Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:09

O‘shda gumanitar yordam unini sotayotganlar ushlandi


 Qirg‘izistonda un mahsulotlari tobora qimmatlab borayapti.
Qirg‘izistonda un mahsulotlari tobora qimmatlab borayapti.
Qirg‘izistonning O‘sh shahrida 2010 yilning iyun oyida sodir bo‘lgan qonli voqealarda jabr ko‘rganlarga tarqatishga mo‘ljallangan gumanitar yordamga kelgan 20 qop unni sotayotgan ikki kishi qo‘lga olindi.

O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqovning aytishicha, gumanitar yordamga mo‘ljallangan 20 qop unni sotmoqchi bo‘lganlikda gumonlanib qo‘lga olingan shaxslar O‘shdagi 3-kvartal qo‘mitasida istiqomat qilishadi.

Zamir Sidiqovga ko‘ra, gumanitar yordamlarni sotish holati bo‘yicha O‘shda birinchi marotaba jinoyat ishi qo‘g‘atildi:

- Xalqqa mo‘ljallangan un yoki boshqa oziq-ovqatlar bo‘yicha ariza kelib tushsa, so‘zsiz boshqarmamizning tegishli bo‘limlari ish olib boradi. Bungacha ham bunday voqealar bo‘lsa bo‘lgandir, lekin bizga hech kim murojaat qilgan emas. Ko‘p hollarda gumanitar yordamlarni xalqaro tashkilotlari o‘zlari odamlarga tarqatib bergani uchun ichki ishlar organlari yoki mahalliy hokimyat bu ishlarga aralasha olmaydi. Shu sababli bizga bunday ma‘lumotlar noma‘lum bo‘lib kelgan. Bu safar konkret ariza tushdi va o‘sha ariza asosida tekshiruv ishlari olib borilib, unni kayoqqa olib borib sotganini videoga olib, dalillar yetarli yig‘ilganidan keyingina gumonlanayotgan shaxslar qo‘lga olindi, - dedi Zamir Sidiqov.

Uning aytishicha, gumanitar yordamga mo‘ljallangan un 1000 qirg‘iz so‘midan (taqriban 21 AQSh dollari – tahr.) sotilgan. Ayni kunda O‘sh bozorlarida 1 qop un 29 dollardan sotiladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, sotishga mo‘ljallangan gumanitar yordam unlari O‘shda jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi AKTED xalqaro tashkilotiga tegishli bo‘lgan. Tashkilotining o‘z ismini aytishni istamagan xodimi gumanitar yordamlarni odamlarga tarqatish sistemasi borasida mana bularni aytadi:

- Bizda o‘zimizning kriteriylarimiz bor. O‘sha 11 kriteriyga to‘g‘ri kelganlarni mahalliy hokimiyat o‘zi tanlab, gumanitar yordam oluvchilarning ro‘yxatini bizga tuzib berishadi. “AKTED” o‘sha ro‘yxat asosida oziq-ovqatga so‘rov yuboradi va kelgan oziq-ovqatlarni ro‘yxat asosida odamlarga tarqatib beradi. Bizga gumanitar yordam oluvchilar ro‘yxati kelganidan keyin uning qandaydir foizini o‘zimiz monitoring qilib tekshiramiz. Agarda talablarimizga to‘g‘ri kelmagan odamlar bo‘lib qolsa, biz ularni ro‘yxatdan olib tashlaymiz. Biroq ro‘yxatni to‘la tekshirib chiqishga vaqtimiz yetmaydi, - dedi AKTED tashkilotining ismini aytishni istamagan xodimi Ozodlikning qirg‘iz sho‘‘basiga.

Iyun voqealari chog‘ida Qirg‘iziston muvaqqat hukumati mandati bilan janubga gumanitar yordamlar yetkazish guruhiga yetakchilik qilgan huquq himoyachisi To‘qtayim Umetaliyeva gumanitar yordamlar muxtojlarga yetib borishi uchun yordam tarqatish tartibini o‘zgartirish kerak, deb hisoblaydi.

- Har bir gumanitar yordam manzilli bo‘lishi kerak. Hozirgi sharoitda, ayniqsa, bizning mamlakatda korrupsiya kuchaygan paytda gumanitar yordamlarni kvartal boshchilari yoki boshqalar orqali tarqatish noto‘g‘ridir. Gumanitar yordamlar muhtoj odamlarga yetib borishi uchun muhtoj odamlarning har biriga hisob ochish kerak. O‘sha hisobdan yordamni muhtoj odamning o‘zigina olishi kerak, - dedi To‘qtayim Umetaliyeva.

Huquq ximoyachilariga ko‘ra, 2010 yilning iyun qirg‘inidan so‘ng O‘sh va Jalolobodga turli xalqaro tashkilotlardan tashqari Qirg‘izistonning boshqa viloyatlaridan ham gumanitar yordamlar jo‘natilgan va o‘sha paytlarda ham gumanitar yordamlar muhtojlarga yetib bormay, yarim yo‘lda sotilib ketgan hollari kuzatilgan.

Jalolobod viloyati gubernatori Bektur Asanovning aytishicha, viloyatda gumanitar yordamga kelgan unning sotilish holati kuzatilib, bu borada moliya politsiyasi hududiy bo‘limi jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

- Bu yerda viloyat davlat ma‘muriyati, tuman qishloq hukumatlari doirasida komissiyalar tuzilgan. Biroq ko‘pchilik gumanitar yordamlarni tashkilotlar o‘zlari olib kelib, omborlarni ijaraga olib, o‘zlari tarqatishadi. Gumanitar yordamlarning sotilishi bo‘yicha konkret arizalar bo‘lgan, bir-ikki holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Birlashgan Millatlar tashkiloti qoshidagi xalqaro tashkilot unini sotayotganlar qo‘lga olingan. Biroq qo‘lga olinganlar o‘sha tashkilotda ishlayotgan Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lib chiqdi. Hozirda tergov ketmoqda, - dedi Bektur Asanov.
XS
SM
MD
LG