Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:35

Nega diktatorlar terror hujumlariga muhtoj?


Aleksand Lukashenko ham Minsk metrosidagi portlashdan ko‘p o‘tmay voqea joyiga yetib keldi.
Aleksand Lukashenko ham Minsk metrosidagi portlashdan ko‘p o‘tmay voqea joyiga yetib keldi.
Minsk metrosidagi 11 aprel kungi portlash postsovyet hududidagi terror hujumlari o‘rtasidagi uyqashlikni ochiq ko‘rsatdi.

Lukashenko portlash bahona muxoliflarini qo‘rqitishga kirishdi

11 aprel kuni Minsk metrosida ro‘y bergan portlashdan sanoqli daqiqalar o‘tib Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko "bu portlashdan¸ mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikni buzishdan kim manfaatdor?"¸ degan savolni o‘rtaga tashladi.

Garchi portlash yuzasidan boshlangan tergov-tekshiruv jarayoni hali boshlang‘ich nuqtada bo‘lsa-da¸ ham G‘arb matbuoti¸ ham Belarus blogerlari va ko‘plab mustaqil kuzatuvchilar¸ Lukashenko qo‘ygan savolga "bu portlashlardan eng ko‘p Lukashenkoning o‘zi manfaatdor"¸ degan mazmunda javob berishmoqda.

“Belarus borgan sari iqtisodiy bo‘hron tubiga sho‘ng‘imoqda¸ Lukashenko mamlakatni qulashdan saqlab qolish uchun Rossiyadan 3 milliard dollar favqulodda qarz so‘rashga majbur bo‘ldi¸ aholining ertangi kunga qo‘rquvi kuchayib ketganidan banklar oldida turnaqator navbatlar ko‘paymoqda¸ odamlar qora kunga deb¸ buzilmaydigan oziq-ovqat zahiralari to‘plashga kirishgan. Bunday vaziyatda xalq orasida e‘tibori tezlikda tushib borayotgan Lukashenko xavfsizlik bo‘hronidan o‘z siyosiy maqsadlaridan foydalanadi¸ birinchi galda odamlar noroziligini bostirishga urinadi¸ muxolifatni yomonotliqqa chiqaradi”.

Bular shu kunlarda Belarus blogistonida qizg‘in muhokama etilayotgan asosiy taxminni qo‘llash uchun keltirilayotgan mantiqiy mulohazalardir.
Hozircha Belarus rasmiy idoralari metrodagi portlashga aloqadorlikda gumonlangan ikki shaxsning hibsga olinganini bildirsa-da¸ portlash kimning ishi¸ degan savolning rasmiy vyersiyasini jamoatchilikka e‘lon qilgani yo‘q.

13 aprel kuni matbuot anjumani o‘tkazgan Lukashenko¸ bu hujumni kim uyushtirganini bilishi mumkinligi bois muxolifat yetakchilarining ham so‘roq qilinishi haqida bayonot berdi.

KGBcha portlashlar...

Prezident Lukashenkoning 13 aprel kuni portlashlardan darhol o‘z siyosiy muxoliflarini diskreditatsiya qilish uchun foydalanishga kirishgani Minskdagi rasmiy tergov rivojining postsovyet hududlarida obdon siyqalashgan o‘zanga burilganidan berilgan ilk darakchidir¸ deydi postsovyet hududlaridagi jarayonlarni yaqindan kuzatib kelayotgan tarixchi olim va jurnalist Oleg Panfilov.

- Minskdagi portlashlardan so‘ng darhol esga keladigani bu 1999 yilgi Toshkent portlashlari¸ Dushanbeda¸ Moskvada va Tbilisida ro‘y bergan shunga uyqash portlash va suiqasdlardir. Bu terror xurujlarini siyosiy muxolifat¸ yoxud radikal diniy guruhlar uyushtirdi¸ degan rasmiy vyersiya hozirga qadar jamoatchilikni ishontira olgan emas.

Bu portlashlar bir-birga qiyoslansa¸ postsovyet hududlaridagi hukumatlarning diplomatik¸ geopolitik va ichki iqtisodiy-ijtimoiy siyosatdagi o‘z mag‘lubiyatini aynan terror hujumlari vositasida hal qilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Zotan KGB hammayoqni o‘z kuchli nazoratiga olgan mazkur mamlakatlarda bu kabi portlashlarni amalga oshira oladigan radikal kuchlar borligiga ishonish o‘ta qiyin¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Tbilisidagi Iliya univyersiteti professori¸ tarixchi Oleg Panfilov.

Toshkentda asosiy rasmiy guvoh guvohlikdan tondi

1999 yil fevralida Toshkentda¸ 1999 yil senyabrida Moskvada uyushtirilgan ketma-ket portlashlar ortidan bu terror xurujlarini O‘zbekiston va Rossiya maxsus xizmatlarining o‘zi uyushtirdi va ulardan hukmron rejim manfaat ko‘rdi¸ degan taxmin hali-hamon mubohasalar markazidan tushmay kelayotir.

O‘zbekiston rasmiylari 16 fevral kuni Toshkentning bir necha rayonida ketma-ket ro‘y bergan portlashlar uchun O‘zbekiston islomiy harakati yetakchi va faollari¸ shuningdek 1991 yilgi prezident saylovlarida Karimovning yagona raqibi bo‘lgan Muhammad Solihni ayblagan edi.

1999 yil 16 fevral kuni prezident Karimov portlash sodir bo‘lgan joydan turib aybdorlarning kimligini bilishini aytdi.
Ammo portlashlarda ayblanib qamoqqa tashlangan O‘zbekiston islomiy harakati liderlaridan biri Zayniddin Asqarov 2003 yil 26 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati hujrasida Ozodlik, BBC va Amerika ovozi muxbirlari bilan suhbat chog‘ida¸ Toshkent portlashlarini O‘zbekiston maxsus kuchlarining o‘zi uyushtirdi¸ degan da‘voni qilgan edi:

- «Vzriv» bada-badang portlashganidan besh minut o‘tar-o‘tmas, Islom Karimov, Rustam Inoyatov, Zokir Almatov maydonga yetib kelishayapti va xuddi oldingi tayyorlangan ssenariydan xabardor bo‘lganday, bu narsalarni diniy «religioznыy fanatik» lar qildi, kim qilganliginiyam bilamiz, biron muddatda hammasini tutamiz, degan xitob bilan chiqayapti, hech narsadan hech narsa yo‘q. Nimaga desa, bu narsani bildi oldindan. Boshqargan Islom Abdug‘aniyevich Karimov¸ Inoyatov¸ Almatovlar to‘xtatib qolmaganligi bilardi¸ mashina kelib to‘xtash ssenariysigacha bilardi bular¸ degan edi 2010 yilning noyabrida qamoqxonadan o‘ligi chiqqan Zayniddin Asqarov.

Moskva portlashlari Putinni prezident qildi...

Xuddi shunday¸ "FSB Rossiyani portlatmoqda" nomli kitob muallifi¸ sobiq FSB podpolkovnigi Aleksandr Litvinenko 1999 yil senyabridagi Moskva portlashlari ortida Putin va u boshqargan maxfiy xizmatlar turgani haqida gapira boshlagach¸ 2006 yilda Londonda sirli tarzda poloniy moddasidan zaharlanish oqibatida o‘ldirildi.

Litvinenko Londondagi kasalxonada jon taslim qildi
Bu portlashlardan eng ko‘p kim manfaat ko‘rgani esa¸ jamoatchilikka sir emas :
1999 yilning 9 avgust kuni Rossiya Bosh vaziri lavozimiga tayinlangan FSB direktori Vladimir Putin 30 senyabr kuni ikkinchi Chechen urushini boshladi. 31 dekabr kuni Putin prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 2000 yilning 7 may kuni esa Putin Rossiya prezidentligiga saylandi.

Bu voqealar o‘rtasida mantiqiy bog‘liqlikdan tashqari amaliy mushtaraklik ham bormi¸ yoki bu shunchaki tasodif¸ bu savolga hozircha fakt va dalillar vositasida aniq javob berish imkonsiz qolmoqda.

Maxfiy xizmatlar fitnasi haqidagi gaplar axmoqlik...mi?

11 aprel kuni Minskda¸ 1999 yilning 16 fevralida Toshkentda va 1999 yil senyabrida Moskvada uyushtirilgan falokatli portlashlar Belarus¸ O‘zbekiston va Rossiya maxsus xizmatlarining ishi¸ degan taxmin muxoliflari bu vyersiyani ana shunday baholaydi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) polkovnigi Vladimir Lutsenko ana shundaylardan biri.

- Fitna nazariyasi ishqibozlari Moskvadagi portlashlarni FSB ning o‘zi uyushtirdi¸ Putin hokimiyatga kelish uchun oddiy rossiyaliklarni o‘zi portlatib yubordi¸ degan gaplarni hamon gapirishadi. Bunaqa tuturiqsiz gaplarni avval ham eshitganmiz va bundan keyin ham eshitavyersak¸ hayron bo‘lmayman¸ deydi Rossiya xavfsizlik xizmati ofitseri Ozodlik bilan suhbatda.

Postsovyet hududlaridagi maxsus xizmatlar faoliyatini muntazam yoritib kelayotgan Agentura.ru tadqiqot markazi muharriri Andrey Soldatov Minsk¸ Toshkent va Moskva portlashlari KGB chilar ishi¸ degan keng tarqalgan taxminni isbotlashning amalda deyarli imkonsiz ekanini aytadi.

- Bunday vaziyatlarda haqiqatni oydinlashtirish juda qiyin. Maxsus xizmatlar ko‘p hollarda portlashlarni o‘zlari uyushtirmaydi¸ bu ishni ular qandaydir terror guruhlari ichiga o‘z agentlarini kiritib¸ ularni yo‘naltirish orqali qiladi yoxud terror rejasini oldindan bilgan holda¸ uni ataylab to‘xtatmaydi. Ammo kimning qachon kim orqali qanday portlatganini isbot qiluvchi dalillarni qo‘lga kiritishning iloji yo‘q. Ayniqsa¸ portlashlarga ular sodir etilgan mamlakat maxsus xizmatlarining o‘zi aloqador bo‘lsa¸ bu jinoyat izlari qoyilmaqom tarzda yopib tashlanadi. Men hozirga qadar postsovyet hududlarida maxsus xizmatlarning terror xurujlarini o‘zlari uyushtirganini tasdilovchi faktlarni ko‘rganim yo‘q¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Andrey Soldatov.

Terror - diktatura bolasi

Garchi hozircha postsovyet hududlaridagi rejimlarning vaqt-vaqti bilan o‘z xalqiga qarshi terror hujumlari uyushtirib kelayotganini faktlar bilan isbotlash qiyinligicha qolayotgan bo‘lsa-da¸ ular nusxa olgan SSSR boshqaruv usullariga oid tarixiy faktlar KGBdan o‘sib chiqqan O‘zbekiston¸ Rossiya yoki Belarus maxsus xizmatlarining nima maqsadda bunday jinoyatni amalga oshirishini oydinlashtiradi¸ deydi tarixchi professor Oleg Panfilov.

- Har qanday diktatura¸ tagi liqillab qolganda¸ o‘zini saqlab qolish uchun terror harakatlariga qo‘l uradi. Har bir terror xuruji ommani muayyan bir pozitsiyaga solishga qaratilgan. Shu ma‘noda¸ terror xurujlarining o‘zidan ko‘ra¸ ulardan so‘ng boshlanadigan targ‘ibot-tashviqot kampaniyasi muhimroqdir.

Toshkent yoki Moskva portlashlaridan so‘ng davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalarida qayta-qayta ko‘rsatilgan dasturlaru¸ yozilgan maqolalarni bir eslang-a! O‘shanda davlat propagandasi hadafi xalqni qattiqroq qo‘rquvga solishga qaratilgan edi¸ bugun ayni shu narsa endi Belarusda boshlandi. Kuchga tayanadigan totalitar tuzumlar mohiyati ham aynan ommani doimiy qo‘rquvda ushlab turishdir¸ deydi tarixchi professor va jurnalist Oleg Panfilov.
XS
SM
MD
LG