Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Hasanboy Do‘smatov Parijda o‘tkazilayotgan Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 51 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida bo‘lib o‘tgan final bahsida u fransiyalik Bilol Bennamani mag‘lubiyatga uchratdi.
Bu 31 yoshli Hasanboy Do‘smatov tomonidan Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan ikkinchi oltin medaldir. 2016 yili Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan Olimpiadada ham andijonlik Do‘smatov o‘z vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. Shu tariqa u ikki karra Olimpiya chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan o‘zbekistonlik ilk bokschiga aylandi.
Parijda o‘tkazilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida 8-avgust kuni Taekvondo bo‘yicha 68 kilogrammgacha vazn toifasidagi final musobaqasida o‘zbekistonlik Ulug‘bek Rashitov ham chempionlik unvoniga sazovor bo‘lgan. Bu gal iordaniyalik Zaid Karimni mag‘lub qilish orqali birinchilikni qo‘ldan bermagan Rashitov 2020-yili Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida ham oltin medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Kechagi g‘alabalar ortidan Parij Olimpiadasida ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida uchta oltin, ikkita bronza medali jamlandi, bu esa medallar soni bo‘yicha o‘zbek komandasining dunyoda 18-o‘ringa chiqishiga sabab bo‘ldi.