O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 20-24-iyun kunlari kutilayotgan kuchli yog‘in-sochin sel-suv toshqini hodisalarining yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lumot tarqatdi.
“O‘zgidromet” qaydicha, sel hodisalari Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlari, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobod tumanlari, Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlari, Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlari, Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlari va Angren, Olmaliq shaharlari, Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlari, Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari va Xonobod shahrida kuzatilishi ehtimoli bor.
Meteorologlar tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholini hamda bu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan toshqin ehtimoliga qarshi ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish haqida ogohlantirishgan.
“Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin”, deyilgan “O‘zgidromet” xabarnomasida.
Agentlik 17-19-iyun kunlari ham sel-toshqin hodisalari kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
Avvalroq Ozodlik Namangan viloyatining Chust tumanida 17-iyun kuni yuzaga kelgan sel toshqini oqibatida 14 yashar qiz qurbon bo‘lgani haqida xabar qilgan edi. Sel qulatgan devor tagida qolgan 16 yashar yana bir qiz og‘ir ahvolda kasalxonaga yetkazilgan.