Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2022, Тошкент вақти: 13:41

“Putinning do‘stona xizmati”. Toqayev oilasining Moskvadagi mulklari nega yashirildi?


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston-Rossiya Mintaqalararo hamkorlik forumida. 7 -noyabr, 2019.

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy safdoshlari Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev oilasiga tegishli hashamatli ko‘chmas mulklarga oid ma’lumotlar Rossiya kadastr xizmatining yagona bazasi – “Rosreyestr”dan o‘chirib tashlanganini aniqladi.

2 - dekabr kuni e’lon qilingan “Putin kimlarni yashiryapti? “Davlat sirlari”ni fosh etamiz” nomli surishtiruvga ko‘ra, Qozog‘iston prezidentining o‘g‘li Timur va sobiq rafiqasi Nadejda Toqayevaning kvartiralari haqidagi ma’lumotlar Rossiya davlat mulozimlari hamda maxsus xizmatlar xodimlarining ko‘chmas mulklariga doir ma’lumotlar bilan birga maxfiylashtirilgan.

Navalniy jamoasi taqdim etgan hujjatga ko‘ra, 37 yoshli Timur Toqayev 2010 - yildan beri Xamovniki tumanidagi 196 kv.metr maydonli kvartiraga egalik qiladi. Nadejda Toqayevaga tegishli 167 kv. metrli kvartira Meshchansk tumanida bo‘lib, 2000 - yilda sotib olingan.

Ko‘chmas mulklar egalari haqidagi ma’lumotlar bazasi bo‘lmish “Rosreestr” Toqayevlarning mol-mulkiga oid ma’lumotlarni qachon va nega yashirgani ochiqlanmagan.

Surishtiruv hammuallifi, Aleksey Navalniyning yaqin safdoshlaridan biri Georgiy Alburov Ozodlikning qozoq xizmati bilan suhbatda Qozog‘iston prezidentining qarindoshlariga oid ko‘chmas mulklar haqida ma’lumotlar ko‘zdan pana qilinganini tasodifan bilib qolishganini aytadi.

“Toqayevning sirini ochib qo‘yganimiz rost. Lekin bu ishni rejalashtirmagan edik. Biz FSB xodimlari, mulozimlarga tegishli mol-mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning “Rosreestr”dan o‘chirilgani yuzasidan surishtiruv olib borayotgandik. Ular orasida Qozog‘iston prezidentining oilasiga tegishli ko‘chmas mulklar haqidagi ma’lumotlar ham chiqib qoldi”, deydi u.

Muxolifatchiga ko‘ra, Navalniy va jamoasining shov-shuvli surishtiruvlari ortidan Rossiya hukumati yuzlab davlat amaldorlari va maxfiy xizmatlar xodimlariga tegishli mol-mulklarni jamoatchilik ko‘zidan yashirmoqda.

Alburov aytishicha, Toqayevning o‘g‘li Timurning kvartirasi joylashgan Xamovniki Moskvaning eng qimmat tumanlaridan biri sanaladi, binobarin kvartiraning bozor qiymati yuzlab million rublni tashkil qilishi mumkin.

Ozodlikning “Rosreestr”da Toqaev oilasiga doir ma’lumotlar maxfiylashtirilgani sababi xususidagi savoliga javoban Alburov shunday deydi:

“Haqli savol. Masalan, FSB xodimlarining mulklari maxfiylashtirilganini, deylik, “ular Amerika maxsus xizmatlari qo‘liga tushishining oldini olish uchun” degan bahona bilan xaspo‘shlasa bo‘lar balki. Ammo Qozog‘iston prezidentining sobiq xotini va o‘g‘liga tegishli kvartiralarni yashirish Rossiyaga nega kerak? Menda bitta izoh bor faqat: bu Rossiya prezidentining Toqaevga do‘stona xizmati, deb o‘ylayman. Qozog‘iston prezidenti “Moskvada mulkim bor, boshqalar bundan xabar topishini xohlamayman, yordam qiling”, deb iltimos qilgan bo‘lsa, Putin bir og‘iz gap bilan qo‘g‘irchoq “Rosreestr”dan ma’lumotlarni o‘chirtirgan, qo‘ygan”.

Muxolifatchiga ko‘ra, surishtiruvlarda u sobiq prezident Nursulton Nazarboyev oilasining Rossiyadagi ko‘chmas mulklariga doir ma’lumotlarni ham qo‘lga kiritgan. Uning fikricha, “ko‘chmas mulklar ko‘p, diqqat bilan o‘rganilsa, yana ko‘p qiziq narsalarni topish mumkin”.

Bundan tashqari, Alburov Maydan voqealaridan so‘ng Rossiyaga qochib kelgan Ukraina sobiq rahbarlari ham Moskvada ancha-muncha hashamatli uy-joylar xarid qilganini aniqlashganini bildirgan. Umuman, unga ko‘ra, postsovet mamlakatlar barcha prezidentlarining Moskvada “nimasidir bor”.

“Chunki Moskva – tortish markazi. U yerga pul sarflash uchun borishadi. Rossiyadagilar o‘g‘irlagan pullarini Mayamida sarflashni xush ko‘rishsa, postsovet respublikalarning korrupsioner mulozimlari Mayamidan avval Moskvada ul-bul sotib olishni ma’qul topishadi”, deydi Georgiy Alburov.

Qozog‘iston hukumati hanuzgacha Navalniy jamoasining mazkur surishtiruvi yuzasidan rasmiy izoh bergani yo‘q. Prezident ma’muriyati vakili Ozodlik so‘roviga javoban “videoni hozircha ko‘rmagan”ini aytgan.

XS
SM
MD
LG