Joriy yilning 19-iyul kuni Qirg‘iziston “Ayko‘l-6” gumanitar dasturi doirasida Suriyadan o‘zining 22 nafar fuqarosini qaytarib olib kelgan. Bu haqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, sakkiz nafar ayol va 14 nafar bola Qirg‘izistonga Suriya shimoliy-sharqidagi qochqinlar lageridan olib kelingan. Vazirlik insonparvarlik missiyasi AQSH hukumatining bevosita ko‘magida tashkil etilganini qayd etgan.
“Insonparvarlik missiyasini amalga oshirish chog‘ida qirg‘iz delegatsiyasi Qirg‘iziston fuqarolari bilan uchrashish va identifikatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun “Al-Hol” lageriga borishdi”, deyilgan Qirg‘iziston TIV xabarnomasida.
Bu Qirg‘iziston fuqarolarini Suriyadan qaytarish bo‘yicha oltinchi insonparvarlik missiya bo‘lib hisoblanadi. Fevral oyida o‘tkazilgan “Ayko‘l-5” missiyasi chog‘ida 28 nafar ayol va 71 nafar bola vataniga qaytarilgan edi. 2023-yil dekabrida esa “Ayko‘l-4” dasturi bo‘yicha 31 nafar ayol va 65 nafar bola Suriyadan olib kelingan. “Ayko‘l” insonparvarlik missiyasi doirasidagi repatriatsiyaning birinchi bosqichi esa o‘tgan yilning fevral oyida amalga oshirilgan. O‘shanda Qirg‘izistonga Suriyadan 18 nafar ayol va 41 nafar bola keltirilgan.
Qirg‘iziston maxsus xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yili Suriyadagi jangovar harakatlar hududiga 850 nafar qirg‘izistonlik chiqib ketgan, ulardan 150 nafari halok bo‘lgan. O‘shanda terror tashkilotlari safiga qo‘shilgan qirg‘izistonliklarning 140 nafari ayollar ekani aytilgan.
2022-yil oxirida Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev Suriya va Iroq qamoqxonalarida bo‘lgan 200 nafar qirg‘izistonlik ayol va 400 nafar bolaning ro‘yxati tuzilganini ma’lum qilgan edi.
Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlar hududiga 2013-yildan buyon Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan minglab kishi chiqib ketgan. O‘zbekiston doxil mintaqa davlatlari o‘z fuqarolarini Yaqin Sharq mamlakatlaridan qaytarish bo‘yicha bir necha bor insonparvarlik missiyalarini amalga oshirishgan. Xususan, o‘zbek rasmiylari tomonidan “Mehr” nomi bilan 2019-yildan beri amalga oshirib kelinayotgan amaliyotlar chog‘ida Suriya, Iroq va Afg‘onistondan bir necha yuz ayol va bola vataniga qaytarilgani ma’lum.