O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-iyun kuni Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qilgan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qabul chog‘ida Mirziyoyev O‘zbekistonning tez fursatda JSTga a’zo bo‘lishi muhimligini urg‘ulagan.
Uchrashuvda mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi borasida ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar muhokama qilinib, tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan faol muzokaralar olib borilayotgani, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash shartlari muhokama qilina boshlangani va milliy qonunchilikni tashkilotning me’yor va qoidalariga muvofiqlashtirish ishlari davom etayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, uchrashuv davomida xalqaro savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspertlarning salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan va shundan kelib chiqqan holda, JST ko‘magi bilan O‘zbekistonda Savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazini tashkil etish taklif etilgan.
Qabul yakunida JST rahbari O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Avvalroq Ngozi Okonjo-Ivealaning Toshkentda boshqa qator rasmiylar, jumladan O‘zbekiston prezidentining yordamchisi va qizi Saida Mirziyoyeva bilan uchrashgani haqida xabar qilingan edi.