BMT Bosh assambleyasi 18-sentyabr kuni Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin hududlaridan o‘z kuchlarini olib chiqish talab etilgan rezolyutsiyani qabul qildi.
BMT axborot xizmati xabariga ko‘ra, Falastin va boshqa o‘nlab davlatlar hamkorligida tayyorlangan rezolyutsiyani 124 davlat yoqladi, 43 davlat betaraf qoldi, 14 davlat esa qarshi ovoz berdi.
Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari qatorida O‘zbekiston ham rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan.
Argentina, Chexiya, Vengriya kabi davlatlar qatorida rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan AQSH tomoni mazkur hujjat “tinchlik o‘rnatishga xalal berishi”ni aytgan.
Buyuk Britaniya va Germaniya bu gal betaraflikni ma’qul ko‘rgan.
Muqaddimada mazkur rezolyutsiya Xalqaro sudning Isroilning ishg‘ol ostidagi Falastin hududlari, jumladan, Sharqiy Quddusdagi siyosati va harakatlari huquqiy oqibatlariga doir xulosasiga tayangan holda ishlab chiqilgani qayd etilgan.
Majburlov kuchiga ega bo‘lmagan hujjatda Isroilga bir yil ichida o‘z qo‘shinini Falastin hududidan olib chiqish talabi qo‘yilgan.
O‘zbekiston xalqaro maydonda Falastin manfaatlarini himoya qiluvchi davlatlardan safidan o‘rin olgan. Rasmiy Toshkent BMT Bosh assambleyasining 2023-yil oktyabr oyidagi G‘azo sektorida gumanitar sulh tuzish, 2023-yil dekabr oyidagi G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish chaqirig‘i aks etgan rezolyutsiyalarini ham dastaklagan edi.