Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:30

Prezident farmoyishi: Fermerlar hisobidan kambag‘allikni qisqartirish


Prezident kambag‘allikni qisqartirish uchun aholiga yer ajratib berish haqida topshiriq bergan edi.
Prezident kambag‘allikni qisqartirish uchun aholiga yer ajratib berish haqida topshiriq bergan edi.

Andijon viloyat, Bo‘ston tumani hokimi Sanobar Nosirova fermerlarga har gektar bug‘doy hisobidan 300 ming so‘mdan naqd pulni hokimiyatga topshirishni va bu pul kam ta’minlangan oilalarga tarqatilishi haqida topshiriq berdi.

Bu xabarni Ozodlikka aytgan bo‘stonlik fermerlarning aytishicha, bundan tashqari hokim har bir fermer xo‘jaligiga yerining 10 foizini o‘z ixtiyori bilan zaxiraga topshirish haqida ariza yozish majburiyatini yuklab, bu yerlar kam ta’minlangan oilalarga bo‘lib berilishini aytgan.

Bunday qarorlarning huquqiy tasdig‘ini talab qilgan fermerlar hokimning “qora ro‘yxati”ga kirgizilmoqda.

Tuman hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Zokirjon Darmonov har bir fermerning 10 foiz yerini olib kambag‘allarga berish prezident topshirig‘i ekanligini ta’kidlar ekan, ayni paytda klasterning ixtiyoridagi yerlarga “tegmaslik” haqida buyruq bo‘lganini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘ndan ortiq fermer tuman va viloyat hokimi tomonidan tazyiq bo‘lishidan cho‘chib ismi sir qolishlarini iltimos qildi.

Fermerlarning aytishicha, tuman hokimi Sanobar Nosirova fermerlarning xo‘jalik ishlariga aralashishdan to‘xtamayapti va noqonuniy topshiriqlarni bajarishga majbur qilmoqda.

Bo‘stonlik fermerning aytishicha, fermerlarga ko‘zda tutilmagan soliqlar solish, tuman hokimining an’anaviy ish uslubiga aylangan:

“Hokim mart-aprel oyida har gektar yer hisobidan 50 ming so‘mdan chek yozdirib olgan edi. Uni bir amallab to‘plab bergan edik. Endi esa bug‘doydan bo‘shagan har gektar yer hisobiga 300 ming so‘mdan berasizlar, biz uni kam ta’minlangan oilalarga beramiz degan majburiyat qo‘ydi. Bu gapni majlisda ham aytgan va har bir fermer bilan uchrashganda ham alohida tayinlayapti. Masalan, mening 20 gektar bug‘doyim bor bo‘lsa, 6 million so‘m berishim kerak ekan. Biz massiv raislariga beramiz, u esa hokimga yetkazadi ekan. Bu kriminal yig‘im. Hayron qolganim hokim bundan qo‘rqmayapti. Tumanda 3-4 ming gektar bug‘doy bo‘lsa, undan yig‘ilgan pul qancha bo‘lib ketadi, hisoblab olaverasiz”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, kam ta’minlangan oilalarga deb yig‘ilayotgan pulning aslida hisoboti bo‘lmaydi:

“Bu aslida firibgarchilik. Hududlarda bug‘doydan yaxshi daromad ko‘rgan fermerlar imkoni boricha o‘zlari kam ta’minlangan oilalarga bug‘doy yoki pul shaklida moddiy yordam beryapti. Hamma bilib turibdi, bu pullar qayerga, kimning cho‘ntagiga ketishini. Qolaversa hokimning bunday talab qo‘yishi jinoyat. Hozir tumandagi yarim fermerdan pul yig‘ib olindi, yarmi esa qochib yuribdi. Juda qiziq holat. Nega hokim klasterning yeridan olib bermaydi. Yaqin 2000 gektar yer klasterda, rasvosi chiqib ajiriq bosib yotibdi. Hokim fermerga qayishadigan emas, balki klasterning ish boshqaruvchisiga o‘xshaydi”.

Fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, tuman hokimi fermer xo‘jaliklaridan yerining 10 foizini o‘z ixtiyori bilan tuman zaxirasiga topshirish haqida ariza yozishga majburlanmoqda.

“Tuman hokimi, prokurori, IIB boshlig‘i birgalikda massivlarga borib, “prezidentning topshirig‘i bor, aholiga, ishsizlarga 10 so‘tixdan bir gektargacha yerni berishing kerak” degan siyosatni olib borishyapti. Lekin buning tagida xom narsa bor. Xomligi shundaki, prezident topshiriq qilgani bilan uni qanday amalga oshirish mexanizmi, qonuniy-huquqiy tomonlari ishlab chiqilmagan. Bular esa fermerlardan majburiy ariza yozdirib olishyapti. Yerni davlat fermerga ijaraga bergan, agar davlat ehtiyoji uchun olishi kerak bo‘lsa uning o‘z yo‘l-yo‘riqlari bor. Lekin ular bu usulni qo‘llamayapti. Bir tomondan huquqiy savodsizlik ketyapti, ikkinchi tomondan fermerning haq-huquqlari kamsitilyapti”.

Bo‘ston tumani hokimi Sanobar Nosirovaning telefoni o‘chirilgani bois u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Tuman hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Zokirjon Darmonov fermerlardan bug‘doy gektari hisobiga 300 ming so‘mdan pul yig‘ilayotganidan xabari yo‘qligini aytar ekan, fermerlardan yerining 10 foizi davlat zaxirasiga topshirish haqida ariza yozib olish tadbiri olib borilayotganini tasdiqladi:

“Prezidentimiz bu yerni berasan, ishsizlarni kamaytiraylik, deyapti. Hozir beringlar deb aytyapmiz. Birovni majburlaganimiz yo‘q. Berish kerakda endi. Mening o‘zimning yerim yo‘qki, beray desam. Begonaga ber demayapmiz, o‘zingning qishlog‘ingdan, kam ta’minlangan oilalarga ber deyapmiz. Boshqa kimdan olamiz. Yer fermerda-da”.

Ozodlikning “nega klaster yeridan emasu, aynan fermer yeridan olyapsizlar” degan savoliga hokim o‘rinbosari:

“Klasterdan olma deyapti. Viloyatdan shunday topshiriq bo‘ldi. Chorvadan, sabzavotdan olinmasin, faqat paxta va g‘alladan olinsin, deyapti”, deb javob berdi.

O‘zbekistonda fermerlar yeri hisobidan kam ta’minlangan oilalarga yer ajratib berish amaliyoti o‘tgan yili prezident bayonotidan keyin amalga oshirila boshlangan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning iyun oyida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda kam ta’minlangan oilalarga yer haqida gapirgan edi:

“Tarixiy qarorlar qabul qilyapmiz. Yerni xalqqa bo‘lib beramiz. 10 yilga ijaraga beriladi, kam ta’minlagan, ishsiz yurgan odamlar olishadi. Bir necha marta hosil olishadi, hatto olgan g‘allasini ham o‘ziga qoldiramiz.

Endi vazifamiz faqat yer berish emas, o‘sha yerdan qanday daromad topishni o‘rgatishimiz kerak. Zamon o‘zgaryapti, biz zamondan orqada qolmasligimiz zarur. Yetishtirilgan mahsulotlar sotib olinadigan tizim yaratilishi kerak”.

O‘tgan yili prezident gaplari asosida respublika bo‘ylab fermerlar yeridan kam ta’minlangan oilalarga yer ajratib berish tadbiri boshlandi. Ammo fermer yoki tadbirkor ixtiyoridagi yerdan qanday ajratib berish qonuniy mexanizmi ishlab chiqilmadi. Oqibatda, esa bu yangi huquqiy muammolarni yuzaga keltirdi.

Олий Мажлис депутатати Расул Кушербавенинг Қишлоқ хўжалиги вазирлигига саволлари.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:38 0:00

Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati 26-iyul kuni Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha parlament eshituvida bu muammoni ko‘targan edi:

“Mana “temir daftarlar”, “yoshlar daftari” haqida gapirdingiz. Biz qo‘llab quvvatlaymiz, yaxshi bo‘lyapti, gap yo‘q. Lekin o‘sha “temir daftar”lar uchun ajratilayotgan yerlar kimning hisobidan ajratilyapti? Albatta fermer yoki tadbirkorga biriktirilgan yerdan ajratilyapti. U rozimi, yo‘qmi, bu hisobga olinayotgani yo‘q? Kelyapti, ajratib berasan, deb. U ajratilgan yerning solig‘ini kim to‘laydi, uning rejasini kim bajaradi? U bilan hech kimning ishi bo‘lmayapti. O‘tgan yili shu amaliyot qilindi. Mana bu yil ham bir qism qilindi, bir qism qilinmadi. Ko‘zbo‘yamachilik ham qop ketdi, fermerlar kimga dodini aytishni bilmadi. U bergan yerini olgan oilalar na solig‘ini to‘ladi, na boshqa qilmadi, fermerni o‘zining bo‘ynida qolib ketdi. Xo‘p, bu masalaning qonuniy-huquqiy asosi nima bo‘ladi? Bu mas’uliyatni kim bo‘yniga olishi kerak?”

XS
SM
MD
LG