Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:57

OzodDayjest: “Hatto Uganda va Zimbabve bizdan oldinda” – taniqli fizik O‘zbekiston ilm-fanidagi jiddiy muammodan so‘z ochdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Navoiylik sudya plagiat maqolasini do‘q-po‘pisa bilan chop etishga urindi. Olim Bobomurod Ahmedov O‘zbekiston ilmiy hamjamiyati eskicha qarashlardan hali ham qutula olmaganini tanqid qildi. Bachadon bo‘yni saratoniga chalinganlarning 42 foizdan ortig‘i vafot etmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Sudya tahdid bilan gazetada chop ettirmoqchi bo‘lgan maqola o‘g‘irlangani ma’lum bo‘ldi

Navoiy viloyati Uchquduq tuman iqtisodiy sudi raisi Xurshid Tursunov “Uchquduq” gazetasi muharriri Rayhon Qodirovaga yuborgan maqolalarini chop etib, gazetadan bir nusxa jo‘natmasa, jarimaga tortishi haqida tahdidli xat jo‘natdi (www.kun.uz, 8 - fevral).

Ma’lum bo‘lishicha, sudya Uchquduq tuman hokimligi nashri sanalgan gazetaga ikki marta maqola yuborgan, ammo ular chop etilmagan. “Ishi yurishmagan” sud raisi joriy yil 4 - fevralida tahririyatga tahdidli noma jo‘natgan. Yozma javob yo‘llanmagani vajidan tahririyatga po‘pisa qilgan sudьya “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunni asos qilib ko‘rsatgan. Holbuki, mazkur qonun talabi davlat organlarining, shuningdek, ular tarkibiy bo‘linmalarining o‘zaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Eng asosiysi, sudya X. Tursunov o‘ziniki deya taqdim etgan “Korrupsiya – jamiyat taraqqiyoti kushandasi” sarlavhali maqolaning aksar qismi internetdagi manbalardan ko‘chirilgan.

Qayd etilishicha, bu o‘rinda sudya mualliflik huquqi, shuningdek, OAV erkinligi talablarini buzgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonlik olimlar xorijlik hamkasblariga qaraganda 10 baravar past ko‘rsatkich qayd etmoqda

Nazariy astrofizika sohasida jahondagi yetuk mutaxassislardan biri, fizika-matematika fanlari doktori Bobomurod Ahmedov O‘zbekiston ilmiy hamjamiyati eskicha qarash va yondashuvlardan hali ham qutula olmaganini jiddiy muammo, deb hisoblaydi (“Ishonch” gazetasi, 9 - fevral).

“Amerika Milliy ilmiy jamg‘armasi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili o‘zbek olimlari impakt faktori yuqori bo‘lgan jurnallarda 500 taga yaqin ilmiy maqola chop etgan (hatto Efiopiya, Shri-Lanka, Keniya, Nepal, Uganda va Zimbabve bizdan oldinda!) Aholi soniga nisbatan olganda bu salmoq, aslida, 40 mingtani tashkil qilishi kerak edi. Bundan chiqdi, dunyo fundamental fanidagi ulushimiz bor-yo‘g‘i 0,008 foizga teng”, degan B. Ahmedov.

Qayd etilishicha, mahalliy olimlarning ko‘rsatkichi chet ellik hamkasblariga solishtirganda juda ayanchli manzara yuzaga keladi.

“O‘zbekistondagi har bir olim xorijiy hamkasbiga qaraganda o‘rtacha 10 baravar yomon ishlayapti. Demak, ilm-fanimiz qoniqarsiz ahvolda! Vaholanki, ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi ilmiy xodimlari bugun 10-12 million so‘mgacha maosh olyapti. Ba’zilarining ish samaradorligi esa nolga teng”, degan taniqli fizik.

Olim oxirgi yillarda ilmiy muassasalarning texnologik modernizatsiyasi uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga byudjetdan 32 million dollar yo‘naltirilganini mamnuniyat ila qayd etgan.

B. Ahmedovga ko‘ra, O‘zbekiston ilm-faniga ilg‘or yo‘nalishlarini olib kirib, rivojlantirish, kuchli ilmiy maktablarni yaratishga xorijda o‘qib, malaka oshirib kelayotgan yosh ilmiy kadrlargina qodirdir.

Bobomurod Ahmedov – O‘zFA Astronomiya instituti Nazariy astrofizika laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Butunjahon fanlar akademiyasi hamda Islom dunyosi fanlar akademiyasi a’zosi, “Springer” hamda “Arabian Journal of Mathematics” ilmiy jurnallari muharriri, “O‘zbekiston fizika jurnali” bosh muharriri.

O‘zbekistonda har yili bachadon bo‘yni saratoniga chalinganlarning 42 foizdan ortig‘i vafot etadi

O‘zbekistonda har yili 1700-1800 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoniga chalinadi, ularning 42 foizdan ortig‘i vafot etadi (www.gazeta.uz, 10 - fevral). Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Botir Qurbonov ma’lum qildi.

O‘limlarning aksari tashxisni kech qo‘yish natijasida ro‘y beradi. Bachadon bo‘yni saratoni kasalligini keltirib chiqaruvchi sabablarning asosiysi (98-99 foizi) odam papilloma virusi (OPV) hisoblanadi.

Sanitariya-epidemiologik xizmat rahbari o‘rinbosarining aytishicha, odam papilloma virusi bu butun dunyoda juda keng tarqalgan infeksiyalardan biridir. Ushbu virusning 190 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ulardan kamida 13 xili saraton kasalligini chaqiradi.

B.Qurbonov mamlakatda bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va eng keng tarqalgan rak turi ekaniga e’tibor qaratgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta “Ezgu amal” jamoat fondi hamda bir guruh ota-onalar O‘zbekistonda gematologiya va onkologiya kasalliklari bilan xastalangan himoyasiz bolalar uchun yordam so‘rab prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi. Murojaatda immuntanqisligi yoki onkogematologiya kasalliklariga chalingan bolalarga hatto molekulyar-genetik tahlil o‘tkazib, tashxis qo‘ya oladigan mutaxassis va muassasa yo‘qligi, shuningdek, saratonga chalingan bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish ko‘rsatkichi juda past ekani bayon qilingan.

XS
SM
MD
LG