Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:49

OzodDayjest: Milliy gvardiya qo‘mondoni bola savdosini keltirib chiqarayotgan omillardan biriga to‘xtaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev bola asrab olishdagi uzun navbatni tanqid qildi. Qashqadaryoda 17 milliard so‘mga rekonstruksiya qilingan teatr binosining tom qismi ta’mirlanmay qolgani aytildi. Xivada tibbiyot xodimining malakasizligi vajidan bir bemor olamdan o‘tdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Milliy gvardiya qo‘mondoni: Yillab navbatda turgan fuqarolar bola sotib olishga majbur bo‘lmoqda

Oliy Majlis Senatining XX yalpi majlisida Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan bola sotib olishga majbur qilayotgan omil haqida gapirdi (www.gazeta.uz, 20 - oktabr).

O‘rganishlar davrida bolani farzandlikka olish istagida bo‘lgan ota-onalar juda ko‘pligi aniqlangan.

“Jumladan, respublikada faoliyat yuritayotgan 13 ta bolalar uylarida jami 504 nafar bola tarbiyalanayotgan bo‘lsa, ularni farzandlikka olish uchun hozirgi kunda navbatda 5792 nafar fuqaro turganini ko‘rishimiz mumkin”, degan R. Jo‘rayev.

U, shuningdek, bola asrab olishdagi muammolarga to‘xtaldi.

“Fuqarolarni yillar davomida farzandlikka oluvchilar ro‘yxatida navbatda turishlar, ular tomonidan qonuniy hujjatlar rasmiylashtirish jarayonini chetlab o‘tib, noqonuniy yo‘llar bilan bola sotib olish darajasiga olib bormoqda”, dedi u.

Ta’kidlanishicha, 2017-2021 - yillar mobaynida bola savdosi bo‘yicha 206 ta jinoiy holat aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 9 - avgustdagi qarori bilan mehribonlik uylari (16 ta, 1 541 nafar bola), bolalar shaharchalari (4 ta, 236 nafar bola), oilaviy bolalar uylari (5 ta, 46 nafar bola) va bolalar uylari (13 ta, 506 nafar bola) Milliy gvardiyaga biriktirilgan.

Avvalroq Senat raisi Tanzila Norboyeva ham farzand asrab olmoqchi bo‘lganlar o‘rtacha 18 yil navbat kutishiga to‘g‘ri kelayotganini tanqid qilib, bu boradagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga chaqirgandi.

Qashqadaryo: tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan teatr binosining tomi ta’mirlanmay qolgani oshkor bo‘ldi

Qashqadaryoda 17 milliard so‘mga rekonstruksiya qilingan viloyat musiqali drama teatri binosining tom qismi ta’mirlanmay qolgani ma’lum bo‘ldi (www.daryo.uz, 18 - oktabr).

Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Isoq To‘rayevga sentabr oyida viloyat hokimi boshchiligida tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan teatr binosining tomi teshikligi, katta mablag‘ sarflangan binoda kamchiliklar ko‘pligi borasida savol berilgan.

“Tomi teshik emas, ammo ta’mirlanmay qolgani rost. Shu bois yomg‘ir yog‘sa, tomidan suv o‘tadi. Ammo men ta’mir yakunlanishini so‘rab, vazirlikka xat bilan murojaat qildim”, degan I. To‘rayev.

Mas’ulning qo‘shimcha qilishicha, tom yopilishi ta’mirga ajratilgan mablag‘ hisobidan bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Biroq quruvchi ishni chala qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Salim Sayimov viloyat hokimi tanqidiga duchor bo‘lgani sabab ishdan olingani xabar berilgandi. “Boshqarma boshlig‘ini bir necha marotaba ogohlantirgandim, kamchiliklarini qayta-qayta eslatdim. Ammo xulosa qilmadi. 1990-yillarda Qarshi shahri madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan. Konsert dasturlari va ijodiy kechalar o‘tkazishda Qarshining, Qashqadaryoning o‘z tajribasi bor. Qani o‘sha mas’uliyat? Nega bor imkoniyatdan foydalana olmaymiz”, degan Zoir Mirzayev sobiq rahbarni lavozimdan bo‘shatar ekan.

Xorazmda tibbiyot xodimining malakasizligi tufayli bemor vafot etdi

Xorazm viloyati Xiva shahrida tibbiyot xodimining malakasizligidan bir inson bevaqt hayotdan ko‘m yumdi (“Huquq” gazetasi, 2021 - yil 37-son). Bu haqda Xiva shahar prokurorining yordamchisi Xurshid Qodirov ma’lum qilgan.

Ixtisoslashtirilgan xususiy klinikada fizioterapiya hamshirasi vazifasida ishlab kelayotgan X.M.ga tanishi N.A. ukol qilib qo‘yishni so‘rab murojaat qilgan. X.M. in’eksiya muolajalarini o‘tkazish o‘z vazifasiga kirmasligini bilaturib, ustiga ustak, sinama qilmay, “Seftriakson” dorisini bemor tanasiga yo‘llagan. Qayd etilishicha, hamshiraning “Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonun talabiga zid harakati natijasida aspiratsion asfiksiya kelib chiqqan. Inyeksiya qilish ko‘zda tutilmagani tufayli klinika bunday holatlarda birinchi yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan uskunalar bilan ta’minlanmagan edi. Shu tariqa bemor N.A. shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida vafot etgan.

Sud hukmiga ko‘ra, X.M. ikki yil muddatga hamshiralik lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilingan va 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Katta bog‘ mahallasidagi maktabda ishlovchi hamshiraning aybi bilan 7-sinfda tahsil olayotgan qizning oyog‘i falaji bo‘lib qolgani xabar qilingandi. Ushbu holatda ham hamshira ukol qilishda xatoga yo‘l qo‘ygan.

XS
SM
MD
LG