Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2021, Тошкент вақти: 11:55

Qirg‘iziston ayollar uchun Markaziy Osiyodagi eng xavfli mamlakat deb topildi (VIDEO)


Qirg‘iziston dunyo va ayollar xavfsizligi reytingida (WPS Index) 170 mamlakat orasida 97-o‘rinni egalladi. Bu Markaziy Osiyo bo‘yicha eng past ko‘rsatkich.

Qirg‘iziston IIV ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan beri qariyb 8 mingta maishiy zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan – bu o‘tgan yilning ayni davriga qiyosan 30 foizga ko‘pdir.

O‘tgan yozda jurnalist Ayday Toqaeva dugonalari bilan Bishkek markaziy ko‘chasidan ketayotganida o‘tkinchi erkak ularga ochiqcha shilqimlik qilgani haqida video yoyinlagan edi.

“Video teskari effekt berdi: ko‘pchilik bizning o‘zimizni ayblashdi. Go‘yo “ochiq-sochiq kiyinib”, “bemahalda ko‘chada yurib” uni yo‘ldan ozdirgan emishmiz. Shu voqeaning o‘zi‑yoq Qirg‘izistonda ayollar erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni aks ettiradi”, deydi Ayday Toqayeva.

Militsiya ijtimoiy rezonans ko‘tarilganidan so‘nggina ishni o‘rganishni boshlagan edi, shunda ham tomonlarni yuzlashtirishdan nariga o‘tmadi. Ayday huquqni muhofaza qilish idoralari uning so‘rovlariga javob bermay qo‘yganini aytadi. Jurnalistga ko‘ra, statistika yuritilmasa-da, bunaqa voqeaga uning har bir dugonasi duch kelgan.

“Hammasi oddiy shilqimlik, gap otish va hushtak chalib chaqirishlardan boshlanadi. Tegajoq erkak yo‘lida to‘siq ko‘rmaydi, jazolanish xavfini his etmaydi. Shu bois davom etaveradi. Va oilada uning tiyiqsizligi ro‘y-rost yuzaga chiqadi”, deb ta’kidlaydi Ayday Toqayeva.

Qirg‘izistonning reytingdagi mavqei uni ajablantirmaydi. Mamlakatda ayollar huquqlari bilan bog‘liq vaziyat, darhaqiqat, juda rasvo, deb hisoblaydi jurnalist. Konfliktolog Asel Azi Tegin uning fikriga qo‘shilsa-da, Qirg‘izistonning bu borada Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng quyida qayd etilgani bahstalab holat ekanini aytadi.

“Ha, bizning voqeligimiz shunday. Ammo masalaning boshqa tarafi ham bor – axborotning ochiqligi, axborot olish imkoni bizda qo‘shni mamlakatlarga qaraganda ancha yuqori. Ya’ni, aslida bu reallikka juda yaqin, ammo qo‘shni davlatlardagi ahvol biz ko‘rib turgan raqamlarni har doim ham aks ettirmasligi mumkin”, deydi Asel Azi Tegin.

Parlament deputati Natalya Nikitenko ayollar huquqlari mavzusini bir necha bor muhokamaga olib chiqqan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik yosh ayol va qizlarga nisbatan amalga oshirilayotgan shov-shuvli qotilliklardan keyin davom etmoqda. Deputat bunda va’dalariga xilof o‘laroq mamlakat boshqaruvida ayollar ishtirokini kamaytirayotgan davlatni aybdor deb biladi.

Rostdan ham, ikki hafta oldin tuzilgan hukumat tarkibida atigi bitta ayol bor. Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi tuzatishlar esa ayollarning parlamentga saylanishini yanada qiyinlashtiradi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sadir Japarovdan shu mavzuda izoh so‘rashdi.

“Ayollar, ko‘chada emin-erkin yuribsiz-ku, sizlarga qarshi gender tahdidlar yo‘q-ku. Hukumatga kelsak, ha, gender muvozanatga doir kamchiliklarimiz bor. Davlat qo‘mitalari va xizmatlariga ayollardan rahbar tayinlash bilan bu xatolarimizni tuzatamiz”, deya javob berdi prezident.

So‘nggi yillarda Qirg‘iziston jamiyati qizlarga nisbatan amalga oshirilgan bir necha mudhish qotillikdan larzaga keldi.

Uch yil muqaddam bir erkak unga turmushga chiqishni xohlamagani uchun politsiya idorasida Burulay ismli 19 yashar qizning joniga qasd qildi.

Shu yili yozda esa bir necha yigit 27 yoshli Ayzada Qanatbekovani olib qochdi.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, jinoyatchilardan biri unga uylanmoqchi bo‘lgan, lekin rad javobini olgach, uni shahardan tashqariga olib chiqqan va bo‘g‘ib o‘ldirgan.

XS
SM
MD
LG