Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2021, Тошкент вақти: 21:12

"Mullakratiya". Hokimiyatni qo‘lga olganidan bir oy o‘tib, Tolibon hanuz to‘laqonli hukumat tuza olmayapti


Tolibon voizi Zabihulla Mujohid 7 - sentabr kuni Kobuldagi matbuot anjumanida toliblar hukumati tuzilganini e’lon qilgan edi.

Tolibon jangarilari Kobulni egallab olib, Afg‘onistonni «Islomiy Amirlik» deb e’lon qilganiga bir oy to‘ldi.

Ammo yangi Tolibon tuzumi allaqachon qator siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy bo‘hronlarga duch kelmoqda. Ularni hal qilish Tolibonning isyonchi guruhdan funksional hukumatga o‘tish qobiliyati uchun sinov bo‘ladi.

Jangari guruh ushbu sinovdan o‘ta olmayotganini ko‘rsatuvchi isbot-dalil ko‘payib bormoqda.

Tokio universitetining mintaqa bo‘yicha mutaxassisi Masato Toriyaning so‘zlariga ko‘ra, Tolibon tuzgan hukumat umuman boshqaruv tajribasiga ega emasligi shusiz ham ayanchli ahvolda bo‘lgan iqtisodiy vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda, natijada Afg‘oniston bo‘ylab yashash sharoitlari yanada yomonlashmoqda.

Toriya Tolibon rahbariyatining raqib fraksiyalari o‘rtasida vujudga kelgan ichki tafovutlar tufayli Afg‘onistonda fuqarolar urushi davom etish xavfi yuqori ekanini aytdi.

«Afg‘onistonning yana fuqarolar urushiga duchor bo‘lishi ehtimolini inkor etib bo‘lmaydi», dedi u.

"Янги Ўзбекистон"-"Янги Толибон": Аёллари тан олмаган Толибонни илк Тошкент қутлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:37 0:00

Haqiqatan ham, mustaqil tahlilchilar ayni damda Tolibon mintaqaviy bo‘linmalarga bo‘linib ketishi ehtimoli har qachongidan ham yuqori ekanini aytishmoqda. Xususan, sharqda «Haqqoniy tarmog‘i», mamlakat g‘arbida esa qandahorlik Tolibon asoschilari mustaqil yo‘l tutishga qaror qilishi mumkin.

«Mamlakatni zabt etish har doim ham oson qadam. Afg‘onistonda guvoh bo‘lib turganimizdek, uni boshqarish eng qiyin masala», dedi tarixchi va pushtun qabilalari o‘rtasidagi raqobat bo‘yicha mutaxassis Uilyam Dalrimpl Ozodlik bilan suhbatda.

«Aynan mana shu bosqichda keskinliklar va yoriqlar oshkor bo‘ladi».

Tolibon ichida raqobat va ziddiyatlar davom etar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish Afg‘oniston «gumanitar halokat» yoqasida turgani va asosiy xizmatlar butunlay qulashi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Afg‘oniston markaziy bankining 9 milliard dollarlik tashqi zaxiralari muzlatib qo‘yilgan. Bu mulkning asosiy qismi AQShda saqlanadi.

Chet ellik donorlar Afg‘onistonga yordam berishni to‘xtatib qo‘ydi. Donor hamjamiyati yordam qayta yo‘lga qo‘yilishi Tolibon boshchiligidagi hukumatning xatti-harakatiga bog‘liqligi aytmoqda. Tolibon hokimiyatini hali biror davlat tan olgani yo‘q.

Natijada oddiy xalq giperinflyatsiya, qashshoqlik, naqd pul tanqisligi, valyuta qadrsizlanishi hamda o‘sib borayotgan ishsizlikdan aziyat chekmoqda.

Tolibon Kobulni qo‘lga olingandan keyin, mamlakatdan qochib ketgan markaziy bank xodimi Ajmal Ahmadiy Ozodlik bilan suhbatda ushbu iqtisodiy ko‘rsatkichlarning barchasi yanada «yomonlashishini» kutayotganini aytdi.

Ayni paytda, Tolibon harakatining Afg‘onistonni 1996 - yildan 2001 - yilgacha boshqargan Tolibon hukumatidan mo‘’tadilroq ekani haqidagi da’volariga qaramay, jangari guruh tez sur’atda ayollarning huquqlariga qaytadan cheklovlarni kiritdi.

Xususan, ayollarning ta’lim olishiga oid qat’iy qoidalar joriy qilindi va ularga ishlash qariyb butunlay man etildi.

Iqtisodiy mutaxassislarning fikricha, Tolibon Kobul va mamlakatning boshqa ko‘plab hududlarida yashovchi ayollarni ish joylarini tashlab, uyda qolishga majburlayotgani shusiz ham og‘ir ahvolda bo‘lgan iqtisodiyotga zarar yetkazmoqda.

Tolibonning raqiblarini afv etish va’dalari ham quruq so‘zga o‘xshayapti.

So‘nggi oylarda Human Rights Watch tashkiloti Tolibon nazorati ostiga o‘tgan bir necha shaharda inson huquqlari jiddiy buzilgan holatlarni hujjatlashtirdi.

Tolibon qurolli shaxslari, shuningdek, ularning hukmronligiga norozilik bildirishga jur’at etganlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan chora ko‘rdi. Namoyishchilar va ularning rahbarlari ko‘chalarda yoki uylarida otib o‘ldirilgani haqida xabarlar mavjud.

Human Rights Watch tashkilotiga ko‘ra, sobiq xavfsizlik xodimlari, qulatilgan hukumatning sobiq a’zolari va ularning qarindoshlari hamda tinch fuqarolar qatl etilmoqda.

Tolibon hokimiyatni qo‘lga olganidan keyin qulab tushgan hukumat institutlarini qayta tiklashga e’tibor qaratish o‘rniga, hatto eng oddiy xizmatlarni ham ko‘rsata olmayapti.

Tolibon rahbariyati o‘z hukmronligiga qarshilarga tinch namoyish o‘tkazishni taqiqladi. Shuningdek, jurnalistlarga norozilik namoyishlarini yoritish ham taqiqlandi.

Ushbu qoidani buzgani uchun hibsga olingan ba’zi jurnalistlar Tolibon rasmiylari qo‘lida qattiq kaltaklangani haqida xabarlar mavjud.

Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga cheklovlar joriy qilinar ekan, ko‘plab jurnalist ishini to‘xtatdi yoki mamlakatni tark etdi. Ommaviy axborot vositalari huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga ko‘ra, mustaqil jurnalistika Tolibon hukmronligi ostidagi Afg‘onistonda butunlay yo‘qolib ketish xavfi ostida.

Bundan tashqari, Afg‘onistonni odamlar ommaviy tarzda tark etmoqda. O‘tgan 20 yil mobaynida hukumatda yoki xorijiy tashkilotlarda ishlagani uchun Tolibon repressiyasiga yo‘liqishidan xavotir olgan o‘n minglab afg‘onistonlik allaqachon Kobuldan qochib ketgan.

Yana ko‘plab odam hali qochishga muvaffaq bo‘lgani yo‘q. Butun mamlakat bo‘ylab ayrimlar o‘z mol-mulkini yo‘l chetida sotishga urinmoqda.

Ba’zilar uchun asosiy masala omon qolish va o‘z oilasini boqish uchun yetarli pul topishdir. Boshqalar esa bor bisotini qo‘shni Eron va Pokistonga qochib o‘tish sarflamoqda.

«Ko‘pchilik borini sotmoqda», dedi Ozodlik bilan suhbatda Kobuldagi sotuvchilardan biri.

«Odamlar umidsiz. Na ish, na pul bor. Odamlarning boshqa iloji yo‘q».

Bu orada Tolibon rahbariyatida kelishmovchiliklar yuzaga kelgani haqidagi xabarlar o‘tgan oy mobaynida sodir bo‘lgan eng muhim o‘zgarishdir. Dohadagi siyosiy idorani boshqargan Tolibon asoschisi Mulla Abdulg‘ani Barodar Tolibon kabinetida bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlanganidan keyin, bir necha kunga omma nazaridan g‘oyib bo‘lgani bu mish-mishlarni kuchaytirdi.

Tolibondagi ayrim manbalariga ko‘ra, Barodar Kobuldagi prezident saroyida «Haqqoniy tarmog‘i» vakili Halil ur-Rahmon Haqqoniy bilan janjallashgan. Al-Rahmon Tolibonning qochqinlar vaziri etib tayinlangan edi.

Bu hisobotlar Tolibon yetakchilik kengashidagi qandahorliklar fraksiya hamda sharqda joylashgan hududlarni nazorat qiluvchi «Haqqoniy tarmog‘i» o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lganidan dalolat beradi.

Tolibon faqat harakatning eski a’zolaridan iborat hukumatni e’lon qildi. Darhaqiqat, tahlilchilar jangari guruh Afg‘onistonning turli etnik va diniy jamoalarini o‘zida jamlagan «inklyuziv hukumat» tuzish haqidagi va’dalari quruq so‘z ekanini bashorat qilgan edi.

Vazirlar mahkamasiga tayinlangan 33 shaxsning 30 nafari pushtundir. Ikki etnik tojik bir nafar etnik o‘zbek vazir bor. Ayollar, shia, hazara, baluj, turkman yoki musulmon bo‘lmagan ozchilik guruhlari vakillari yo‘q.

Qarorgohi Kobulda joylashgan «Afg‘oniston tahlil tarmog‘i» markazi mutaxassisi Ali Odiliy:

«Bu etnik jihatdan yaxlit, «mullakratik» hukumat», dedi.

Tolibon ag‘darilgan hukumati tarkibida bo‘lgan Ayollar ishlari bo‘limini tugatdi.

Kobul turg‘unlari Ozodlik bilan suhbatda ayni damda ko‘plab afg‘on ayollari iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli, xavfsizligi va kelajagi haqida pessimistik fikrda ekanini so‘zlab berdilar.

XS
SM
MD
LG