Линклар

Шошилинч хабар
25 феврал 2021, Тошкент вақти: 07:43

Navalniyni davolagan Omsk shifoxonasi vrachi to‘satdan vafot etdi


"Maksimishin Sergey Valentinovich to‘satdan vafot etdi", deyiladi Omsk shahridagi Tez tibbiy yordam shifoxonasi bayonotida

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy o‘tgan yozda zaharlangandan keyin uni davolagan shifokor Sergey Maksimishin vafot etdi. Bu haqda CNN telekanali payshanba kuni Maksimishin ishlagan shifoxona ma’muriyatiga tayanib xabar tarqatdi.

Shifoxona bayonotida Omsk shahridagi Tez tibbiy yordam shifoxonasi bosh vrachi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Maksimishin 56 yoshida «to‘satdan» vafot etgani aytiladi.

«Shuni qayg‘u bilan xabar qilamizki, 56-yoshida BSMP-1 bosh shifokorining anesteziologiya va reanimatsiya bo‘yicha o‘rinbosari, OmGMU kafedrasi assistenti, tibbiyot fanlari nomzodi Maksimishin Sergey Valentinovich to‘satdan vafot etdi», deyiladi shifoxona bayonotida.

Bayonotda o‘lim sababi ochiqlanmadi.

Navalniy zaharlanish asoratlari bilan o‘tgan yilning 20 - avgustida Omskdagi 1-sonli Tezkor tibbiy yordam kasalxonasiga yotqizilgandi – uning ahvoli Tomskdan Moskvaga parvoz qilayotgan uchoqning ichida yomonlashgan.

Navalniy Omskda davolanayotganida Maksimishin matbuotga biror marta bayonot bermadi. Kasalxona bosh vrachning anesteziologiya va reanimatsiya bo‘yicha o‘rinbosari sifatida u shifoconaning eng yuqori lavozimli xodimlaridan biri bo‘lgan.

22 - avgust kuni Navalniy Berlindagi «Sharite» klinikasiga ko‘chirildi. Muxolifatchi u yerda besh oy davomida sog‘lig‘ini tikladi.

Navalniy shu yil 17 - yanvar kuni Berlindan Moskvaga uchib kelishi bilan aeroportda qo‘lga olindi. Uning hibsga olinishini xorij davlatlari keskin qoraladi.

Dekabr oyida Britaniyada joylashgan Bellingcat tadqiqot guruhi Navalniy zaharlanishi ortida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) turgani aytilgan tekshiruvini e’lon qilgan edi.

Navalniy mintaqaviy shtablari tarmog‘ining rahbari Leonid Volkov Navalniyni davolash uchun Maksimishin mas’ul bo‘lganini tasdiqladi.

Volkov CNN agentligiga bergan intervyusida «Sergey Maksimishin Aleksey Navalniyni davolagan va uning davolanishiga, xususan, uni sun’iy koma holatiga tushirishga mas’ul bo‘lgan bo‘limning boshlig‘i edi» - deb aytdi.

«[Maximishim] Alekseyning ahvoli haqida hammadan yaxshi bilgan, shunday ekan, bu yerda jinoyat borligi ehtimoldan xoli emas», - deya qo‘shimcha qildi u.

«Ammo Rossiyaning sog‘liqni saqlash tizimi achinarli ahvolda va uning yoshidagi shifokorlar to‘satdan vafot etishi misli ko‘rilmagan holat emas. Uning o‘limi bo‘yicha tergov o‘tkazilishiga shubha qilaman», - deya so‘zini davom ettirdi Volkov.

Omsk viloyati sog‘liqni saqlash vaziri Aleksandr Muraxovskiy bayonot e’lon qilib, Maksimishin kasalxonada 28 yil ishlagani va minglab odam hayotini saqlab qolganini bildirdi.

«U odamlarni to‘liq hayotga qaytardi. Doktor Maksimishinni juda sog‘inamiz. U o‘ta erta ketdi va shu sababli uni yo‘qotganimiz yanada og‘ir botmoqda», deyiladi Muraxovskiy bayonotida.

XS
SM
MD
LG