Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:57

Ozodlik jurnalisti Alsu Kurmasheva 6,5 yilga qamaldi


Alsu Kurmasheva
Alsu Kurmasheva

Tatariston Oliy sudi Ozodlikning tatar-boshqird xizmati jurnalisti Alsu Kurmashevani olti yarim yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. Bu haqda Associated Press agentligi sud matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Kurmasheva sud tomonidan Rossiya armiyasi to‘g‘risida “feyk” tarqatganlikda aybdor deb topilgan. Jurnalistlar Alsu Kurmashevaga nisbatan sud hukmi 19-iyul kuni chiqarilganini urg‘ulashmoqda.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti Stiven Kapus hukmni “odil sudlov ustidan kulish” deb atab, “yagona adolatli chiqish yo‘li – bu Alsuni zudlik bilan qamoqxonadan ozod qilish” deya bildirgan.

AQSH fuqarosi bo‘lgan bu qadrli hamkasbimizning o‘z sevimli oilasi bilan qovushish vaqti allaqachon yetgan”, degan Kapus.

Alsu Kurmasheva 2023-yilning may oyi o‘rtasida oilaviy sharoiti tufayli tug‘ilgan shahri Qozonga borgan. 2-iyun kuni u Pragaga parvoz oldidan Qozon aeroportida qo‘lga olingan. Undan AQSH va Rossiya pasporti olib qo‘yilgan (Alsu ham Rossiya, ham Qo‘shma Shtatlar fuqarosi bo‘lgan).

Dastavval u ikkinchi fuqarolik haqida Rossiya rasmiy idoralarini xabardor qilmaganlikda ayblanib, 10 ming rubllik jarimaga tortilgan. Keyinroq Alsuga o‘zini “xorijiy agent” sifatida ro‘yxatga olishni so‘rab, Rossiya rasmiylariga murojaat qilmaganlikda ayblangan.

Oradan qariyb ikki oy o‘tgach, unga qarshi Rossiya armiyasi to‘g‘risida “feyk” tarqatganlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bunga Idel.Realii tahririyati tomonidan chop qilingan “Yo‘qolsin urush. Ukrainaga bostirib kirilishiga qarshi chiqqan 40 nafar rossiyalikning hikoyasi” (“Net voyne. 40 istoriy rossiyan, vistupayushix protiv vtorjeniya v Ukrainu”) kitobi asos o‘laroq ko‘rsatilgan.

Aprel oyi oxirlarida AQSH prezidenti Jo Bayden Vladimir Putinni Alsu Kurmasheva hamda Rossiyadagi tergov hibsxonasida tutib turilgan The Wall Street Journal nashri jurnalisti Evan Gershkovichni ozod qilishga chaqirgan. “Jurnalistikaning jinoyat emasligi mutlaqo aniq”, deya ta’kidlagan Bayden.

Shu yilning 25-aprelida Yevroparlament deputatlari Kurmasheva va Gershkovich doxil Rossiyada tutib turilgan siyosiy mahbuslarning barchasini “zudlik bilan va shartsiz ozod qilish”ga chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qullagan edi.

Alsuning qo‘lga olinishi avvalroq Kanada, Chexiya, Fransiya, Polsha va Shvetsiya

hukumatlari, shuningdek, YIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati oliy vakili, Yevropa parlamenti prezidenti, YXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili va BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari qoralab chiqishgan. Yevropa kengashining jurnalistika himoyasi va jurnalistlar xavfsizligiga ko‘maklashish platformasi Alsuni ozod qilish bo‘yicha o‘z chaqirig‘ini yoyinlagan.

Shu bilan birga, Amnesty International, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Freedom House, PЕN-Amerika, Chegara bilmas muxbirlar, Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi, Xalqaro matbuot instituti kabi xalqaro tashkilotlar ham Alsuning qo‘lga olinishini qoralab, uni zudlik bilan ozod qilishga chaqirishgan.

XS
SM
MD
LG