Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:22

Nukusda oyligini ololmagan aholi ko‘chani to‘sib qo‘ydi. Oyliklar nazorati Bosh prokuraturaga topshirildi (VIDEO)


Oylik va ishsiz qolgan nukusliklar 17 -dekabr kuni shahar markazidagi shohqo‘chani to‘sib¸ o‘z noroziligini bildirdi
Oylik va ishsiz qolgan nukusliklar 17 -dekabr kuni shahar markazidagi shohqo‘chani to‘sib¸ o‘z noroziligini bildirdi

17 - dekabr kuni bir guruh qoraqalpog‘istonliklar poytaxt Nukus shahrining markaziy ko‘chasini to‘sib qo‘ydi.

Oyliklarini ololmayotgan nukusliklar hokimiyatga o‘z e’tirozlarini shu tariqa izhor qilishdi.

Bosh prokuratura tomonidan 7 - dekabr kuni vazirlik va idoralar rahbarlariga yuborilgan rasmiy xatda mulkchilik shaklidan qat’i nazar dekabr oyi maoshini 20 - dekabrga qadar to‘lashni ta’minlash topshirilgan.

Ozodlikka nushasi yuborilgan rasmiy maktubda bu jarayonga oid hisobot Prezident Administratsiyasiga kiritilishi bildirilgan.

Bunday topshiriqqa qaramay¸ nafaqat Nukus¸ respublikaning boshqa viloyatlarida ham byudjet tashkilotlari xodimlari dekabr oyining maoshi 15 -yanvarda berilishi haqida ogohlantirilmoqda.

Nukusda norozilar ko‘cha to‘sdi

17 - dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Nukus markazidagi eng katta Do‘snazarov shohko‘chasining to‘sib qo‘yilgani aks etgan.

Нукусда ойлигини ололмаган аҳоли кўчани тўсиб қўйди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:00 0:00

Bu videolarda yozilgan izohda¸ “xalqning ishsizlik va oylik yo‘qligidan ko‘cha to‘sgani” aytiladi.

"5600 so‘m u yoqda tursin¸ bir tiyin ham ololmay yurganlar bor! Yaxshi yashayapmiz deganlar¸ ko‘ring buni!" deyiladi izohlardan birida.

Qoraqalpoq tilidagi makon.uz internet nashrining xabar berishicha¸ Nukus shahar hokimi¸ Qoraqapog‘iston Ichki ishlar vaziri va boshqa rahbarlar norozilikka chiqqanlar bilan uchrashib¸ ularning e’tirozlarini eshitgan.

Yo‘lni to‘sganlar¸ aytilishicha¸ pandemiya davrida Nukusdagi mavsumiy ishga jalb qilinib¸ oyligini ololmayotgan ishsiz fuqarolardir.

Mahalliy nashr xabarida yozilishicha¸ Qoraqalpog‘iston mutasaddilari norozilarning to‘lanmay kelingan oyligini plastik kartaga tushirib berish haqida buyruq bergan va “muammo hal etilgan”.

Yangi yil oldidan hammaga oyliklarni to‘lash buyurildi

Pandemiya davrida ishsizlikning yanada kuchayishi va aholi real daromadlarining pasayib ketishi kuzatilmoqda. ¸Xorijdagi o‘zbek migrantlarining ishsiz qolishi ortidan 2020 - yilning oxirgi kunlarida qashshoqlikka tortilgan o‘zbekistonliklar sonining keskin oshgani aytilmoqda.

Pandemiya arafasida keltirgan raqamlarida prezident Mirziyoyev¸ mamlakat aholisining 15 foizga yaqini kambag‘allikda yashayotganini aytgan edi.

Ayni paytda mamlakatdagi energetik kollaps millionlab o‘zbekistonliklarning turmushini yanada og‘irlashtirgan.

Hozircha gaz¸ svet¸ ish va oylik yo‘qligiga nisbatan alohida olingan norozilik chiqishlari mahalliy hokimiyatlar tomonidan zudlik bilan bostirilmoqda.

Bunday noroziliklarning kengayib¸ nazoratdan chiqish ehtimolini bartaraf qilish maqsadida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan oygi majlisda mulkchilik shaklidan qat’i nazar¸ o‘zbekistonliklarning hammasiga dekabr oyi maoshini Yangi yil oldidan to‘lab berish ta’minlanishini buyurgan.

Nusxasi Ozodlikka yuborilgan rasmiy hujjatda oyliklarning 20 - dekabrgacha berilishini ta’minlash ustidan Bosh prokuratura nazorati o‘rnatilgani aytiladi.

Mamlakatdagi barcha vazirlik va idoralar rahbarlariga yuborilgan Bosh prokuratura maktubida 18 - dekabrga qadar bu jarayonga oid hisobotni taqdim etish so‘ralgan.

Ayni paytda 17 - dekabr kuni Nukusda yuz bergan norozilik prezidentning yana bir topshirig‘i bajarilmayotganining tasdig‘idir.

Ozodlikka murojaat qilgan qator byudjet tashkilotlari xodimlari ham prezident topshirig‘iga qaramay¸ dekabr maoshini 15 - yanvardan oldin ololmasliklari haqida ogohlantirilganliklarini aytishdi.

Odamlarda Yangi yil dasturxoniga bozor-o‘char qilishga chog‘i yo‘q. Men kasb-hunar maktabida o‘qituvchiman. Bugun kassirimiz pul olishga Moliyaga borsa¸ toshingni ter¸ oylik yo‘q 15 - yanvargacha¸ deb haydab yuboribdi. Qo‘l uchida kun ko‘rayotgan biz kabi kambag‘allarga bayram yo‘q. Oladigan oyligimiz tomoqdan ortmay qolgan. Yangi yilga u-bu narsa olib¸ bolalarni sal xursand qilaylik¸ desak¸ oylik yo‘q. Biz ham Nukusdagilarga o‘xshab ko‘cha to‘sishga chiqaylikmi?”, - dedi 17 - dekabr kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanidan Ozodlikka bog‘langan o‘qituvchi.

Hali dekabr oyining avansini olganimiz yo‘q¸ oylik qayoqda deysiz? Hisobchining aytishicha¸prezident topshirig‘i Xalq ta’limi xodimlariga taalluqli emasmish. Hamma xizmatkorlik o‘qituvchining boshida¸ oylikka kelganda¸hammadan keyin - yanvarning o‘rtasida olarmishmiz”¸ deb yozdi qashqadaryolik boshqa bir o‘qituvchi.

Ozodlik gaplashgan moliya tizimi xodimi¸ prezident va Bosh prokuratura topshirig‘iga qaramay¸ “mulkchilik shaklidan qatiy nazar hamma tashkilot va korxona”ga to‘liq to‘lash uchun g‘aznada yetarli mablag‘ yo‘qligini bildirdi.

O‘zbekistonda byudjet xodimlari maoshlarining vaqtida va naqd pul ko‘rinishida berilmasligi muntazam tus olgan holat. Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan ilk oylarda aholi nafaqalari, xususan, pensionerlarning pullarini naqd ko‘rinishda berish yo‘lga qo‘yilgandi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, yana banklar va mahalla fuqarolar yig‘inlari oldida navbatlar kuzatila boshlandi.

O‘zbekiston hukumati boshqa ko‘pgina davlatlardan farqli pandemiya davrida aholiga naqd pul tarqatish haqidagi taklif va chaqiriqlarni rad etdi. O‘rniga prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan hukumatning 22 - apreldagi farmoyishi asosida «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) bo‘linmalari mavjud jamg‘arma nomidan pandemiya davrida muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish asosan, tadbirkorlar zimmasiga yuklandi. Ko‘rsatilgan yordam evaziga Mirziyoyev tadbirkorlarga soliq va boshqa imtiyozlar taqdim etilishini aytgan. Ammo hukumat hozirgacha bu borada to‘liq hisobotni, jumladan, qancha tadbirkorga imtiyoz berilgani haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG