Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:45

OzodDayjest: O‘zbekistonlik yutuberlar mo‘may daromaddan mahrum bo‘ldi


Farg‘onadagi bog‘chalarga muzlatilgan arzon go‘sht tarqatilishi e’tirozlarga sabab bo‘ldi. YouTube o‘zbek tilidagi kanal mualliflarini moddiy rag‘batlantirishni to‘xtatdi. Nohaq qamalgan o‘zbekistonlik oradan 83 yil o‘tib oqlandi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Farg‘onadagi bog‘chalarga Ukrainaning muzlatilgan arzon go‘shti tarqatilayotgani e’tiroz uyg‘otmoqda

Farg‘onadagi maktabgacha ta’lim muassasalariga Ukrainadan keltirilgan muzlatilgan arzon go‘shtlar tarqatilishi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda (“Hurriyat” gazetasi, 19 - may).

“Beixtiyor savol tug‘iladi: qassobxonalarda bir kilo go‘shtning narxi 65 ming so‘m bo‘lganda, Ukrainadan 15 kun deganda keltirilayotgan, muzlatilgan, 44 ming so‘mlik go‘shtning sifati qanday ekan? Shu go‘shtdan o‘zlari ham iste’mol qiladimi? Nega bu go‘sht bozorlarga chiqmaydi? Chiqsa, birov oladimi? Yoki bolalarga shu 44 ming so‘mlik sifatsiz go‘sht ham bo‘laveradimi?” deya mutasaddilarni savolga tutgan gazeta.

Bog‘chalarni oziq-ovqat bilan ta’minlashda boshqa kamchiliklar ham mavjud.

“Bunday nohaqliklarga qachongacha chidash mumkin? “Vodil Mindonobod” MChJ keltirayotgan o‘simlik yog‘i, shakar, guruch kabi 13 turdagi mahsulotning har birida tarozidan urish, vaqtida yetkazib bermaslik holatlari ko‘p kuzatilardi. Noilojlikdan ba’zan xo‘jalik mudiri o‘z hisobidan mahsulotlarni bozordan olib kelgan hollar ham bo‘lgan. Go‘sht mahsulotlari bilan ham xuddi shunday vaziyat. To‘g‘ri, bu vaziyatda faqatgina ta’minotchi aybdor deb aytolmaymiz. Chunki ular bilan “kelishib ishlaydigan”, kamiga bolaning rizqini qo‘rqmay yeydigan MTT mudirlari, xo‘jalik mudirlarining ham hissasi bor: qars ikki qo‘ldan chiqadi”, degan Farg‘ona shahridagi 35-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Sobira Rahimova.

“Yutuberlar holiga voy” – YouTube O‘zbekistonga pul to‘lashni to‘xtatdi

YouTube shirkati o‘zbek tilidagi kanal mualliflarini moddiy rag‘batlantirishni to‘xtatdi (www.qalampir.uz, 17 - may).

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda blogerlik, shu jumladan, videoblogerlik (vloger) rivojlanib boryapti. Bu orqali daromad qilayotganlar ham oz emas. Ularning ba’zilari birgina YouTube orqali oyiga bir necha ming dollargacha foyda ko‘radi.

Ammo joriy yil aprel oyidan YouTube videoxostingida o‘z sahifasiga ega blogerlar daromadi keskin kamayib ketdi. Chunki YouTube ma’muriyati o‘zbek auditoriyasiga mo‘ljallangan kanal mualliflarini moddiy rag‘batlantirishni to‘xtatdi.

YouTube bu cheklov bo‘yicha rasmiy bayonot bergan emas. Qalampir.uz nashriga ko‘ra, blogerlarga moddiy rag‘batning to‘xtatilishiga YouTube’ning O‘zbekistonda rasman faoliyat yuritmasligi sabab bo‘lishi mumkin.

“YouTube cheklovining O‘zbekiston hukumati bilan aloqadorligini aniqlash uchun O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov bilan bog‘landik. U vaziyat yuzasidan ma’lumotga ega emasligini, shu sababdan bu bo‘yicha aniq izoh berolmasligini ma’lum qildi”, deb yozgan internet nashr.

Qayd etilishicha, YouTube rasman faoliyat yurituvchi davlatlarda unda sahifasini yurituvchi blogerlar qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Jumladan, YouTube Premium, homiylik modullari va YouTube.Music platformasidan foydalanish mumkin. Ammo O‘zbekistonda videoxostingning ushbu qo‘shimcha xizmatlari avval ham, hozir ham ishlamagan. Endilikda esa reklamadan daromad olish imkoni ham yo‘qoldi.

Eslatib o‘tamiz, YouTube 2016 - yilda O‘zbekistonni 6 oy muddatga bloklagandi. Ammo u vaqtlarda O‘zbekistonda YouTube blogerlik hozirgidek ommalashmagan edi.

Chor hukumatini maqtashda ayblanib qamalgan fuqaro oqlandi

Sovet hokimiyatiga qarshi targ‘ibot yuritishda ayblanib mahkamaga tortigan Hamdam Rustamov oradan 83 yil o‘tib oqlandi (“Huquq” gazetasi, 2021 - yil 13-son). Bu haqda O‘zbekiston bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i Baxtiyor Samukov ma’lum qilgan.

1882 - yilda Qurama rayonida tug‘ilgan va jamoa xo‘jaligida mehnat qilgan H. Rustamov 1932 - yilda xalq sudi hukmi bilan 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Uni ta’qib qilish shu bilan to‘xtamagan. Toshkent viloyati sudi maxsus hay’ati 1938 - yil 1 - oktabrda uni O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. H. Rustamov sovet hokimiyatiga qarshi tashviqot yuritish, chor hukumatini maqtashda ayblangan. O‘zSSR Oliy sudi sudlov hay’atining 1938 - yil 15 - noyabrdagi ajrimi bilan sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Qayd etilishicha, H. Rustamov dastlabki tergovda va sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmagan.

“Dastlabki tergov va sudda ish holatlari to‘la-to‘kis tekshirilmagan, aksincha, bir tomonlama o‘rganib chiqilgan… Bunday holatlarda sud chiqargan hukmni qonuniy va asosli deb bo‘lmaydi”, degan bosh prokuratura vakili Baxtiyor Samukov.

Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi hujjatlari prokuratura tomonidan qonun talablari asosida sinchkovlik bilan xolis o‘rganilgach, bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida protest kiritilgan. Hay’at ajrimiga ko‘ra, H. Rustamovga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyati sudi maxsus hay’atining 1938 - yil 1 - oktabrdagi hukmi hamda O‘zbekiston SSR Oliy sudi sudlov hay’atining 1938 - yil 15 - noyabrdagi ajrimi bekor qilingan. Shu tariqa nohaq qo‘yilgan ayblov olib tashlangan.

XS
SM
MD
LG