomi berilgan milliy-ozodlik kurashi mavzusini qalamga olgan edi.

"O‘lmas qoyalar" romani 1981 - yilda "Sharq Yulduzi" jurnalida chop etilishi ortidan muallif sovet KGB si tomonidan ta’qib qilindi. Romanning birinchi qismi chop etilishi ortidan adib Yozuvchilar uyushmasidagi maslahatchilik lavozimidan olinadi.

Ёзувчи ва собиқ сиёсий маҳкум Мамадали Маҳмудов вафот этди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:21 0:00

U Moskvadan kelgan KGB xodimi tomonidan so‘roq qilinganini aytgan. Romanning yashirin yo‘l bilan olib chiqilgan qo‘lyozma nusxasi Germaniyada chop etilganidan so‘ng, adibga bosimlar yanada kuchayadi.

Mamadali Mahmudovning o‘zi uni o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov “qamoqdan asrab qolgani” haqida yozgan edi. Asar to‘laligicha faqat mustaqillikdan so‘ng, 1991 - yilda kitob holida dunyo yuzini ko‘rdi.

Mamadali Mahmudov O‘zbekiston mustaqilligi arafasi va mustaqillikning ilk yillarida bir muddat O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi va Madaniyat Jamg‘armasi raisi lavozimlarida ishlagan.

Taniqli yozuvchi va arbob 1994 - yil 3 - mart kuni muxolifatdagi "Erk" partiyasi bilan aloqalari uchun hibsga olindi va rasman “davlat mulkini o‘zlashtirish” aybdor, deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

1996 - yil 6 - avgust kuni afv qo‘llanib, muddatidan oldin ozod qilingan Mamadali Mahmudov 1999 - yil 16 - fevraldagi Toshkent portlashlari ortidan qayta hibsa olinadi.

Bir necha "Erk" faollari bilan birga portlashlarga aloqadorlikda ayblangan Mamadali Mahmudov mahkama jarayonida o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan va shafqatsiz qiynoqlarga tutilganini aytgandi.

Xalqaro inson huquqlari, matbuot va yozuvchilar tashkilotlari Karimov hukumatining Mamadali Mahmudovni qamoqqa tashlash qarorini qoraladi va uni ozod etishga chaqirib keldi.

2018 - yil noyabrida Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga tiklanguniga qadar adibning asarlariga O‘zbekistonda norasmiy taqiq qo‘yilgandi. 2019 -yilda uning qamoqda yozgan ikki romani birin-ketin “Sharq yulduzi” va “Jahon adabiyoti” jurnallarida chop etildi.

2016 - yilda Mamadali Mahmudov Londondagi "Senzura indeksi"(Index on censorship) xalqaro tashkilotining yillik mukofoti bilan taqdirlangan.

XS
SM
MD
LG