Линклар

Шошилинч хабар
13 январ 2026, Тошкент вақти: 18:10

Mirziyoyev G‘azoda begunoh bolalar qurbon bo‘layotganidan bahs etdi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-oktyabr kuni Rossiya mezbonligida o‘tgan “BRICS plus” sammitida so‘zlagan nutqida Yaqin Sharq, xususan, G‘azo sektori va Livandagi vaziyat yuzasidan xavotir izhor qildi.

Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi”, degan u.

Prezident matbuot xizmatining iqtibos keltirishicha, Mirziyoyev mintaqada o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanini qayd etgan. Shuningdek, Isroil–Falastin muammosining yagona yechimi “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini amalga tatbiq etish ekanini urg‘ulagan.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida Afg‘oniston muammosiga ham to‘xtalgan.

Bizning umumiy vazifamiz – ushbu mamlakatni yakkalash emas, balki Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatishdir”, degan u.

O‘zbekiston rahbari “insonlarga ulkan azob-uqubatlar, og‘ir iztirob va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortayotgan” pallada “geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli tarzda, konstruktiv muloqot yo‘li bilan global murosaga erishish” zaruratidan bahs etgan.

Mirziyoyev o‘tgan yil 31-oktyabr kuni G‘azo aholisini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 million dollar yordam ajratilishini ma’lum qilarkan, O‘zbekiston “Falastin xalqi bilan birdam ekani” va “mustaqil Falastin davlati barpo etilishini qo‘llab-quvvatlashi”ni ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG