Qirg‘izistonning “Keremet bank” tijorat banki Rossiyadagi qator banklar mobil ilovalari orqali pul o‘tkazmalarini to‘xtatib qo‘ygan. Bu haqda 20-avgust kuni bank matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, “Sberbank”, “MTS Bank”, “Tbank” (Tinkoff) va Rossiya Federatsiyasi milliy to‘lov tizimi operatori bo‘lmish “NSPK” AJ orqali har ikki tarafga pul o‘tkazmalari noma’lum muddatga to‘xtatilgan.
Bank vakillari pul o‘tkazmalari to‘xtatilishiga oid qaror qanday sababga ko‘ra qabul qilinganini ochiqlashmagan. Ular fuqarolarga “Zolotaya korona”, “Astrasend”, Western Union, “Yunistrim” va RIA xalqaro tizimlari bo‘yicha hali ham pul o‘tkazish mumkinligini eslatishgan.
Avvalroq Qirg‘izistondagi MBank Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning RF banklari orqali shaxsiy pul jo‘natmalarini 16-avgustdan e’tiboran faqat bank rekvizitlari orqali olish yoki yo‘llash mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Bundan tashqari, 20-avgust kuni “Tazabek” nashri Qirg‘iziston Milliy bankidagi manbalardan olingan ma’lumotga tayangan holda, regulyator tijorat banklariga Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va AQSH sanksiyalari ostida bo‘lgan banklar bilan hamkorlikni to‘xtatishga oid ogohlantiruv bilan murojaat qilgani haqida xabar qilgan.
Qayd etilishicha, tijorat banklariga “Sberbank”, “MTS Bank”, “Tbank” (Tinkoff) banklari va RF milliy to‘lov tizimi operatori “NSPK” bilan hamkorlikdan tiyilish buyurilgan. Keyinroq Qirg‘iziston Milliy banki vakillari “Tazabek” nashriga hozirda tijorat banklari tomonidan Qirg‘iziston bank tizimiga xalqaro sanksiyalar salbiy ta’siriga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ish olib borilayotganini ma’lum qilishgan.
Avgust oyi boshida Qirg‘iziston Milliy banki rahbari Melis Turgunbayev AQSHning Qirg‘izistondagi elchisi Lesli Vigeri bilan uchrashuv uchrashib, ikkilamchi sanksiyalarni minimallashtirish bo‘yicha choralarni muhokama qilgan edi. O‘sha uchrashuvda Turgunbayev muayyan mamlakatlarga nisbatan kiritilgan xalqaro sanksiyalarning Qirg‘iziston bank tizimiga muhtamal ta’siri bo‘yicha Milliy bank tomonidan muntazam ravishda baholash ishlari olib borilayotganini ta’kidlagandi.