Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:55

Meta o‘z platformalarida “Rossiya segodnya” akkauntlarini bloklaydi


Meta shirkati o‘z platformalarida (Facebook, Instagram va Treads ijtimoiy tarmoqlari hamda WhatsApp messenjeri) Kreml nazorati ostidagi RT va “Rossiya segodnya” mediaguruhi egalik qilgan Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari sahifalarini bloklab qo‘ymoqchi. Bu haqda Reuters agentligi korporatsiya bayonotiga tayangan holda xabar qildi.

Bayonotda bu qaror yuqorida zikr etilgan OAV “internetda yashirin ta’sir operatsiyalarini o‘tkazish uchun aldov taktikasidan foydalanganlari” hamda “xorijiy aralashuv bilan bog‘liq faoliyat” olib borganlari tufayli qabul qilingani qayd etilgan. Akkauntlar blokirovkasi yaqin kunlar ichida boshlanadi.

Reuters qaydicha, bu taqiq dunyodagi eng yirik ijtimoiy mediashirkat tomonidan Rossiya davlat ommaviy axborot vositalariga qarshi “choralarni keskin kuchaytirilgani”ni anglatadi. Avvalroq Meta reklama blokirovkasi va postlar qamrovini kichraytirish kabi uncha keskin bo‘lmagan qadamlarni qo‘ygan edi.

AQSH rasmiylari avvalroq “Rossiya segodnya” mediaguruhi, uning direktori Dmitriy Kiselev, “TV-Novosti” (RT telekanali huquqiy shaxsi), shuningdek, “Yevraziya” NNT va uning ta’sischisi Nelli Parutenkoga qarshi sanksiyalar joriy etgan.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken “Rossiya segodnya” va unga kiruvchi “RIA Novosti”, Sputnik va RT Rossiya maxsus xizmatlari uchun ishlashini bildirgan. U mazkur nashrlarni butun dunyo bo‘ylab “dezinformatsiya kampaniyalarida” ishtirok etganlikda ayblagan.

Blinkenga ko‘ra, RT telekanali Rossiya armiyasi uchun pul to‘plagan va Moldovadagi saylovlarga aralashgan hamda propagandistik kanal yoyini Yevropa Ittifoqida taqiqlaganiga qaramay, qarorgohi Berlinda bo‘lgan Red nomli mediani boshqarib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG