Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida 14 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ikki davlat prezidentlarining muzokaralari yakunida dastavval Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotga qo‘l qo‘yishgan.
Shundan so‘ng mezbon va mehmon prezidentlar huzurida Savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo dastur, Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Havo aloqasi to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Veterinariya va chorvachilik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma va boshqa hujjatlar imzolangan.
Uxnaagiyn Xurelsux Toshkentga rafiqasi Luvsandorj Bolorsetseg hamrohligida 23-iyun oqshomida uchib kelgan.
Uch kunlik tashrifga oid tadbirlar 24-iyun kuni ertalab Ko‘ksaroy qarorgohida Mo‘g‘uliston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bilan boshlangan.
Shundan so‘ng ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazilgan.
Muzokaralar chog‘ida, prezident matbuot xizmati qaydicha, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan, yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5-10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlangan.
Shu maqsadda hukumatlarga tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish, Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini o‘zaro yengillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirilgan.
Muzokaralarda geologik qidiruv, xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilishdan tashqari qishloq xo‘jaligi va turdosh tarmoqlarda kompleks hamkorlikni yo‘lga qo‘yish haqida so‘z borgan. Bu borada Qoraqalpog‘iston, Namangan va boshqa viloyatlarda yirik chorvachilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha aniq rejalar borligi qayd etilgan. Unda Mo‘g‘ulistondan go‘sht va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni import qilish, shuningdek, O‘zbekistondan tovuq go‘shti, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha takliflar tayyorlangani aytilgan. Shuningdek, "Halol" standartlariga muvofiq go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tashkil etish va mintaqadagi mamlakatlarga eksport qilish rejalari qo‘llab-quvvatlangan.
“Shuningdek, teri va junni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha loyihalar taklif etildi”, deyilgan xabarnomada.
Muzokaralarda biznes, transport, madaniy-gumanitar aloqalar, ta’lim, turizm, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va yoshlar sohalarida hamkorlik masalalariga ham to‘xtalingan.
Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi ortidan ikki prezident ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing berishgan, keyin esa shu kunning o‘zida Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishgan.
Mazkur tadbirda Mo‘g‘uliston tomonidan MCS Investment, Mongol Basalt, Tavan Bogd Group, Asia Pharma, Khanbogd Cashmere, Erdenezoo Trans, ICT Group, ORDGEO, LBH Technology, NCD Group, Mega Wood, Modern Nomads kabi yetakchi kompaniyalari rahbarlari, O‘zbekiston tomonidan esa Basalt Uzbekistan, BMB Holding, New Way Industries, Panaev Farms, Ezel Central Asia, Azia Metall Prof, “Jizzax Jun”, Procab va boshqa xususiy kompaniyalar vakillari ishtirok etishgan.
Biznes vakillari bilan uchrashuvdan so‘ng mehmon prezident mezbon prezident hamrohligida Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekkan.
Mo‘g‘uliston prezidenti O‘zbekistonga safari davomida Xiva shahriga tashrif buyurishi rejalangan.