Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston medallar hisobida 206 ta davlat orasida 13-o‘rinni egallagani mahalliy matbuotda “tarixiy yutuq” deb baholanmoqda. Tahlillar esa Olimpiada medallari o‘zbekistonlik soliq to‘lovlarga ancha qimmatga tushgani, birgina medal uchun byudjetdan qariyb 4,14 million dollar sarflanganini ko‘rsatyapti.
“Gazeta.uz” nashri o‘rganishlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik uchun davlat byudjetidan 2022- yilda 135 milliard, 2023-yilda 216 milliard va 2024-yilda 250 milliard so‘m ajratgan. Demak, g‘aznadan sarflangan 3 yillik xarajat miqdori 601 milliard so‘mni (taxminan 50 million dollar) tashkil etadi.
O‘zbekiston Olimpiya sovrindorlarini saxovatpeshalik bilan siylaydigan mamlakatlar sirasiga kiradi. Prezident farmoniga muvofiq, oltin medal uchun – 200 ming, kumush medal uchun – 100 ming va bronza medal uchun 50 ming dollar pul mukofoti beriladi. Murabbiylarga esa mos ravishda 50 ming, 25 ming va 12,5 ming dollar ajratiladi.
Parijda O‘zbekiston jamoasi boks, dzyudo, erkin kurash, taekvondo va og‘ir atletika bo‘yicha 13 ta medalni (8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza) qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga byudjetdan jami 1,95 million dollar (oltin egalariga – 1,6 million, kumush sohiblariga – 200 ming va bronzachilarga – 150 ming) pul mukofoti berildi.
Hukumat bu gal Olimpiada sovrindorlariga qimmatbaho mashinalar ham tuhfa qildi: oltin egalariga – 1,04 milliard so‘m yoki 82,33 ming dollarlik Tahoe, kumush medal sohiblariga – 395,3 million so‘m yoki 31,3 ming dollarlik BYD Song Plus EV Champion, bronzachilarga – 387,2 mln so‘m yoki 30,67 ming dollarlik BYD Song Plus DM-i Champion avtomobillari. 13 dona avtomobil bahosi taxminan 10,27 milliard so‘m yoki 813,3 ming dollarni tashkil qiladi.
Sovrindorlarga ikki qavatli kottej va xonadonlar ham topshirildi, biroq ularning narxi noma’lum.
“Gazeta.uz” hisob-kitobiga ko‘ra, shu tariqa bitta medalni qo‘lga kiritish uchun O‘zbekiston byudjetidan o‘rtacha 3,89 million dollar, pul mukofotlari va avtomobillar ham qo‘shilsa, 4,14 million dollar ajratilgan.
Qo‘shni qancha sarfladi?
Maqolada Olimpiadaga hozirlik bo‘yicha yaqin-yiroq mamlakatlar xarajatlari solishtirilgan. Masalan, Parijdan 7 ta medal (1 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza) bilan qaytgan Qozog‘iston hukumati milliy terma jamoaning tayyorgarligi va ishtiroki uchun jami 980 million tenge (25,77 milliard so‘m) ajratgan. Bu O‘zbekistondan 23,3 barobar kam xarajatdir.
Pul mukofoti borasida Qozog‘iston O‘zbekistondan biroz oldinda: oltin medal uchun 250 ming, kumush uchun 150 ming, bronza uchun 75 ming dollar berilgan. Raqamlar sarhisob qilinsa, har bir medalni qo‘lga kiritish uchun Qozog‘iston byudjetidan 423,7 ming dollar (O‘zbekistondan deyarli 10 barobar kam) sarflangani ma’lum bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston yalpi ichki mahsuloti (259,7 milliad dollar) O‘zbekistondan 2,8 baravar, YIMning aholi jon boshiga taqsimoti esa 5,2 baravarga (2510 dollarga nisbatan 13 088 dollar) ko‘pdir.
"Nima bizga Amerika?"
Tahlillarga qaraganda, O‘zbekiston Olimpiya sovrindorlariga AQSH, Germaniya, Fransiya kabi “Katta yettilik” davlatlaridan ham ko‘proq mukofot beradi. Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Shvetsiya kabi davlatlarda esa sovrindorlarga pul mukofoti berilmaydi.
Olimpiadadan qaytgan o‘zbekistonlik sportchilar Toshkentda senat raisi va bosh vazir ishtirokida, katta tantana bilan qarshi olindi. AQSHda yashayotgan jurnalist va dasturchi Behzod Mamadiyevning yozishicha, Parijda medallar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan AQSH jamoasi o‘z vatanida dabdabasiz, el qatori kutib olingan.
“To‘s-to‘polon, karnay-surnay yo‘q. Ba’zi muxlislar qo‘llarida plakat bilan chiqqan, ayrimlar sportchilardan dastxat olishga urinmoqda. Bor-yo‘g‘i shu. Ularni avtobusga bosib, hokimiyatga yoki qandaydir tadbirga olib ketishmadi. Qo‘liga 200 ming dollar chek, ikki qavatli uy kaliti va qimmatbaho mashina ham berilgani yo‘q. Lekin oltin medal olganga 37500 dollar, kumushga 22500 dollar, bronzaga esa 15000 dollar va’da qilingani rost. Ammo AQSH hukumati bu sportchilarning Olimpiada va boshqa xalqaro sport musobaqalariga ketadigan xarajatlarini qoplamaydi. Barcha xarajatlar asosan xususiy homiylar va xayriya hisobiga qoplanadi”, deb yozdi Behzod Mamadiyev Telegramdagi “Vashington kundaligi” sahifasida.
Soliq to‘lovchi nima deydi?
Olimpiada ehtiroslari va eyforiyasi ancha bosilgan shu kunlarda o‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda sovrindorlarga bu qadar katta miqdorda mukofotlar berilishi qanchalik to‘g‘ri degan masalani faol muhokama qilmoqda.
Bir guruh foydalanuvchilar “mamlakat sharafini munosib himoya qilgan Olimpiada sovrindorlariga qancha mukofot berilsa kam” ekanini ta’kidlayotgan bo‘lsa, boshqalar “O‘zbekistonda 2024-yilning yetti oyida budjet defitsiti qariyb 3 milliard dollarni tashkil qilayotgan bir paytda ko‘rpaga qarab oyoq uzatish” ma’qulligini aytmoqda.
“Chempionlarini ulkan sovg‘alar bilan siylayotgan xalq shu sovg‘a qilinayotgan Tahoe'dan bittagina olish uchun sentyabrdan boshlab 10%ga oshirilayotgan minimal ish haqini 960 oy (80 yil) davomida yemay-ichmay, hech narsaga sarflamay yig‘ishi kerak ekan”, deb yozdi ekspert Komil Jalilov.
“200 ming dollar berilishi to‘g‘ri, qonun/qarorda ko‘rsatilgan edi. Lekin hashamatli uylar, Tahoe'lar ortiqcha! Chunki ularni berishning huquqiy asosi, qonuniy manbasi yo‘q. Bari xarajat shu xalqning rizqidan qiyiladi”, deya masalaning huquqiy jihatiga e’tibor qaratdi jurnalist Abror Zohidov.