Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:40

Pavel Durovga Fransiyani tark etish taqiqlandi


Pavel Durov
Pavel Durov

Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada sud nazorati ostiga olindi. Unga mamlakat hududini tark etish taqiqlandi. Durov besh million yevro miqdorida garov puli to‘lashi hamda haftasiga ikki marta politsiyada qayddan o‘tishi lozim. Bu haqda Parij prokuraturasi bayonotida aytilgan.

Prokuratura bayonotida oltita qonunbuzarlik qayd etilgan bo‘lib, ular orasida huquq-tartibot idoralari talabnomasiga ko‘ra tekshiruv o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotni berishdan bosh tortganlik, kiberjinoyatlar, pul yuvish, avvaldan deklaratsiya qilmasdan kriptologik jihoz import qilganlik, bolalarning porno suratlarini tarqatishda ishtirok etganlik kabilar bor.

Hujjatda Fransiyadagi dastlabki tergov fevral oyidayoq boshlangani aytilgan. Tergov boshlanishiga sud so‘rovlariga qariyb butunlay javob bermaganlik sabab bo‘lgan.

Prokuratura Durovga nisbatan olib borilayotgan yana ikkita tergov haqida ham ma’lum qilgan. Ular bilan Fransiya jandarmeriyasining kiberbo‘linmasi va bojxonaning tovlamachilikka qarshi kurash boshqarmasi shug‘ullanmoqda.

Pavel Durov 25-avgustga o‘tar kechasi Ozarbayjondan xususiy uchoq bilan uchib kelgan paytda Le-Burje aeroportida qo‘lga olingan. 26-avgust kuni Parij prokuraturasi iyul oyida Telegram platformasi yordamida amalga oshirilgan muhtamal jinoyatlar bilan bog‘liq ravishda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lum qilgan edi. Durov ana shu ish tergovi doirasida qo‘lga olingan. U yerda 12 xil jinoyat haqida gap borgan.

The Wall Street Journal nashri 28-avgust kuni qator manbalardan olingan ma’lumotlarga tayangan holda 2021-yili Fransiya fuqaroligini olgan Durovning fransiyalik rasmiylar bilan munosabatiga oid tafsilotlarni yoyinlagan.

Materialda, xususan, 2018-yili Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tushlik chog‘ida Pavel Durovga Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan Telegram qarorgohini Parijga ko‘chirishni taklif etgani iddao qilingan. Aytilishicha, Durov bu taklifni rad etgan. Shunga qaramay, Fransiya rasmiylari 2021-yilda unga soddalashtirilgan tartibda fuqarolik berishgan. Durov qo‘lga olinganidan keyin Fransiya Tashqi ishlar vazirligi u tomonidan fuqarolik olinishidagi protseduraga nisbatan e’tirozlar paydo bo‘lgani haqida bildirgan.

O‘z navbatida, Financial Times nashri Yevrokomissiya Telegram messenjeriga nisbatan tergov boshlagani haqida xabar qilgan. Muassasa YIda messenjerning aslida qancha foydalanuvchisi borligini aniqlamoqda. Yevrokomissiya Telegram raqamli xizmatlar bozori to‘g‘risidagi qonunga muvofiq ravishda faoliyati keskinroq nazorat ostiga tushmasligi uchun YIdagi foydalanuvchi sonini kamaytirib ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, deya gumon qilmoqda, deyilgan nashr maqolasida.

YIda Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun joriy yil boshidan kuchga kirgan. Hujjat bilan oyiga 45 million auditoriyaga ega bo‘lggan juda yirik platformalar faoliyati ga cheklovlar kiritilgan.

Yil boshida Telegram Yevropa Ittifoqida uning 41 million foydalanuvchisi borligi haqida ma’lum qilgan. Messenjer rahbariyati keyinroq qonunchilikka muvofiq ravishda aniqroq ma’lumotlarni taqdim etishi lozim edi, biroq pirovardida Telegram'dan oyiga 45 milliondan ana kam foydalanuvchi aktiv ravishda foydalanayotgani haqida bildirgan, xolos.

XS
SM
MD
LG