Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:36

O‘zbekistonda milliy antivirus dasturi tuzildi


Javohir Mambetov O‘zbekistonda birinchi marta ishlab chiqilgan antivirus dasturi muallifi.
Javohir Mambetov O‘zbekistonda birinchi marta ishlab chiqilgan antivirus dasturi muallifi.
18 yoshli Javohir tuzgan antivirus bir yil oldin paydo bo‘lgan, ammo mazkur dastur ommaga endi oshkor qilinmoqda.

Toshkentlik 18 yoshli Javohir Mambetov O‘zbekistonda shu paytga qadar kompyuter viruslariga qarshi dastur ishlab chiqilmaganini aytib, o‘zining ixtirosi yagona ekanligini iddao etmoqda:

- O‘zbekistonda nechta olim bo‘lsa, antivirus dasturini tuzish bitta olimning ham qo‘lidan kelmagan. Antivirus tuzish juda ham qiyin soha. Uning ko‘rinishi, "skrin"i oson, lekin uning ichidagi fayllari, ishlashi, kengaytmalari, qidirish metodlarini ishlab chiqish juda ham qiyin, -deydi yosh ixtirochi.

Javohir viruslarga qarshi dastur ustida to‘rt yil ishlaganini aytadi. 2010 yil aprelida u Uz Security deb nomlangan viruslarga qarshi dasturini tugatgan.

- U o‘zimizning o‘zbek tilida yaratilgan. Uz Security antivirusi massiv bo‘yicha qidirish metodi bilan viruslarni izlaydi. Ya‘ni bazadagi yuklamalarni, yozmalarni massivga yuklaydi va tekshirayotgan fayllar signaturasi olinib massivga yuklab, solishtirib chiqadi. Agar bir-biriga to‘g‘ri kelsa virus deya qabul qiladi. Xozircha Uz Securityda 150 mingdan ortiq keng tarqalgan viruslarga qarshi kurashadigan baza mavjud, - dedi dasturchi tilida tushuntirar ekan Javohir.

Javohir Mambetov o‘zining dasturi mashhur kompyuter viruslariga qarshi dasturlardan ustunligini aytadi:

- Birinchidan, u O‘zbekistonning eng birinchi milliy dasturi bo‘lganligi uning ustunligidir. Ikkinchi tomoni, uning bazasini to‘ldirish Kasperski dasturidan uch barobar tezroq amalga oshadi. Uchinchidan, u izlash filtri bo‘yicha tekshiradi, ya‘ni Kasperskidan 2-3 barobar tezroq tekshiradi, - deydi Javohir.

Mazkur dasturni mutaxassislar tekshirib ko‘rishgan. 2010 yil dekabrida “Kelajak ovozi” iste‘dodli yoshlar tanlovida ham Javohir viruslarga qarshi dasturi bilan g‘olib bo‘lgan ekan.

Javohir Uz Security viruslarga qarshi kompyuter dasturini O‘zbekiston ichida bepul tarqatishni rejalagan. Kelgusida mazkur dasturning ingliz va rus tilidagi ko‘rinishlari ishlab chiqiladi.

Javohir Yunusobod mashinasozlik kollejining 3-kurs talabasi. Kompyuter tarmoqlari va kompyuter sistemasini ta‘mirlash bo‘limida tahsil oladi. Kollejni tamomlab Javohir Toshkent aloqa institutiga o‘qishga kirmoqchi. Shu bilan birga o‘zining laboratoriyasini ochib, ish bilan iste‘dodli dasturchi yoshlarni ta‘minlamoqchi.

Yosh dasturchining ota-onasi fizika-matematika fanlari bo‘yicha oliygohda ta‘lim beradi.

- Sakkiz yoshimda uyimizda eski bo‘lsa ham, ekrani qora bo‘lsa ham kompyuter bo‘lar edi. Shunga qiziqib ishlaganman. Xozir ham har bitta xonada uyimizda kompyuter. Hayotimiz kompyuterga bog‘liq. Har kuni internetdaman, - deydi yosh dasturchi.
XS
SM
MD
LG