Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:49

Oliy Majlis Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev hisobotidan qoniqmadi


O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev prezident Islom Karimov tashabbusi bilan Oliy Majlisga bergan ilk hisobotidayoq keskin tanqidga uchradi.
O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev prezident Islom Karimov tashabbusi bilan Oliy Majlisga bergan ilk hisobotidayoq keskin tanqidga uchradi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Bosh vazirning ilk hisobotidan to‘la qoniqmagani ifodalangan qo‘shma qarorni e‘lon qildi.

O‘zA agentligida chop etilgan qarorda, avvaliga, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev yetakchiligidagi hukumat 2011 yilning dastlabki olti oyi davomida demokratik bozor islohotlarini amalga oshirish yo‘lida erishgan muvaffaqiyatlar sanalgan.

Jumladan, bozor iqtisodiyoti islohotlari huquqiy bazasini yaratish yo‘lida katta ish qilingani aytilgan va “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsatnomalarni berish tartib-qoidasi to‘g‘risida”gi qoun loyihalari ishlab chiqilgani hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgani tilga olingan.

Shuningdek, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish yo‘lida olti oy ichida 22 mingdan ortiq kichik korxona va 331 mingdan ortiq ishchi o‘rni yaratilgani aytilgan.

Ammo, qo‘shma qarorning asosiy qismi O‘zbekiston hukumati yo‘l qo‘ygan kamchiliklar va bajarolmagan vazifalarini sanab o‘tishga ajratilgan.

“Bozor iqtisodiy islohotlari va mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘lida yanada ilgarilab borish bo‘yicha hukumat tomonidan olib borilayotgan ish hozircha mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida qo‘yilgan talablarga javob bermaydi, joriy yil uchun tasdiqlangan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi esa belgilangan muddatlardan jiddiy ravishda orqada qolib amalga oshirilmoqda”, deyiladi qo‘shma qaror matnida.

Ayniqsa, davlat va nazorat organlarining tadbirkorlik sub‘ektlari moliyaviy-xo‘jalik ishlariga noqonuniy ravishda aralashganiga oid holatlarga “toqat qilib bo‘lmasligi” tilga olingan.

Iqtisodni divyersifikatsiya qilishga oid vaziyat esa “o‘ta jiddiy e‘tibor” talab qilayotgani aytilgan va bu sohada Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, “O‘zeltexsanoat”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekenergo”, “O‘zkimyosanoat” kabi shirkatlarning faoliyati talab darajasidan ortda qolayotgani “tashvishga sabab bo‘layotgani” aytilgan.

Shu kabi yana ko‘plab xavotirli kamchiliklarni sanab o‘tgan Oliy Majlis o‘z qo‘shma qarorida Shavkat Mirziyoyev yetakchiligidagi hukumatning keyingi ishlariga oid qator tavsiyalarni kiritgan va bu tavsiyalarning aksariyatida O‘zbekiston ijroiya hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosi ustidan keskin nazorat o‘rnatish zarurati aytilgan.

Eslatamiz, shu yil 15 iyul kuni Bosh vazir mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlisning ikki palatasi a‘zolari ishtirokida o‘tgan qo‘shma yig‘ilishda hisobot berdi.

Bu O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan 2010 yil noyabr oyida kiritilgan tashabbusga muvofiq O‘zbekistonda Konstitutsiyaning 78-moddasiga qo‘shimchalar kiritilganidan so‘ng sodir bo‘ldi.

Mazkur o‘zgartishlarga muvofiq, O‘zbekiston parlamentining quyi va yuqori palatalariga mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy dolzarb masalalar bo‘yicha Bosh vazir hisobotini eshitish va uni muhokama qilish vakolati berilgan edi.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev parlamentdagi ilk hisoboti tinglangan kezdayoq parlament deputatlari tomonidan tanqid qilingani xabar qilingan edi.

Jumladan, Uzmetronom sayti deputatlardan biri bir qator konkret masalalar, jumladan, har yili 1 millionga yaqin odamning ish bilan ta‘minlanishi rasman aytilsada, aslida ishsizlik ko‘rsatkichining yuqori ekani; ilg‘or, deya rasmiy hisobotlarda nomi keltirilayotgan fermerlarning tekshiruv jarayonida aslida hayotda mavjud emasligi aniqlangani; viloyatlarda maktablarning kompyuterlashtirilgani haqidagi rasmiy ma‘lumotlar ham haqiqatdan yiroq ekanini tilga olgani haqida xabar qilgan edi.

15 iyul kuni O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis a‘zolari qatorida bosh vazir Shavkat Mirziyov hisobotini tinglagan senator Svyetlana Ortiqova esa Mirziyoyevning deputatlar tomonidan tanqid qilingani va o‘rtada munozara bo‘lganini aytar ekan, buni "Oliy Majlis a‘zolari Bosh vazir hisobotlariga tanqidiy yondoshishga hamda uni so‘roqqa tutishga tayyor"ligi bilan izohlagan edi.
XS
SM
MD
LG