O‘zbekiston “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi xalqaro bitimni tasdiqladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni imzolagan qarorga asosan Transport vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun vakolatli organ etib belgilangan.
Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlari tomonidan xalqaro temiryo‘l qurishga doir bitim joriy yil 6-iyun kuni Pekin shahrida imzolangan.
“Mazkur temiryo‘l Xitoyni mintaqamiz bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanadi. Kelgusida ushbu yo‘l bizning mamlakatlarimizga istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini beradi”, degan edi prezident Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida.
Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadigan xalqaro temiryo‘lning yillik yuk tashish hajmi 15 million tonnagacha yetishi, tovarni yakuniy iste’molchiga yetkazish muddati 7 kunga qisqarishi kutilmoqda.
“Kun.uz” nashri yozishicha, qiymati 4,7 mlrd dollarni tashkil etuvchi xalqaro temiryo‘l qurilishi oktyabr oyida boshlanadi.