Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:00

"Putin uchun yaxshi, Rossiya uchun yomon". Ekspert Putin “intihosining ibtidosi” haqida


 Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan.

Norvegiyalik olim Iver Noymannga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirish qarori uning rejimi xotimasini anglatishi mumkin.

24-fevral kuni prezident Vladimir Putin Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlashga buyruq berishi ortidan Rossiya xalqaro maydonda yakkalanib qoldi. G‘arb Moskvani jazolash va uning o‘z harbiy mashinasini moliyalashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sanksiyalar joriy etdi. To‘g‘ri, Rossiya eksportining asosi bo‘lmish neft va gaz narxlari keskin ko‘tarilishi mamlakat joriy amaliyotlari hisobining profitsiti ortishiga imkon berdi, biroq iqtisodiyot chok-chokidan so‘kilmoqda, istiqbol esa anchayin tumanli ko‘rinadi.

Xalqaro moliya institutining so‘nggi bashoratlariga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti joriy yilda 15 va kelgusi yilda 3 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Ekspertlar fikricha, G‘arb sanksiyalari, shirkatlarning mahalliy bozorni tark etishi, qiymatli kadrlarning chetga oqishi, qolaversa, eksportning qulashi 15 yillik iqtisodiy yutuqlarni yo‘qqa chiqaradi.

Ayni vaziyat ba’zilar qatorida Norvegiyaning Fritof Nansen instituti direktori va Rossiya bo‘yicha ekspert Iver Noymanni Putin rejimining umri uzoqligiga shubha bilan qarashga majbur etmoqda.

Noymann mamlakatning Ukrainaga qurolli tajovuzdan so‘ng badtar tanglashgan iqtisodiy ahvoli Putin rejimi uchun “intihoning ibtidosi” bo‘lishi mumkinligini, lekin bu aynan qachon yuz berishini oldidan aytish mushkul ekanini urg‘ulaydi.

“Putin iqtidorga kelganiga 22 yil bo‘ldi, biroq iqtisodiyotda ko‘p narsa o‘zgargani yo‘q, agar umuman hech nima o‘zgarmagan bo‘lsa. Putindek tajribali markschi moddiy omillar birlamchi ekanligini tushunmayotgani menga g‘alati tuyuladi”, deydi “Rossiya hamda Yevropa g‘oyasi” (Russia And The Idea Of Europe) asari muallifi bo‘lmish Noymann Ozodlikning gruzin xizmati bilan suhbatda.

“Putinning mantig‘iga ko‘ra, “G‘arbning iqtisodiyoti kuchli, Rossiyada esa kuchli iroda bor, shu bois ham u ko‘zlagan maqsadiga erishadi”. Lekin bu qoida ishlamaydi. Shuning uchun ham men buni Putin rejimi intihosining ibtidosi deb bilaman”, deya mulohaza qiladi Noymann.

Ekspert nazdida Putin o‘tmishdagi Rossiya podsholari izidan borib “barcha rus yerlarini jamlash” xayoliga tushgan bo‘lsa ehtimol.

Putin 9-iyun kuni Pyotr I tavalludining 350 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda o‘zini u bilan qiyoslab, ikkovlariga ham rus yerlarini qaytarishdek tarixiy vazifani bajarish mas’uliyati tushganini pisanda qilgan edi.

“Pyotr I 21 yil Shvetsiya bilan urushdi. Shvetsiyadan falon-falon yerlarni tortib oldi, deyishadi... Yo‘q, u tortib olmagan, u aslida Rossiyaga tegishli yurtlarni qaytarib olgan”, degan edi Putin o‘shanda.

“Barcha keksa mustabidlar kabi Putin ham ismi tarix darsliklariga kirishidan umidvor. Rus podsholari qanday qilib tarix darsliklariga buyuk shaxs o‘laroq kirgan? Urushlarda g‘alaba qozonib va yangi hududlarni fath etib”, deydi Noymann.

Norveg olimi Putin “va uning rejimi Rossiyada uyushqoq liberal harakatni tag-tugi bilan quritish yo‘lida katta jonbozlik qilgan”i bois undan davr o‘tgach mamlakatda nima bo‘lishini bashorat qilish qiyinligini aytar ekan, qistirib o‘tadi: “Liberalizmning bitishi Putin rejimi uchun yaxshi, ammo Rossiya uchun yomon”.

O‘tgan yili ekstremistik tashkilot deb topilib, faoliyati man etilgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi, ayni chog‘da qamoqda o‘tirgan muxolifatchi Aleksey Navalniyni ekspert “Rossiyaga xos lider” deya ta’riflaydi.

“U, shak-shubhasiz, hokimiyat bilan kurashmoqda va o‘z nuqtai nazarini bildirmoqda. Fikrini bo‘yab-bejamasdan, boricha aytadi. Ayni ma’noda u o‘ta rus kishisidir. Navalniyga qoyil qolaman, ammo uning odobi va muomalasi menga ma’qul emas, u ziyoliga sira o‘xshamaydi. Biroq Navalniy o‘z qarashlari to‘g‘riligiga ishonadi. Va u yaxshi tashkilotchi”, deya tavsiflaydi Noymann.

Asablarni falajlovchi kimyoviy modda bilan zaharlanishi ortidan Germaniyada davolangan Navalniy 2021-yil yanvarda Moskvaga qaytgan kuniyoq hibsga olingan edi.

Shundan so‘ng u chet elda davolanishga jo‘nab ketish bilan “Iv Roshe” ishi bo‘yicha belgilangan shartli qamoq jazosi talablarini buzgani uchun ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi. Navalniyga qarshi jinoyat ishi soxtalashtirilgani va siyosiylashtirilgani aytiladi.

Путиннинг Қозоғистон президенти исмини адаштириши тасодифми ëки...?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:54 0:00

Korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi yuksak obro‘-e’tiboriga qaramay, Navalniy G‘arbga ayrimlar kutgani qadar do‘st bo‘lmasligi mumkin, deya ogohlantiradi Noymann.

“Navalniy qamoqda, uning tuzgan siyosiy harakat juda qiziq. Ammo bu harakat g‘irt g‘arbona emas – u rus millatchilik harakati o‘laroq tuzilgan edi. Navalniy menga ko‘proq yosh Pyotr I ni eslatadi: muxolifat lideri ichki ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni tezlashtirish uchun Rossiyani vesternizatsiya qilish kerak deb hisoblaydi”, deydi ekspert.

Shunga qaramay Noymann, Rossiyada Putin yaratgan va voyaga yetkazgan siyosiy tizim tabiatidan kelib chiqib, Navalniy kabi odamning hokimiyat tepasiga chiqishi ehtimoli juda kamligini aytadi.

“Navalniy korrupsiya Rossiyaning muammosi ekanini, hozirgi rejim esa o‘g‘ri rejim ekanligini aytadi. “Korrupsiyani yengish oson bo‘lmaydi, chunki korrupsiyalashgan tizimda har qanday yangi hokimiyat o‘z mavqeini mustahkamlab olish uchun dastavval o‘sha qoidalarga ko‘ra o‘ynashi lozim”, deydi. U holda bu axloqsizlik doirasidan qanday xalos bo‘lishadi axir?” deya savol qo‘yadi Noymann.

Urush oltinchi oyga qarab ketmoqda, Rossiya deyarli har kuni yangi harbiy jinoyatlarda, vahshiyliklarda ayblanyapti. Shunday bo‘lsa-da, Noymann G‘arbga Moskva bilan muzokara eshigini yopmaslikni maslahat beradi.

“Bir narsani aniq aytish mumkin: Rossiya bilan Putin na siyosiy, na-da jo‘g‘rofik ma’noda hech qayoqqa ketmaydi. U Donbassda sal ko‘proq hududni bosib olishi mumkin, ehtimol Donbassdan Qrimga eltuvchi quruqlik yo‘lini qo‘lida saqlab qolar, har qalay Rossiya qandaydir shaklda u yerda bo‘ladi. Va biz kelgusida bu haqda gapirishimizga to‘g‘ri keladi. Diplomatiyaning asosiy g‘oyasi ham shunda: baribirodamlar bilan gaplashishga to‘g‘ri kelar ekan, nega bu ishni darhol boshlamaslik kerak? Binobarin, Rossiya bilan qandaydir muloqot saqlanib qolishi juda muhim deb hisoblayman”, deya izoh beradi ekspert.

XS
SM
MD
LG