Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:23

Qirg‘iz deputatlari jin quvdi


Ayrim deputatlarning e‘tirof etishlaricha, “Jin quvish” marosimini o‘tkazish haqida yopiq eshiqlar ortida o‘tgan yig‘ilishda qaror qabul qilingan.
Ayrim deputatlarning e‘tirof etishlaricha, “Jin quvish” marosimini o‘tkazish haqida yopiq eshiqlar ortida o‘tgan yig‘ilishda qaror qabul qilingan.
21 aprel kuni ertalab Qirg‘iziston parlamenti binosidan “jinlar va yovuz ruhlarni haydab chiqarish maqsadida” yettita qo‘y so‘yildi.

Deputatlar ushbu marosimdan so‘ng parlamentning ishi yurishib ketishi va ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan “jinlar va yovuz ruhlar” parlament binosini tark etishiga ishonishmoqda.

Jin quvishni hoji deputatlar taklif qilgan

Parlament binosida “jin quvdi” marosimini o‘tkazish tashabbuskorlaridan biri Tursunboy Bakir o‘g‘li tadbirdan maqsad is chiqarish bo‘lganini aytadi:

- Bu marosimni qurbonlik keltirish masrosimi sifatida qabul qilish kerak. Sababi 2010 yildan beri Qirg‘izistonning Oq uyida qon to‘kilayapti har 5 yilda. Shuning uchun “qon to‘kilmasin, tinchlik bo‘lsin, ahillik bo‘lsin” degan niyatda parlamentdagi hoji deputatlar shu masalani ko‘targan edilar. Bugun 7 qo‘yni so‘yib, xudoyi o‘tkazdik, - dedi deputat Tursunboy Bakir o‘g‘li.

“Jin quvdi” marosimini o‘tkazish uchun har bir deputatdan 700 so‘mdan pul yig‘ilgan. Bu pulning bir qismiga 7 ta qo‘y sotib olingan, mablag‘ning qolgan qismi esa qariyalarga, bolalar uylariga taqsimlab berilgan.

- Bu oddiy xudoyi. Men musulmonchilikni talkovat qilmay qo‘ya qolay. Sarf-xarajatni o‘zimizning cho‘ntagimizdan qildik. So‘yilgan qo‘ylarni yetimlar uylariga, muhtojlarga tarqatishdi. Bu tadbirni qo‘llab qo‘ydik, vyedomostga ketgan pulni oyligimizdan ushlab qolinishi to‘g‘risida qo‘l qo‘yib qo‘ydik, - deydi deputat Anvar Ortiqov.

Ammo qirg‘iz deputatlarining hammasi ham “jin quvdi” marosimini qo‘llagani yo‘q. Deputat O‘murbek Abduraxmanov parlament binosida bunday marosimning o‘tkazilishiga qarshi bo‘lgan deputatlardan biri. Uning aytishicha, 7 qo‘y so‘yib, xudoyi qilish bilan “parlament binosidan parlamentning samarali ishlashiga to‘sqinlik qilayotgan jinlar va yovuz ruhlarning quvib chiqarilishi”ga ishonish qiyin.

- “Jin quvish” marosimini o‘tkazish haqida yopiq eshiqlar ortida o‘tgan yig‘ilishda qaror qabul qilingan ekan. Men bu yig‘ilishga qatnashganim yo‘q. “Xudoyiga keling”, deyishdi, biroq xudoyisiga ham bormadim. Negaki, parlament bu sig‘iniladigan joy emas, bu oliy hokimiyat idorasidir. Parlament binosida baqirtirib 7 ta qo‘yni so‘yishib, ichak-chavoqlarini ko‘tarib yurishibdi. Bu noto‘g‘ri ish, - deydi deputat O‘murbek Abduraxmanov

Deputatlar shomoniylik yoki tangrichilikni targ‘ib qilishmoqda

Qirg‘izistondagi taniqli dinshunos olim Qodir Malikov qirg‘iz deputatlari o‘tkazgan “jin quvdi” marosimi shariatga to‘g‘ri kelmasligini aytadi.

- Shariatda 7 ta qo‘y so‘yish, umuman, qo‘y so‘yish haqida gap yo‘q. Jin yoki shaytonni quvish uchun birinchi navbatda ruhiy, axloqiy va ma‘naviy poklanish zarur. Ya‘ni birinchi navbatda niyat yaxshi bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, jin yoki shaytonni binodan haydab chiqarmaydilar. Uni odamning ichidan quvadilar. Buning uchun esa Qur‘on o‘qish kifoya qiladi, - deydi dinshunos olim.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, “parlament binosidan jin va yovuz ruhlarni quvish” marosimi islomga emas, shomoniylik va tangrichilikka doxil amaliyotdir. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, Qodir Malikov e‘tiroficha, deputatlar shirk keltirmoqdalar va o‘zlari bilmagan holda, shomoniylik va tangrichilikni targ‘ib qilmoqdalar.

- Afsuski, mazkur marosimning o‘tkazilishi bilan jamiyatimizning ma‘naviyati qanchalik ekani, jamiyatning intellektual taraqqiyoti qay darajada ekani bilinib qoldi. Parlamentda millatning eng intellektual, ma‘naviy yetuk vakillari o‘tirishi lozim edi. Afsuski, hozircha bu orzu bo‘lib qolayapti, xolos, - deydi Qodir Malikov.

Matbuot qirg‘iz deputatlarini “jin quvdi”bilan tabrikladi

Qirg‘iz deputatlarining “jin quvdi” marosimi internet nashrlarida turli kinoyalarga sabab bo‘ldi.

“Farg‘ona” qirg‘iz deputatlarini ajoyib tahliliy yondoshuv va parlament oldiga qo‘yilgan vazifalarni konstruktiv hal qilish salohiyatiga ega ekanligi bilan qutlaydi. Biz yovuz ruhlar parlament binosini tark etganidan so‘ng byudjet kamomadi, inflyatsiya, kichik biznesni qonunan himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurash, kriminalga qarshi kurash va boshqa masalalar samarali hal qilinishiga ishonamiz”, deb yozadi “Farg‘ona ru” nashri.

Bishkekdagi “Beliy parus” internet gazetasi esa mana bularni yozadi:

“Ha, shaytonlarni doimiy tarzda quvib turish kerak. Lekin shaytonlarni parlament binosidan emas, deputatlar o‘zlarining ichidan quvishlari zarur. Agar O‘tunbayeva parlamentni tarqatsa, qo‘y so‘ygan deputatlar oshpazlikka, qolgan deputatlar esa shomonlikka yollanishlari mumkin”, - deb yozadi “Beliy parus”.
XS
SM
MD
LG