Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:13

Mirziyoyev sanksiyalar Markaziy Osiyo mintaqasiga salbiy ta’sir etayotganidan nolidi


Qozog‘iston poytaxtida o‘tgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi sammitidan lavha, Ostona, 2024-yil 17-sentyabri
Qozog‘iston poytaxtida o‘tgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi sammitidan lavha, Ostona, 2024-yil 17-sentyabri

Mojarolar va urushlar, umuman, global miqyosdagi beqarorlik va vaziyat qaysi tomonga o‘zgarishi noaniq bo‘lib qolayotgani, sanksiyalar siyosati, proteksionizmning kuchayishi va boshqa ko‘plab omillar Markaziy Osiyo mamlakatlariga haddan tashqari salbiy ta’sir ko‘rsatyapti, mintaqada milliy islohotlarni amalga oshirishda jiddiy sinovga aylanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-sentyabr kuni Ostonada o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi sammitida bildirgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida mojarolar-u sanksiyalarning mintaqadagi siyosat va iqtisodiyotga salbiy ta’siri aynan nimalarda aks etayotganiga to‘xtalgan emas.

Sammitdagi nutqida prezident Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklik o‘rnatilganini yuqori baholab, ustuvor yo‘nalishlarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishni taklif etgan. Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun “Markaziy Osiyo – Germaniya” tahlil markazlari forumini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etgan prezident Mirziyoyev O‘zbekiston tomoni forumning birinchi majlisini kelgusi yili Xivada o‘tkazishga tayyor ekanini qayd etgan.

O‘z nutqida O‘zbekiston prezidenti Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsiyaviy va texnologik sheriklikni kuchaytirish, Germaniyaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida o‘ta muhim xomashyo resurslari sohasida hamkorlik qilish zarurligini urg‘ulab, “yashil” energetika sohasidagi hamkorlik va iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashish ahamiyatiga to‘xtalgan.

Mirziyoyevga ko‘ra, Transport kommunikatsiyalari, shu jumladan, yerusti va havo tashuvlari yaxshi rivojlanmagani hamkorlikni chuqurlashtirishda eng katta to‘siq bo‘lmoqda.

Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish borasida Yevropa institutlarini jalb etishda Germaniyaning ko‘magiga umid qilamiz. Kelgusi yilda bunday yo‘nalishlar tranzit salohiyatini oshirish yo‘llarini topish bo‘yicha vazirlarning qo‘shma konferensiyasini o‘tkazishni taklif etamiz”, degan O‘zbekiston prezidenti Ostonadagi sammitda.

Markaziy Osiyoda xavfsizlik sohasidagi vaziyat Afg‘onistonda ro‘y berayotgan jarayonlar bilan uzviy bog‘liqligini ta’kidlagan Mirziyoyev O‘zbekiston Germaniya va Yevropadagi boshqa sheriklar bilan birgalikda bu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb etish, chegara yonida joylashgan Termiz shahridagi ta’lim markazida Afg‘onistonning tinch hayoti uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar, jumladan, xotin-qizlarni tayyorlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini qo‘shimcha qilgan.

Nutq yakunida prezident Mirziyoyev “O‘zbekiston Germaniyaning Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha salohiyati yanada to‘liqroq ro‘yobga chiqishidan manfaatdor”ligiga alohida e’tibor qaratgan.

O‘zbekiston prezidenti qozog‘istonlik hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev taklifiga binoan 17-sentyabr tongida “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitida ishtirok etish uchun Ostona shahriga jo‘nab ketgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi.

Mazkur sammitda Shavkat Mirziyoyev, mezbon prezident Qasim-Jomart Toqayev va GFR kansleri Olaf Sholsdan tashqari Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon hamda Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etgan.

XS
SM
MD
LG