Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:35

O‘shlik onaxon o‘z uyiga bora olmayapti


O‘shdagi aralash mahallalarda yashagan o‘zbeklarning ayrimlari bir yildan buyon o‘z uylariga yaqinlasha olmaydi.

Yoshi 60 ga borib qolgan o‘shlik onaxon o‘z ismini va aniq manzilini aytishga qo‘rqadi. Aya bir yildan buyon o‘z uyiga bora olmaydi.

- Hozirgacha har qayerda yashab yuribmiz. Uyimizga bora olmaymiz. Bir devor qo‘shnim “o‘ldiraman, uraman, hali kelishasan-ku” deyapti. Shunga baribir kuchimiz yetmaydi-da. Yana haligilarni chaqirib qo‘ysa, ular hozir ochiqda yurishibdi. Shuning uchun qo‘rqib uyimga bora olmayapmiz, - deydi aya.

Suhbatdoshimiz tilga olgan qo‘shnisi qirg‘iz millatiga mansub ayol. “Haligilar” so‘zi ostida esa aya o‘tgan yilning 15 iyun kuni uning uyiga kirgan qirg‘iz yigitlarini nazarda tutmoqda.

- Qo‘shnim tomonidagi devorlardan oshib tushishdi. Qo‘shnim ularni chaqirib kelgan ekan. Men hayron bo‘lib, kim chaqirganligini tushunmay qolgan edim, - deydi o‘shlik ayol.

Suhbatdoshimiz o‘zi, qizi va nevaralari tirik qolganini bostirib kirganlar uning uyidan Haj safariga atab to‘plagan pulini olganligi bilan bog‘laydi. Aya uyiga bir necha bor bostirib kirishganini, oxiri boshqa bir qirg‘iz qo‘shnisining yerto‘lasida bir necha soat jon saqlashganini ham esladi. Biroq, uning aytishicha, suhbatdoshimiz va uning yaqinlari bu uydan ketganlaridan keyin o‘zbeklar jonini saqlab qolgan qirg‘iz qo‘shnisi ham bosqinchilardan kaltak yegan ekan.

Suhbatdoshimiz o‘sha kunlari uning uyiga o‘t qo‘yilmaganini, buning esa o‘ziga xos sabablari borligini aytadi:

- Endi yoqisha olmaydi-da. Bir tarafimda, orqa tomonimda qirg‘izlar, o‘rislar - yoqisha olmaydi. Yaxshi ham shunday bo‘lgan ekan, - deydi onaxon.

Bugun esa suhbatdoshimiz nima qilarini bilmaydi.

- Nima qilishimga ham aqlim yetmay qoldi. Yordam bo‘lar deb, yanvargacha oziq-ovqat ham olmagan edim. Yanvardan keyin ikki marta oziq-ovqat oldim. Shu bilan tirikchilik qilib turibmiz. Har kim hadeb yordam beravyermaydi. 1500 so‘mlik nafaqam 2 ming so‘m bo‘lib qoldi. Shu bilan tirikchilik qilib turibmiz, - deydi o‘shlik aya.

Bir yildan buyon uyiga bora olmayotgan suhbatdoshimiz shu kungacha qarindoshlarinikida, tanish-bilishlarining uyida yashab yurgan ekan. Uning aytishicha, aralash mahalladagi uyini sotuvga qo‘ygani bilan xaridor chiqmayotir.
XS
SM
MD
LG