Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 22:58

Ombudsman organ xodimlari bosimi bo‘yicha o‘nlab murojaatni o‘rgandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Joriy yilning 10 oyi mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsman) huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan fuqarolarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani yuzasidan 158 ta shikoyat kelib tushgan.

Ombudsmanning matbuot xizmati qaydicha, bu shikoyatlarning 14 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilishi belgilangan.

Prokuratura olib borgan tergovga qadar tekshiruvlarda 52 ta murojaatdagi da’volar tasdiqlanmagan.

62 ta shikoyat yuzasidan esa tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llangan. 3 ta holatda xodimlarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ombudsman hisobotida mahbus va mahkumlarga ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganiga doir tafsilotlar ochiqlanmagan.

Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism va majburiy davolash muassasalari harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar deb ataladi.

Ozodlik avvalroq xalq orasida “Toshturma” nomi bilan tanilgan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasi kameralarida belgilangan me’yordan ortiq mahbus saqlanayotgani, mahbuslarning sog‘lig‘i borasida yetarlicha qayg‘urilmayotgani, tibbiy xizmat talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani kabi masalalarga mas’ullar e’tiborini qaratgandi.

Joriy yil iyun oyida Toshkent viloyati Bekobod shahri IIB binosiga olib borilgan 43 yoshli erkak vafot etgani ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Rasmiylarga ko‘ra, fuqaro ichki ishlar idorasiga kirish yo‘lagida sog‘lig‘i yomonlashgani oqibatida vafot etgan. Faollar esa erkakning o‘limiga IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani sabab bo‘lganini bildirishgan.

XS
SM
MD
LG