Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:50

O‘MI: Kriptovalyutalar bilan muomala shar’an joiz emas


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Bitkoin, notkoin kabi kriptavalyutalarni (raqamli valyuta turi - tahr.) o‘zaro ayirboshlash va ular bilan savdo-sotiq qilish shar’an joiz emas. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ma’lum qildi.

O‘MI vakillari bu fatvoni “ushbu kriptovalyutalarda Islom shariati tomonidan pulga qo‘yilgan talablar topilmasligi” bilan izohlagan.

“Qolaversa, ularni biror davlat ishlab chiqarmagani yoki rasman tan olmagani, narxining keskin o‘zgaruvchanligi hamda unda qimor alomatlari borligi u bilan muomala qilish harom ekaniga asos bo‘ladi”, deyilgan Fatvo markazi javobida.

O‘MI vakillari qaydicha, ayni paytda faqat elektron ko‘rinishda mavjud bo‘lgan "raqamli pul”lar vaqt o‘tishi bilan shariatga muvofiq tovar va pulga qo‘yilgan shartlarga to‘liq javob bera olsa, shundagina ulardan foydalanishning hukmi ham o‘zgarishi mumkin.

“Demak, kriptovalyutalarning hukmi halol bo‘lmaguncha mo‘min musulmonlar bu pullar bilan savdo qilmay turishlari lozimdir”, deya xulosa qilgan O‘MI Fatvo markazi.

Xabarnomada kriptovalyutalar savdosi hozirga qadar Dunyo musulmon ularmolari birlashmasi, Saudiya Arabistoni kibor ulamolari hay’ati, Misr Arab Respublikasi “Dorul ifto” fatvo markazi, Iordaniya fatvo idorasi, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi fatvo markazi, Liviya fatvo uyi va Falastin fatvo markazi kabi nufuzli fatvo uyushmalar tomonidan harom deb topilgani qo‘shimcha qilingan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi fatvolari dunyoviy davlat hisoblangan O‘zbekistonda faqat Islom diniga e’tiqod qiluvchilar uchun tavsiya xarakteriga ega bo‘lib, ularga amal qilmaslik hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi 2021-yil 22-noyabridan boshlab O‘zbekiston rezidentlariga birjalarda kriptovalyuta sotib olishga ruxsat bergani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG