Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 07:46

Pokiston Qirg‘izistondan yuzlab talabani olib chiqib ketmoqda


Pokiston tashqi ishlar vaziri Muhammad Is'hoq Dar
Pokiston tashqi ishlar vaziri Muhammad Is'hoq Dar

Pokiston Qirg‘izistonda o‘qiyotgan yana 540 nafar talabani vataniga olib chiqib ketadi. Bu haqda Pokiston tashqi ishlar vaziri Muhammad Is'hoq Dar 19-may kuni Lohurda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Dawn nashri xabariga ko‘ra, vazir uchta maxsus tijorat reysi tashkil etilganini qayd etgan.

Kecha 130 ga yaqin talaba tijorat reysi bilan Pokistonga qaytdi. Bugun esa yana uchta maxsus reys tashkil etildi. Natijada 540 talaba qaytishga muvaffaq bo‘ladi, qaytganlarning umumiy soni esa 670 kishini tashkil etadi”, degan Pokiston TIV rahbari.

Qirg‘iziston TIVning 19-maydagi ma’lumotiga ko‘ra, tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev pokistonlik hamkasbi Muhammad Is'hoq Dar bilan telefon muloqoti o‘tkazib, Bishkekdagi pokistonliklar bilan bog‘liq noxush hodisani muhokama qilgan.

Joriy yilning 17-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir necha kishi o‘zaro mushtlashgani aks etgan video tarqalgan. Mualliflar unda chet elliklar ishtirok etganini iddao qilishgan, ayrim foydalanuvchilar esa kaltaklanganlar Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgani haqida yozishgan. Bu video ortidan 18-mayga o‘tar kechasi Bishkekning sharqiy qismida odamlar yig‘ilgan. Qirg‘iziston IIV tunda yig‘ilgan odamlar soni 700 ga yetganini, ertalabga borib ular tarqab ketganini ma’lum qilgan.

Bishkek militsiyasi holat yuzasidan mamlakat Jinoyat kodeksining 278-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) va 330-moddasi (Irqiy, milliy, diniy yoki hududlararo nizo qo‘zg‘atish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani, xorijliklar yashab turgan yotoqxonaga bostirib kirib, zo‘ravonlik qilgan to‘rt nafar mahalliy turg‘un shaxsi aniqlanganini bildirgan. Ulardan ikki nafari, shuningdek, to‘rt nafar xorijlik qo‘lga olingan.

Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati 18-mayga o‘tar kechasi Bishkekda sodir bo‘lgan tartibsizliklar chog‘ida 29 kishi jabrlangani, ulardan 15 nafari kasalxonaga yetkazilganini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, tan jarohati olgan uch nafar chet ellik kasalxonada bo‘lib, ularning ahvoli barqaror.

2023-yil oxiriga oid rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda 80 mingdan ziyod xorijlik talaba o‘qiydi, bu mamlakatdagi barcha talabalarning 35 foizini tashkil etadi. Xorijlik talabalarning 61 foizi hindistonliklar, 32 foizi esa pokistonliklardir.

XS
SM
MD
LG