Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:29

Oliy Majlis so‘z erkinligini cheklashi aytilgan qonun loyihasini qabul qildi


Prezident Mirziyoyev jurnalist va blogerlar bilan - Samarqand, 26 - avgust, 2019
Prezident Mirziyoyev jurnalist va blogerlar bilan - Samarqand, 26 - avgust, 2019

4 - mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun va hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ma’qulladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodekslariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, qonun loyihasi talabi bilan O‘zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonuni ham o‘zgaradi.

Ikki Kodeksda 5 ta o‘zgartirish...

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 244-moddasiga “hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka, ommaviy tartibsizlikka hamda fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilishga chaqirish” singari epizodlar qo‘shiladi, bu qilmish qonunbuzarlik sanaladi va mazkur qonunbuzarlik uchun jinoiy jazo choralari qo‘llaniladi.

Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs jarima tortilishi yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 201-moddasi esa fuqarolarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka yoki buzishga ommaviy da’vat qilganligiga oid huquqbuzarlik bilan to‘ldiriladi.

Agar shaxs bu qilmishni OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, internet, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da’vat qilgan bo‘lsa, javobgarlik yana-da kuchaytiriladi. Bu qilmish esa bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdoridagi jarimaga asos bo‘ladi.

Jonboz deputatlar

Kun.uz nashri jamoatchilik tomonidan salbiy qarshilangan loyihaning qabul qilinishi yuzasidan Qonunchilik palatasi deputatlarining favqulodda faolligiga e’tibor qaratdi.

Nashrning yozishicha, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov loyiha muhokamasi davrida ko‘plab jurnalist va blogerlar loyihani qo‘llab-quvvatlagani va takliflar berganini aytgan.

«Bu qonun loyihani tushunganlar ma’qullayapti, ammo tushunmaganlar so‘z, namoyish erkinligiga qarshilik deb tushunyapti. Ammo bunday emasligini bilamiz. Hammasi qonuniy. Bu kabi qonunchilik dunyoning ko‘pgina davlatlarida bor edi, bizda esa yo‘q. Bizda hatto nega O‘zbekistonda bunday qonunchilik yo‘q, degan savollar bo‘layotgandi», deb aytgan spiker muhokama jarayonida.

Qonun loyihasi tashabbuskori - Milliy Tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirov loyiha muhokamasida "kishilarda norozilik uyg‘otgan normalarning chiqarib tashlangani"ni iddao qiladi. Qonunchilik palatasi a’zosi, jurnalist Safar Ostonov esa, qonunning tarixiy qaror ekanini ta’kidlab, jurnalistlarni akt qabul qilinayotgani bilan qutladi.

Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga

O‘tgan hafta Senat qoshidagi Yoshlar Parlamenti vakillari Senat raisi Tanzila Norboyeva kuzatuvida o‘tgan majlisda loyihani keskin tanqid qilishgan hamda uning so‘z erkinligiga rahna solishini ta’kidlashgandi.

Oliy Majlis Senati raisi yoshlarning tanqidiga javoban so‘z erkinligini savol ostida qoldiruvchi aktning Parlament yuqori palatasidan o‘tmasligini ta’kidlagan.

Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarda qonun loyihasining prezident saylovlari kampaniyasi boshlanishidan oldin qabul qilinayotgani ehtiyot choralari sifatida talqin qilingan.

Jamoatchilik fikricha, qonun loyihasi, shubhasiz, so‘z erkinligina tahdiddir, ommaviy namoyishlar va mitinglarni jilovlashga qaratilgan qonun hujjatidir.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov jamoatchilik xavotirlarida jon borligini ta’kidlaydi:

“O‘zbekiston qonunchiligida jinoiy qilmish deb sanaladigan bir necha yuzlab normalar bor. Zukko deputatlarimiz ana shu jinoyatlardan aynan nega “ommaviy tartibsizlik va hokimiyat vakilining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik”ni tanlab olishdi?! Nega boshqa jinoyatlarga chaqiriq bo‘lsa, jinoiy javobgarlik yo‘g‘-u, ommaviy tartibsizlik va hokimiyatga bo‘ysunmaslikka chaqirish javobgarlikka asos bo‘ladi?

Masalaning nozik jihati shu yerda. Agar deputatlar barcha og‘ir turdagi jinoyatlarga chaqirganik uchun javobgarlik joriy qilish tarafdori bo‘lishganida ularni tushunsak bo‘lardi. Deputatlarimiz jurnalistlarni qonun hujjati bilan tabriklab, o‘zlarini kulgiga qo‘ymagani ma’qul”.

Deputat OAVni manipulatsiyada aybladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev so‘z erkinligiga rahna soluvchi qonun loyihasi qabul qilinishi fonida O‘zbekiston prezidenti kuyovi Otabek Umarov bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi va uning ortidan kelib chiqqan muhokamalarni Prezident shaxsini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakat, deb baholadi.

“...Afsuski so‘nggi kunlarda O‘zbekistonga doir ayrim tarqatilayotgan axborotlar maqsadi ham bizda havotirli savollar paydo qilmoqda.

Eng yomoni bu harakatlar aynan so‘z erkinligini ta’minlashda siyosiy irodasida qat’iy turgan muhtaram Prezident va ularning oila-a’zolari bilan bilvosita bog‘lashga urg‘u berilayotgani eng kamida ushbu mamlakat va xalqqa do‘st bo‘lmagan kishilarning urinishi ekanligini ko‘rsatmoqda. Maqsad – obro‘sizlantirish”, - deydi deputat prezidentning kuyovi Otabek Umarov bilan bog‘liq yo‘l transport hodisasi tevaragida bzaga kelgan axborotlarni nazarda tutib.

Taniqli deputat axborot tarqatishda chegara va makon tushunchasi yo‘qolib borayotgan bir vaqtda har qanday axborot ketidan ishonib ketaverish jamiyatni manipulyatsiya qilish ekanini iddao qiladi.

“Hurmatli Otabek Umarovning sog‘ligi masalasi ham afsuski so‘nggi vaqtlarda ko‘proq siyosiy qolipga ko‘chirilyapti? Ochig‘i tushunmayapman: bir kishining avtohalokatga uchrashi va davolanishi shunchalar g‘ayritabiiy xodisami?”, - deydi parlament vakili bu hodisaga jamoatchilikning qiziqishini bila turib.

XS
SM
MD
LG