Линклар

Шошилинч хабар
04 август 2021, Тошкент вақти: 07:29

OzodDayjest: Yuqori darajadagi korrupsionerlarni xalq ko‘z o‘ngida jazolash so‘raldi


Energetika vaziriga elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha va’dasi eslatildi. Yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad yuqori lavozimli korrupsionerlarni xalqning ko‘z o‘ngida jazolashni taklif qildi. Adliya vaziri Davletov va tadbirkor Nazarov “aytishib” qoldi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“Chiroq o‘chmaydi deb va’da bergandingiz-ku?!” – Energetika vaziri savolga tutildi

Yozning jazirama kunlarida mamlakat hududlarida, hatto poytaxt Toshkentda ham elektr energiyasi uzilishlarini ko‘paydi. Chiroq muammosi sabab ayrim hududlarda aholi avtomobil va poyezd yo‘lini to‘sib qo‘ygani ham qayd etildi. Shu munosabat bilan mahalliy matbuot Energetika vaziri Alisher Sultonovga prezident huzurida bergan va’dasini yodga soldi (www.xabar.uz, 8 - iyun).

Joriy yil 24 - mart kuni bo‘lib o‘tgan selektor majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev qish faslida elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotida yuzaga keladigan muammolar yuzasidan energetika vaziri Alisher Sultonovdan hisobot talab qilgan edi. Vazir esa joriy yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bo‘yicha muammo bo‘lmasligiga va’da bergan, nafaqat kuz-qish mavsumi, yilning har bir davriga e’tibor kuchli bo‘lishini ta’kidlagan edi.

“Elektrning o‘chishiga kim aybdorligini bilmayman. Negadir bizning elektr juda nozikta’b. Na issiqni, na sovuqni, na shamolni, na yomg‘irni xushlaydi. Alisher Sultonov va’da bergani hammaning yodida. Va’da ham chakana emas, naq prezidentimizning shaxsan o‘zlariga berilgan. Bilmadim, va’da berib bo‘lgach, ichlarida “hazillashdim” degandirlar-u, biz eshitmagandirmiz”, deb yozgan sayt.

Ta’kidlanishicha, hududlarda elektr bo‘lmasa, na chorvachilik, na dehqonchilik qilib bo‘ladi. Ichimlik suv tanqis joylarda esa elektrning qadri ikki karra bilinadi.

“Xalq orasida “echkining qasami” atamasi yuradi. Va’da berilsa-yu, bajarilmasa kimdan o‘pkalashniyam bilmaydi odam. Ehtimol, janob vazirimiz va’dani unutib qo‘ydilarmikan? Ammo ne bo‘lsa ham va’da bajarilmayapti. Qolgan faktorlar sabab emas, “bahona”ga o‘xshab ko‘rinaveradi”, deb yozgan Xabar.uz nashri.

Xurshid Do‘stmuhammad: Yuqori darajadagi korrupsionerlar xalq ko‘z o‘ngida jazolanishi kerak

Taniqli yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad o‘zbek jamiyatida chuqur ildiz otgan korruptsiyani yo‘qotish yo‘llari haqida gapirdi (www.kun.uz, 8 - iyun). Yozuvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonovning bu boradagi intervyusini ko‘rib, savollarga yetarli javob ololmaganini qayd etgan.

“Akmal Burhonov poraxo‘rlar javobgarlikka tortilyapti, dedi, lekin bundan jamoatchilik bexabar-ku. Yuqori darajadagi korrupsionerlar xalqning ko‘z o‘ngida jazolanishi kerak. Odamlar bilsin, jinoyatga jazo borligini. Agar shunday qilinsa, ko‘rasiz, albatta, o‘zgarish bo‘ladi. Albatta, bu ham yagona yechim emas, boshqa choralarini ham ko‘rish kerak. Masalan, diniy ulamolar yoshlarga diniy tarbiya beraylik, deyapti. To‘g‘ri. Chunki diniy tarbiya korrupsiyaga qarshi kurashdan tashqari, shuningdek, o‘zlikni tarbiyalash degani ham. Bu eng katta omil”, degan X.Do‘ctmuhammad.

Ijodkor, ayni choqda, hozirgi amaldorlar, xususan, hokimlar faoliyatiga ham baho bergan.

“Bizda hokimlik maktabi yo‘q. Hozir hokimlarni prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tayyorlashyapti. Lekin unda o‘qigan, hujjat olgan boshqa narsa. Hokim degani – 200 ming-300 ming odamga rahbarlik qiladigan kishi degani. U boshqacha o‘qitilishi kerak. Hokim degani shunday odamki, u endi ota bo‘ladi, donishmand, mutafakkir bo‘ladi. Ikki yil oldin Toshkent shahri Sebzor tumanida odamlarning uylari buzilishi bo‘yicha qancha to‘polonlar bo‘ldi. Bunda odamlar yashab turgan uylar buzildi. Xalqda norozilik uyg‘otishdi. Men kechagina shu joylardan o‘tdim va ko‘rdimki, bu joylar hali ham bo‘sh turibdi. Xo‘sh, nega shoshilasan? Mana yotibdi-ku tashlandiq maydon bo‘lib!” deya og‘riqli savollar qo‘ygan adib.

X.Do‘stmuhammad suhbat asnosida jamiyatga ma’naviy hokimlar kerakligini ta’kidlagan.

Murod Nazarovning fikriga adliya vaziri e’tiroz bildirdi

“Tashkent city” hududida qurilayotgan binolarning birontasi tegishli quyi idoralarning tasdig‘idan o‘tmagan. Bu haqda “Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov “Rost24” nashriga 7 - iyun kuni bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bu hudud (“Tashkent city” nazarda tutilmoqda – tahr.) – maxsus hudud, bu – parallel loyihalashtirish va parallel ishlarni olib borish ruxsati bilan tashkil qilingan joy. Faqat Nest One emas, balki bitgan Hilton mehmonxonasining hujjatlari ham hozir tayyorlanmoqda”, degan M.Nazarov.

9 - iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida adliya vaziri Ruslan Davletov M.Nazarovning fikriga munosabat bildirdi va uning qarashini rad etdi.

“Agar bu haqda biror bir tadbirkor sub’ektiv fikrini aytgan bo‘lsa, bu uning o‘z fikri. Maxsus hududlar “Iqtisodiy hududlar to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi, masalan, sanoat bilan bog‘liq erkin iqtisodiy zonalar. Boshqa kimningdir shaxsiy fikri rasmiy ahamiyatga ega emas. “Tashkent sity” hududida yer ajratish masalalari qonuniy hal etilgan. Qurilish obyektini qurishda lozim bo‘lgan hujjatlar turi juda ko‘p. Ular orasida qurilish boshlanmasdan tayyor bo‘ladigani ham, qurilish jarayoni bilan parallel tayyorlanadigan hujjatlar ham bor”, degan adliya vaziri.

“Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi direksiyasi ham Murod Nazarovning qurilish obyektlari hujjatlari tasdiqlanmagani haqidagi fikrini asossiz deya bayonot berdi.

XS
SM
MD
LG