Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2021, Тошкент вақти: 05:10

Migrantlar himoyachisi Valentina Chupik O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi mumkin


Asli o‘zbekistonlik Valentina Chupik Rossiya davlat idoralari tomonidan haq-huquqlari kamsitilayotgan migrantlarga qonun doirasida qarshi turish tizimini ishlab chiqqan.

O‘tgan shanba Moskvaning Sheremetyevo aeroportida hibsga olingan migrantlar himoyachisi Valentina Chupik 28 - sentabr kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi mumkin. Bu haqda Ozodlikka seshanba kuni ertalab asli o‘zbekistonlik huquq faolining o‘zi ma’lum qildi.

"Tong Jahoni" inson haqlari tashkiloti rahbari, 48 yashar Chupik 25 - sentabr tunida Armanistondan Moskvaga uchib kelgan payt Sheremetyevo aeroportida ushlangan va aeroportning F - terminalidagi spetspriyomnik - maxsus hibsxonaga joylashtirilgan. U bilan suhbatlashgan FSB xodimi Chupikning qochqinlik maqomi bekor qilingani va unga 2051 - yilgacha Rossiyaga kirish taqiqlanganini aytgan. Inson haqlari faoliga bu haqdagi rasmiy bildirgi topshirilgan.

Chupik "Qochqinlar to‘g‘risida"gi qonunning 9 -moddasi, 2-bandi ("qochqin maqomini olish uchun qasddan yolg‘on ma’lumot yoki soxta hujjatlar taqdim etish") asosida qochqinlik maqomidan mahrum qilingan.

Rossiyalik hamkasblari Chupikning ushlanishi migrantlar himoyachisidan inson huquqlari sohasidagi faoliyati uchun olinayotgan qasos ekanini aytishmoqda.

Ular Chupikni vatanida maxsus xizmatlar taqibi va ehtimoliy qiynoqlar kutayotganini xavotir bildirib, inson haqlari faolini uchinchi davlatga yuborish kerakligini aytishgan.

"Nima kutgandingiz?"

28 - sentabr kuni ertalab Ozodlik bilan qisqa telefon muloqotida Valentina Chupik o‘zini O‘zbekistonga deportatsiya qilish harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.


- Meni bugun soat 16:00da O‘zbekistonga yuborishlari mumkinligi to‘g‘risida gap-so‘z paydo bo‘ldi. Soat 17:35da bugun Qarshiga reys bor. Men so‘raganimda, menga “qaytishga sertifikat” tayyorlashga buyurtma berishmagan ekan. Ular meni qanday qilib jo‘natishar ekan, degan savol tug‘ilyapti? Meni kompyuterimni olgan odam bugun soat 16da uni olib kelib berishi kerak, chunki meni jo‘natib yuborishar ekan, deyildi. Shundan kelib chiqib, bugun jo‘natib yuborishlari mumkin, degan xulosa qildim.

Valentina Valentinovnaning Ozodlikka aytishicha, FSB zobitlaridan biri uning Rossiyadan chiqarib yuborilayotganini bevosita migrantlar huquqlari himoyachisi sifatidagi faoliyati bilan bog‘lagan.


- "Siz nima istardingiz! Siz Ichki ishlar vazirligi tizimidagi korrupsiya haqida juda ko‘p gapirdingiz, doimo muhojirlarni hibsga olishda politsiya xodimlari ustidan shikoyat qilardingiz. Ular ham doimo ustingizdan shikoyat qilishardi. Xo‘sh, biz qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?"


Shu yerda suhbat uzildi. Sheremetyevo aeroportidagi 3 kishilik kamerada qolayotgan 48 yashar Valentina Chupik elektr tokiga ulanish imkoni yo‘qligi sababli telefonini quvvatlantira olmayotganini bildirdi.


Ko‘p yillardan beri mehnat muhojirlari huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan Chupik Moskva viloyatida yolg‘iz qolgan 84 yoshli onasidan xavotirda ekanini ham aytdi.

Bir kun oldin u onasi bilan yashab kelgan uyga bir nechta politsiya xodimlari tashrif buyurgan.

- Onamga nima bo‘lishini bilmayman. U 84 yoshda, og‘ir osteoporoz, faqat qo‘ltayoqda harakatlana oladi, yuragi chatoq, buyragi yaxshi ishlamaydi. Bundan tashqari, men uydagi qarovsiz qolib ketgan mushuk va itlarimning holi nima kechishini ham bilmayman.

Ammo asli o‘zbekistonlik huquq faolining asosiy tashvishi - migrantlar va ularga nima bo‘lishi.


- Meni Rossiyadan chiqarib yuborishsa ham muhojirlarga yordam berishda davom etaman. Ammo mensiz ishxonamda juda yomon bo‘ladi - xodimlarim bir o‘zi ishni uddalay olmasligi, zo‘ravonlikka dosh berolmasligi mumkin. Muhojirlarim yordamsiz qolib ketadiku!

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Rossiya politsiyasi Valentina Chupik bilan hamkorlikda ishlayotgan "Tong Jahoni" tashkilotining Moskvadagi idorasini yopgan va boshqa xodimlarni ham so‘roqqa tutgan.

Valentina Valentinovnaning ushlab qolinishidan bir hafta oldin tashkilotning tojikistonlik muhojirlar bilan ishlovchi hamkori, yurist Karimjon Yorov o‘ziga qarshi ochilgan jinoyat ishi tufayli Yevropa davlatlaridan biriga chiqib ketishga majbur bo‘lgan edi.

Asli toshkentlik Valentina Chupik O‘zbekiston vatandoshligini saqlab qolgan. U 2006 - yilda Andijon qirg‘inidan keyin mamlakatni tark etgan va 2009 - yilda Rossiyada qochqinlik maqomini olgan.

O‘zbekistonlik ayol oxirgi yillarda xalqaro grantlar hisobiga mehnat muhojirlariga bepul huquqiy yordam berib kelgan. Bir necha yil oldin u yuridik fanlari bo‘yicha doktorlik darajasini ham olgan edi.

Chupik politsiya va Rossiyadagi boshqa davlat idoralari tomonidan haq-huquqlari kamsitilayotgan migrantlarga qonun doirasida qarshi turish tizimini ishlab chiqqan. 2020-21 - yillarda 70 mingga yaqin muhojirga huquqiy ko‘mak berganini aytgan Valentina Chupik hozirda o‘zi yordamga muhtoj.

O‘zbekiston rasmiylari Valentina Chupikning hibsga olinishi va O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi haqidagi xabarlarni sharhlaganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG