Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:22

OzodDayjest: Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari “Milliy tiklanish” liderini populizmda aybladi


O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov

Islom dinidagi mahrni milliy qonunchilikka kiritish taklif etildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirovni populistlik qilayotganlikda aybladi. O‘zbekistonlik sudya birovning maqolasini o‘ziniki deb e’lon qildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“Milliy tiklanish”dan parlamentga saylangan Akmal Saidov partiya rahbari Alisher Qodirovni populistlikda aybladi

“Toshkent yoshlar forumi – 2020” doirasida yoshlar migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi (www.daryo.uz, 21 - dekabr). Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov ham chiqish qildi.

Spiker o‘rinbosari pandemiya davrida migrantlarga yordam ko‘rsatishning muhimligi haqida gapirib, bir necha oy avval o‘zbekistonlik muhojirlarga chet davlatlarining o‘zida yordam ko‘rsatish bo‘yicha takliflarni tanqid qildi.

“Kimligini aytmay qo‘yaqolay. Bir necha oy avval o‘zbek migrantlariga chet davlatlarining o‘zida yordam ko‘rsatish bo‘yicha chaqiriqlar paydo bo‘ldi. Taklif berishda ham o‘ylash kerak. Xo‘sh, Rossiyada bir kunlik yashash xarajatlari qanchaga tushishini bilasizmi? Biz migrantlarga bunday paytda vatanga qaytish uchun yetarlicha sharoit qilib berishimiz lozim. Men deputatlardan ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xil populistik chaqiriqlardan yiroq bo‘lishlarini so‘rardim”, degan Akmal Saidov.

Eslatib o‘tamiz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov bir muddat avval chet eldan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarishni vaqtincha to‘xtatib, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish taklifini bildirgan edi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov A.Qodirov raislik qilayotgan “Milliy tiklanish” partiyasi a’zosi hisoblanadi.

2019 - yilgi parlament saylovning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan sessiyada O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov “Milliy tiklanish” rahbari A.Qodirov aynan populistligi sabab deputatlik saylovining ilk bosqichida mag‘lub bo‘lganini aytgan edi.

Huquqshunos: “Erkak ajrashadigan bo‘lsa, xotiniga uyni tashlab ketsin”

Toshkent shahridagi reabilitatsiya va moslashtirish markazi direktori, yuridik fanlari doktori Gulchehra Matkarimova islom dinidagi mahr tushunchasini mamlakat qonunchiligiga kiritishni taklif etdi (www.kun.uz, 21 - dekabr). Yuristning aytishicha, bugungi kunda oilani uy-joy bilan ta’minlash vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgan erkaklar ko‘payib ketmoqda, natijada ayollar va bolalar jabr ko‘rmoqda.

“Erkak ayolni 3-4 nafar bolasi bilan ko‘chaga haydab chiqarib qo‘yadi-da, yana boshqa ayolni olib kelib o‘zi nikoh o‘qib ham yashayveradi... Bu holat Ma’muriy va Jinoiy kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritishni taqozo qiladi” deydi G. Matkarimova.

Qayd etilishicha, Misrda erkaklar o‘zi va oilasi yashashi uchun aniq uy-joy topmaguncha uylanmaydi. Eronda ham mahr masalasida juda katta cheklov qo‘yilgan.

“Bizda ham diniy e’tiqodimiz nuqtai nazaridan 90 foizdan ortiq aholi musulmon bo‘lsa, nima uchun mahr bilan bog‘liq bo‘lgan senzni qo‘ya olmaymiz? Balki hech bo‘lmasa, eksperiment qilib ko‘rish kerakdir. Masalan, Toshkent shahri misolida. Ajrashadigan bo‘lsa, xotiniga uy-joyni tashlab ketish imkoni bo‘lsagina uylansin. Bo‘lmasa uylanmasin” degan huquqshunos ayol.

G.Matkarimova ayoliga zulm qilayotgan erkaklarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish kerakligini ham aytgan. Qayd etilishicha, mamlakat qonunchiligida agressorga nisbatan yumshoq va yengil jazo beriladi. Bunga misol sifatida Mirzo Ulug‘bek tumanida ayoliga gorshokdagi najasni yedirgan erkakka atigi 3 yil qamoq jazosi berilgani keltirilgan.

Sudyalarning qay biri o‘g‘ri? Adolat posbonlari plagiatorlik qilgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonlik sudya plagiatorlik qildi, ya’ni birovning maqolasini o‘zimniki deya e’lon qildi (www.xabar.uz, 20 - dekabr). Hozircha aynan qaysi sudya mualliflik huquqini buzgani va maqola o‘g‘irlagani aniq emas.

Gap shundaki, Xabar.uz saytida jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi sudyasi A. Kuramatov va JIB Xovos tuman sudi sudyasi A. Madaminov hammuallifligida “Ikki yilda besh marta sudlangan ayol” sarlavhali maqola chop etilgan.

Oradan bir kun o‘tmay, maqolaning misi chiqdi. Ushbu maqola bir oycha avval, 2020 - yil 20 - noyabr kuni Oliy sudning rasmiy nashri bo‘lmish “Kuch – adolatda” gazetasida bosilgan ekan. Eng qizig‘i, gazetada maqola muallifi sifatida JIB Zangiota tuman sudi sudьyasi A. Nurmatov ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, sarlavha va maqolada tilga olingan shaxslarning ismi-sharifi o‘zgartirilganini aytmasa, matn (nuqta, verguligacha) bir xil. Xabar.uz nashri sudyalar tomonidan bitta maqola muallifligiga “navbatda turib”, ko‘zbo‘yamachilik qilish holati uyat ekanini qayd etgan.

Mazkur holat bo‘yicha Oliy sud munosabat bildirganicha yo‘q. Mualliflik huquqini buzgan sudyaga qanday chora ko‘rilgani ham noma’lum qolmoqda.

XS
SM
MD
LG