Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:01

Olmaliq sobiq hokimi qotillik qurboni bo‘ldi


1 avgust kuni Olmaliq shahar sobiq xokimi Abdurashid Zokirov murdasi Bo‘stonliqdagi ko‘prik tagidan topildi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanlaridan biri hududidan Olmaliq shahrining sobiq xokimi, 42 yoshli Abdurashid Zokirovning yoqib yuborilgan jasadi suvdan topildi.

Bu ma‘lumotni Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ham tasdiqladi.

Toshkent viloyati huquq-tartibot idoralaridagi ishonchli manbaning ismi-sharifi oshkor bo‘lmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, qotillik joriy yilning 1 avgust kuni Bo‘stonliq tumani Qushqo‘rg‘on qishlog‘i hududida sodir etilgan.

- 1 avgust kuni bo‘lgan bu qotillik. Abdurashid Abdusattorovich Zokirovning jasadi 1 avgust kuni taxminan soat 12.40larda Bo‘stonliq tumani Qushqo‘rg‘on qishlog‘i hududidan o‘tgan Chorvoq-Toshkent yo‘lining 15-16-chaqirimida joylashgan katta ariq ko‘prigi tagidan topilgan. Uning jasadida juda ko‘plab qotillik alomatlari topilgan. Tergov jarayonida aniqlanishicha, u avval bo‘g‘ib o‘ldirilgan. Keyin oyoq-qo‘lini arqon bilan bog‘lab, ustiga benzin quyib yoqib yuborishgan. Yoqilgan murdani esa suvga tashlashgan, dedi Toshkent viloyati huquq-tartibot idoralaridagi ishonchli manba.

Abdurashid Zokirovning o‘limi yuzasidan ochilgan jinoiy ishni Toshkent viloyat prokuraturasi xodimlari o‘rganayapti. Ushbu idoradan qotillik motivlari borasida biror bir ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Uzmetronom.com sayti ma‘lumotiga ko‘ra, sobiq hokimning o‘limiga uning qimorga ishqibozligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, marhum shahar hokimi lavozimida ishlagan paytlaridayoq qimor o‘yinlariga ishqibozligi bilan tanilgan. U Rossiyaning Moskva va boshqa shaharlaridagi qimorxonalarga tez-tez borib turgan" deb yozadi Uzmetronom.com sayt.

Saytning o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, Abdurashid Zokirovning qimorga boy bergan pulni vaqtida qaytarmagani qotillikka sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Abdurashid Zokirov haydovchisining qotillikda gumonlanib hibsga olingani aytilmoqda.

Olmaliq shaxar hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Abdurashid Zokirov ikki yil avval shahar hokimi lavozimida ishlagan.

Asli Bo‘stonliq tumanidan bo‘lgan Abdurashid Zokirovning keyingi paytda qayerda ishlagani haqida hozircha aniq ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG