Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:08

O‘sh qirg‘ini - uyg‘onish uchun chalingan qo‘ng‘iroq


Qirg‘izistonda milliy asosdagi zo‘ravonliklarning yana qayta boshlanmasligiga kafolat yo‘q¸ deydi Nil Melvin.
Qirg‘izistonda milliy asosdagi zo‘ravonliklarning yana qayta boshlanmasligiga kafolat yo‘q¸ deydi Nil Melvin.
“Qirg‘izistonda zo‘ravonlik¸ xususan milliy asosdagi mojaroning qaytarilmasligiga hech qanday kafolat yo‘q”¸ deydi Xalqaro tinchlik bo‘yicha Stokholm tadqiqot instituti qoshidagi Qurolli mojarolar va mojarolarni hal qilish dasturi direktori Nil Melvin (Neil Melvin).

5 aprel kuni janob Melvin “Barqaror va ko‘pmillatli Qirg‘izistonni rag‘batlantirish: Zo‘ravonlik sabab va qoldiqlarini tugatish” deb nomlangan yangi hisobotni e‘lon qildi va unda ham Qirg‘iziston hukumati¸ ham barqaror Qirg‘iziston bo‘lishidan manfaatdor xalqaro o‘yinchilarga mamlakatning 2010 yilning iyun oyidagi kabi qonli mojaro girdobiga qaytmasligini ta‘minlash borasida tavsiyalar berdi.

Nil Melvin 2001-2005 yillarda YeXHT ning Milliy ozchilik masalalari bo‘yicha oliy komissarining maxsus maslahatchisi bo‘lib ishlagan va mintaqa¸ xususan Qirg‘izistondagi milliy ozchilik vaziyatini bevosita o‘rgangan.

"Shu bois¸ garchi 2010 yilning iyun oyida Qirg‘iziston janubida yuzaga chiqqan qonli mojarolar yuzasidan o‘nlab hisobotlar yozilgan bo‘lsa-da¸ men 20 yildan beri tadqiq etib kelayotganim Markaziy Osiyodagi bu mojaro¸ eng muhimi uning takrorlanmasligi uchun o‘z so‘zimni aytishni lozim deb bildim"¸ deydi hisobot muallifi Ozodlik bilan suhbatda.

- Men bu hisobotda Qirg‘izistonni o‘tgan yozda qurolli zo‘ravonliklar domiga tashlagan siyosiy jarayonlarni¸ milliy nizo deb aytilayotgan bu mojaro ortidagi kengroq va chuqurroq sabablarni o‘rganishni o‘zimga maqsad qilib qo‘ydim. Shu paytgacha e‘lon qilingan hisobotlarning aksariyati asosiy diqqatni alohida olingan hodisalar¸ xususan iyun oyidagi qirg‘in davomida ro‘y bergan voqealar¸ ularning bevosita boshlanish nuqtalariga berib keldi. Men esa o‘z hisobotimda O‘sh va Jaloloboddagi zo‘ravonliklar uchun zamin hozirlagan Qirg‘izistondagi keyingi 20 yillik etnik va milliy siyosatni tushunishga urindim¸ deydi Ozodlik bilan suhbat muqaddimasida Nil Melvin.

Bu kabi jiddiy tadqiqotga Nil Melvinning keyingi 20 yil davomida Markaziy Osiyo¸ xususan Qirg‘izistonga qilib kelgan muntazam safarlari¸ Qirg‘iziston siyosatidagi o‘yinchilardan yaxshi xabardorligi¸ mamlakatdagi etnik munosabatlar tadrijini kuzatib kelayotgani qo‘l keldi.

“Hisobotni hozirlash jarayonida men yana Qirg‘iziston¸ xususan mamlakat janubiga bir necha bor safar qildim¸ imkon qadar hamma tomon¸ tabiiyki¸ o‘zbek jamoasi vakillari bilan son-sanoqsiz suhbatlar o‘tkazdim”¸ deydi Nil Melvin.

-Tadqiqot davomida kelgan xulosam shu bo‘ldiki¸ o‘tgan yil iyun oyida Qirg‘iziston janubida o‘zbek va qirg‘iz jamoalari o‘rtasida milliy nizo yuzaga chiqdi deyish¸ vaziyatga to‘g‘ri va to‘liq baho bermaslik bo‘ladi. Mening fikrimcha¸ aslida Qirg‘izistondagi uzoq yillik siyosiy jarayonlar zo‘ravonlikka aylandi va O‘shda 10 iyun kuni boshlangan milliy mojaro uning kuchli tarkibiy qismlaridan biri bo‘ldi¸ xolos¸ deydi “Barqaror va ko‘pmillatli Qirg‘izistonni rag‘batlantirish: Zo‘ravonlik sabab va qoldiqlarini tugatish” deb nomlangan hisobot muallifi Nil Melvin.

- Qirg‘izistonda yuzaga chiqqan zo‘ravonliklar asl mohiyatiga ko‘ra qirg‘izlararo kurash edi. Zotan Qirg‘iziston siyosiy sahnasidagi asosiy o‘yinchilar qirg‘izlar edi¸ barcha partiya va harakatlar qirg‘izlarniki edi. Mustaqillikdan beri siyosat asosan qirg‘izlar ishi bo‘lib keldi va mamlakatdagi milliy ozchilik¸ xususan o‘zbeklar siyosiy jarayonlardan chetga qolib keldi. Ayniqsa¸ 1990 yili O‘sh va O‘zganda yuzaga chiqqan milliy nizodan so‘ng o‘zbeklar qirg‘izlar boshqarayotgan siyosiy jarayonlarga deyarli qo‘shilmay¸ siyosiy sahnada ko‘zga ko‘rinmay yurdi.

Ammo bu vaziyat 2010 yil bahoriga kelib o‘zgargandek bo‘ldi. Hokimiyat uchun qirg‘izlararo kurash maydoniga¸ 1990 yildan beri ilk bor¸ o‘zbeklar ham kirib keldi. O‘zbeklar tomonidan ko‘rsatilgan ozgina siyosiy faollik¸ mamlakatda davlat tizimlarini qo‘lga olish¸ belgilovchi amallar¸ davlat zahiralarini nazoratga olish uchun borayotgan qirg‘izlararo kurashni o‘zbeklarga qarshi zo‘ravonlik o‘zaniga burib yubordi. Shu bois men O‘sh va Jalolobod voqealarini milliy nizo emas¸ Qirg‘izistondagi siyosiy jarayonlarning zo‘ravonlikka ko‘chgan davomi¸ deb tushunaman¸ deydi 2010 yil Qirg‘iziston janubida yuzaga chiqqan zo‘ravonliklar mohiyatini tadqiq qilgan britaniyalik tahlilchi.

"O‘shdagi milliy mojaroga Qirg‘iziston siyosatchilarining milliy ozchilikka nisbatan risoladagiday siyosatining yo‘qligi¸ davlat tepasiga kelganlarning Qirg‘izistonni alohida milliy jamoalar¸ yoki ular tilida turli diasporalarga bo‘lingan emas¸ balki turli millat fuqarolarining bari uchun birdek vatanga aylantira olmaganliklari¸ buni istamaganlari sabab bo‘ldi.

Bugungi qirg‘iz siyosatchilari O‘sh va Jalolobod voqealaridan saboq chiqarib¸ o‘z fuqarolarini o‘zbek yoki qirg‘izga ajratmasdan¸ ularning barchasi uchun siyosiy-ijtimoiy¸ iqtisodiy-madaniy jarayonlarda qatnashish imkonini bermas ekan¸ Qirg‘izistondagi jarayonlarning yana bir bir qonli milliy to‘qnashuvga eltmasligiga kafolat yo‘q"¸ deydi britaniyalik tadqiqotchi¸ YeXHT ning Milliy ozchilik masalalari bo‘yicha Oliy komissarining sobiq maslahatchisi Nil Melvin Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG