Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2024, Тошкент вақти: 01:51

Qator davlatlar o‘z fuqarolariga Livanni tark etishni tavsiya qildi


Bayrut aeroporti yo‘lida "Hizbulloh"ning islomiy qarshilikni dastaklashiga oid reklama lavhalari
Bayrut aeroporti yo‘lida "Hizbulloh"ning islomiy qarshilikni dastaklashiga oid reklama lavhalari

Germaniya, Italiya, Norvegiya va Bahrayn kabi davlatlar Livanda bo‘lgan fuqarolariga bu mamlakatni zudlik bilan tark etishni, qolganlarga esa Livanga borishdan tiyilishni tavsiya qilishdi. Bundan tashqari, qator aviashirkatlar Livanga parvozlarni to‘xtatib qo‘yishdi.

Ehtiyotkorlik choralari Isroil bilan Livan janubida faoliyat olib borayotgan “Hizbulloh” radikal guruhi o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib ketgani bilan bog‘liq. 27 -iyul kuni “Hizbulloh” Isroil nazorati ostidagi G‘o‘lon tepaliklarida joylashgan Majdal-Shams shahrini raketa zarbalari bergan. Buning natijasida bolalar doxil 12 kishi halok bo‘lgan, 30 dan ziyod odam yaralangan. Isroil tomoni “Hizbulloh”ni oqibatlardan ogohlantirgan.

29-iyul kuni Germaniya tashqi ishlar vazirligi Livandagi o‘z fuqarolarini bu mamlakatni tark etishga chaqirgan. “Nemis to‘lqini” (Deutsche Welle) xabariga ko‘ra, Germaniya TIV ro‘yxatida 1300 ga yaqin kishi bor. Germaniyaning Bayrutdagi elchixonasi ularga ketishda yordam bermoqda.

Shuningdek, Italiya, Norvegiya va Bahrayn elchixonalari ham o‘z fuqarolaridan Livandan chiqib ketishni so‘rashgan.

AQSH Davlat departamenti Livanda yurgan amerikaliklarga o‘z vaqtida TIVdan ogohlantirish xabarlarini olish uchun STEP dasturi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish va zarurat tug‘ilgan taqdirda, mamlakatni tark etishga hozir bo‘lishni tavsiya qilgan.

Hindiston ham Livandagi o‘z fuqarolariga ogoh bo‘lish va elchixona tavsiyalarini kuzatib borishga chaqirgan.

Germaniyaning Lufthansa, Shveysariyaning Swiss Airlines va Eurowings aviashirkatlari kamida 6 avgustgacha Bayrutga qatnovlarni bekor qilishgan. Aegean Airlines, Qatar Airways, Air France va Austrian Airlines qatnovlarning bir qismini bekor qilib, keyingi parvozlar jadvali vaziyat rivojiga qarab o‘zgartirib borilishini bildirishgan. Livandagi Middle East Airlines aviashirkati ham qatnovlar jadvalida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Isroil bilan Livan chegarasidagi vaziyat o‘tgan yilning 7-oktyabrida HAMAS guruhi Isroil janubiga hujum uyushtirgani va G‘azo sektorida jangovar harakatlar boshlangani ortidan keskinlashib ketgan.

XS
SM
MD
LG