Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:19

Prezident qaroridan keyingi uch o‘lim. Qiynoqlar yana "muntazam tus olmoqda"


Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida 25 - iyul kuni sodir bo‘lgan hodisa aks etgan video skrinshoti.
Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida 25 - iyul kuni sodir bo‘lgan hodisa aks etgan video skrinshoti.

Shu yilning 25 - iyul kuni Qashqadaryo viloyati Nishon tumani IIBning huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limiga olib kelingan fuqaro Nursoat Muhammadiyevning jasadi yaqinlariga topshirildi.

IIB organi uning viloyat narkologik dispanserida vafot etgani, marhumning yaqinlari esa uning urib o‘ldirilganini iddao qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda marhumning yaqinlari uning tanasida qiynoq izlari borligi, marhumni olib ketgan militsiya xodimlarining mastligi va o‘z yaqinlarining qiynab o‘ldirilganini iddao qilishmoqda.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Qarshi tumani prokuraturasi rasmiysi mazkur holat yuzasidan Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini aytdi.

Surishtiruv doirasida Qashqadaryo viloyati narkologiya dispanseri va Nishon tumani IIB xodimlarining xizmat faoliyatiga baho beriladi.

Denovda fuqaroning o‘ldirilgani tasdiqlandi

Shu yilning 29 - iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Surxondaryo viloyati Denov tumanida profilaktika inspektori va uning ikki yordamchisi fuqaroni urib o‘ldirganini tasdiqladi.

“Yo‘lda profilaktika inspektorining yordamchilari H.Xushmatovni bir necha bor urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda H.Xushmatov 11 - iyul kuni shifoxonada vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Denov tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 104 - va 206-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan,” — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha, 10 - iyul kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani Oqtom mahallasida yashagan Hasan Xushmatovni ichki ishlar xodimlari avtomashinaga o‘tkazib, tuman IIBga olib ketishgan.

Fuqaro so‘roqlar davomida qiynoqqa solinadi va olingan tan jarohatlari natijasida 11 - iyul kuni shifoxonada vafot etadi.

Taxiatoshdagi o‘lim

Shu yilning 29 - iyulida ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro Baxtiyar Dauletmuratovning Taxiatosh tumani IIB xodimlari tomonidan olib ketilib, bir muddatdan so‘ng uning jasadi qaytarilgani borasida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasiga ko‘ra, fuqaro profilaktika inspektori Salamat Baymuratov tomonidan olib ketilib, tuman IIBda tan jarohati yetkazilgani va uning vafot etgani munosabati bilan tergovoldi surishtiriuvlar boshlangan.

Ma’lum qilinishicha, IIB xodimlari xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi va marhum B.Dauletmuratovning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

«Tergovga qadar tekshiruv harakati shaxsan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori nazoratiga olingan. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi», deyiladi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi xabarida.

Prezident qaroridan so‘ng sodir bo‘lgan uch o‘lim

Shu yilning 26 - iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev "Qiynoq qurbonlarini qo‘llash xalqaro kuni”da qiynoqlarning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi yangi qarorni imzolagandi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda Ombudsman huzurida qiynoqlarni aniqlash bo‘yicha guruh tashkil etildi. Endilikda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.

BMT 1997 - yili 26 - iyunni “Qiynoq qurbonlarini qo‘llash xalqaro kuni” deya e’lon qilgan.

1984 - yili qabul qilingan “Qiynoqlarga qarshi konvensiya”ga qo‘ra, qiynoq qo‘llash har qanday sharoitda noqonuniy hisoblanadi.

O‘zbekiston ham ushbu konvensiyaga qo‘shilgan va o‘z aholisini qiynoq jinoyatlaridan himoya qilish majburiyatiga ega.

Shunga qaramay prezident qaroridan so‘ng Denov, Nishon va Taxiatoshda fuqarolarni qiynash bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etildi. Har uchala hodisa odam o‘limi bilan yakun topdi.

Prezidentning yangi qaroriga ko‘ra, uch oy muddatda qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi.

Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi.

Faollar qiynoqlar bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, vaziyat o‘ta tahlikali. Qiynoqlar muammosi tizim bilan bog‘liq va uning yaqin orada hal qilinishiga ishonch yo‘q.

“Qiynoqlar, afsuski, sistematik tus olmoqda. Holbuki, Prezident Shavkat Mirziyoyev BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashining so‘nggi majlisida bu muammoning to‘la barataraf etilishi bilan bog‘liq mujdalarni gapirgandi.

Bu o‘rinda yagona prezidentning tashabbuskorligi yetarli emas. Ichki ishlar tizimi, tergov-surishtiruv faoliyati bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarmas ekan, qiynoqlar davom etaveradi. So‘nggi uch holat haqiqatan ham muammoning maddalab borayotganini ko‘rsatmoqda” deydi A. Tashanov.

XS
SM
MD
LG