Линклар

Шошилинч хабар
02 октябр 2022, Тошкент вақти: 01:35

Oshirilgan harbiy byudjet va yangi harbiy doktrina. Qozog‘iston nimaga tayyorlanmoqda?


Qozog‘iston harbiylari Jambil viloyatidagi harbiy bazada Xalqaro armiya musobaqalarining ochilish marosimida. 7-avgust, 2019

2022-yilda Qozog‘iston mudofaa sohasiga bir trillion tenge ajratdi. Bu o‘tgan yilgidan 303,7 milliardga ko‘p. Ayni chog‘da bahorgi harbiy chaqiruv ancha qattiqqo‘llik bilan o‘tkazildi. Ayrim hududlarda talabalar to‘g‘ri o‘quv yurti auditoriyalaridan kuch bilan olib ketildi. Mudofaa xarajatlari keskin ortishi manzarasida mamlakat harbiy doktrinasini o‘zgartirishga qaror qilindi. Ekspertlar Oqo‘rdaning xatti-harakatlarini yanvar voqealari hamda Ukrainadagi urush bilan bog‘lamoqdalar.

Nima o‘zgardi?

Respublikaning 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan byudjeti dastlabki variantida Qozog‘iston mudofaasi uchun 858,8 mlrd tanga ajratish nazarda tutilgandi. Bu mablag‘ning 61 foizi Mudofaa vazirligiga, qolgani esa Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Sanoat va infratuzilmaviy rivojlanish vazirligiga berilishi kerak edi. Biroq 2022- yil mayida mudofaa sohasi byudjeti 162,6 mlrd tangaga (shundan 56,9 mlrd tanga – Mudofaa vazirligiga) oshirilib, jami 1 trln 21 million tangaga yetdi. Bu o‘tgan yilgi byudjetdan 303,7 mlrd.ga ko‘p.

Umumiy byudjetning qariyb yarmi – 494,6 mlrd tanga – mudofaa vazirligiga yo‘naltiriladi. Vazirlik qurolli kuchlarni tayyorlashga 491 mlrd tanga sarflashni rejalamoqda.

24-iyul kuni Wall Street Journal Qozog‘iston hukumati Ukrainadagi urush vajidan o‘z mudofaasini kuchaytirayotgani haqida maqola chop etdi. Muallif anonim qozoq mulozimiga havola bergan holda, mamlakat AQSh, Xitoy va Turkiya bilan harbiy sohada aloqalarni mustahkamlayotgani va mudofaa byudjetini 918 million dollarga oshirganini ma’lum qildi.

Nashr manbasi Qozog‘iston Ukrainadagi vaziyatdan saboq chiqarganini, mablag‘ning salmoqli qismi armiyani isloh qilish va harbiy zaxirani oshirishga xarjlanishini urg‘ulagan.

Joriy yilning 7-aprelida moliya vaziri muovini Tatyana Savelyeva 2022-yilda “kuchishlatar hamda favqulodda vaziyatlar idoralari jangovar shayligini oshirish va moddiy-texnik ta’minotini modernizatsiya qilish”ga qo‘shimcha 441 mlrd tanga sarflash ko‘zda tutilganini aytdi. Mulozimaga ko‘ra, mablag‘ning katta qismi yanvar voqealari oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltiriladi.

Mudofaa vazirligi Ozodlikning 2022-yilda byudjet oshirilishiga nima turtki bo‘lgani haqidagi savolini javobsiz qoldirdi. “Qo‘shimcha ajratilgan pullar nimaga sarflanadi?” degan savolga esa “harbiy xizmatchilarning ijtimoiy muammolarini hal qilishga, jangovar shaylikni oshirish va infratuzilmaviy rivojlanishga”, degan javobni oldik.

Byudjet nega oshirildi?

Aeromobil qo‘shinlar sobiq qo‘mondoni, “Generallar kengashi” jamoat birlashmasi raisi, iste’fodagi general-mayor Mahmut Telegusov byudjetni oshirishga Ukrainadagi urush va geosiyosiy muammolar sabab bo‘lganini taxmin qiladi.

– Umuman olganda, nafaqat qurolli kuchlar, balki butun mamlakat 30 yil davomida bunaqa vaziyatga tadorik ko‘rmagan, – deydi Telegusov. – Holbuki 2005-yilda qabul qilingan “Mudofaa va qurolli kuchlar to‘g‘risida”gi qonunda davlat idoralari, parlament, markaziy ijro organlari va hatto akimlarning vazifalari belgilab berilgandi. Ya’ni, hukumat, vazirliklar va akimlar fursatni boy berishdi. Mana endi tipirchilab qolishdi. Hozirda imkoniyatimiz bor, yangi Qozog‘istonni quryapmiz. Yangi Qozog‘istonning yangi qurolli kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bo‘lmog‘i kerak. Ular avvalo davlat manfaatlari uchun ishlashi lozim. Shu bois, ajratilgan pul mudofaa uchun haddan ortiq deya olmayman.

Senat deputati, xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi kotibi Nurjon Nursipatovga ko‘ra, qo‘shimcha ravishda ajratilgan mablag‘ harbiy texnikalarni modernizatsiya qilishga va harbiy-amaliy ishlarga sarflanadi. U hukumat qarorini Ukrainadagi urushga bog‘liq deb hisoblamaydi.

– Byudjet oshirilishiga inflyatsiya ta’sir qildi. Barcha qurollarni o‘zimizda ishlab chiqara olmaymiz, katta qismi chet mamlakatlardan xarid qilinadi, – deydi deputat.

“Xavflarni baholash guruhi” direktori, siyosatshunos Dosim Satpayev yanvar voqealarini sabab qilib ko‘rsatadi.

– Qozog‘istonning mudofaa byudjeti oshirilishi o‘tgan yiliyoq ma’lum qilingandi. Byudjet xarajatlarini ko‘radigan bo‘lsak, nafaqat mudofaa vazirligiga, balki ichki ishlar vazirligiga ham ulkan mablag‘ ajratilgan. Menimcha, bunga ikki narsa turtki bo‘lgan: yanvar voqealari va Ukrainadagi urush, – deydi ekspert ishonch bilan. – Yanvarda Toqayev KXShTni taklif qildi, bu uning obro‘siga jiddiy putur yetkazdi, shu bois prezident jamiyat oldida reputatsiyasini bir oz yaxshilab olmoqchi bo‘lyapti. Boshqa tomondan, yanvar voqealari Qozog‘iston kuchishlatar tuzilmalarining mutlaqo noshudligini ko‘rsatdi.

Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha magistr Emin Jabbarov byudjetning oshirilishi bilan Rossiya bosqini o‘rtasida aloqa bor, deb o‘ylamaydi. Uning fikricha, mazkur qarorga harbiylarning yanvar voqealari chog‘ida vaziyatni nazorat qila olmagani sabab bo‘lgan.

Siyosatshunos Dosim Satpayev mamlakatning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish uchun ko‘p pul ajratish kifoya qilmasligini, yana armiyadagi korrupsiyani yengish va axborot xavfsizligi bilan shug‘ullanish ham zarurligini eslatadi.

– Korrupsiya – har qanday mamlakat xavfsizligi uchun eng katta dushman, ayniqsa Qozog‘iston uchun, – deydi ekspert. – Eng o‘tkir muammolarimiz – korrupsiya, kasb-lavozimga layoqatsizlik, kadrlar tanlashni bilmasligimiz, mas’uliyatsizlik va kaltabinlikdir. Hamma bugunni o‘ylab yashaydi. Hukumat axborot sohasida yanglish siyosat yuritmoqda. Qozog‘iston hududida Rossiya telekanallari ochiqcha propaganda bilan shug‘ullanyapti.

Armiyaga chaqirish qanday kechyapti?

Joriy yilda Qozog‘istonda bahorgi harbiy chaqiruv qattiqqo‘llik bilan tashkil qilindi. Xabarlarga ko‘ra, bir necha viloyatda “voyenkomat” xodimlari talabalarni zo‘rlik bilan armiyaga jo‘natishgan. Ba’zilar buni hukumatning mamlakat mudofaa qobiliyatini ko‘tarishga intilishi bilan bog‘ladi.

Mudofaa vazirligi harbiy komissarliklar tibbiy komissiyadan atay qochib yurgan chaqiruv yoshidagi yigitlarga nisbatan qonunan ish ko‘rganini aytdi.

“Ular oldindan taklif qilingan, barchasiga SMS-xabar yuborilgan. Ammo tayinlangan vaqtga harbiy komissariatga bormaganlar. Shundan so‘ng mahalliy politsiya armiyadan qochib yurgan fuqarolarni aniqlash maqsadida reydlar o‘tkazgan”, deyiladi vazirlik xabarnomasida.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu bahorda Qozog‘istonda 16 653 kishi harbiy xizmatga chaqirilgan. Tez orada kuzgi chaqiruv boshlanadi. Qiyoslash uchun, 2021-yilda 32 064 kishi, 2020-yilda esa 34 ming kishi armiyaga olingan.

Siyosatshunos Dosim Satpayev Qozog‘iston nega miqdor bilan emas, balki sifat bilan shug‘ullanishi kerakligini tushuntiradi:

– Bu yerda biz Ukrainadan o‘rnak olsak arziydi. Fevral oyida bosqinchilarga eng ko‘p talafotni armiya emas, balki hududiy o‘zini mudofaa qilish kuchlari yetkazdi. Binobarin, mamlakatning mudofaa qobiliyati faqat armiyaga emas, fuqaroviy aholiga ham bog‘liq. Biz Qozog‘istonda qancha odam o‘z yurti himoyasiga tayyorligi, qancha kishi tahdid bo‘lgan taqdirda Qozog‘iston milliy manfaatlariga xiyonat qilishi mumkinligi bilan qiziqishimiz lozim.

Iste’fodagi general-mayor Mahmut Telegusov armiyada xizmat qilishga shay yoshlar soni yil sayin kamayib borayotganidan, shu bois davlat ularga motivatsiya berish ustida bosh qotirishi kerakligidan bahs etadi.

– Hozir o‘ziga to‘q oilalar farzandlarini armiyaga yubormay qo‘ygan. Harbiy xizmat asosan kambag‘al oilalarning bolalariga qoldi, – deydi Telegusov. – Yoshlar bir yil umrim armiyada zoye ketadi, deb buning o‘rniga pul topishni va ota-onasiga yordam berishni afzal ko‘rishmoqda. Shu bois ham harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaydiganlar ko‘p. Hukumat ushbu vaziyatni hisobga olib, yosh yigitlarga motivatsiya beradigan takliflarni ishlab chiqishi lozim. Komissariatlar zug‘um qilaversa, hukumat esa islohotlarni paysalga solaversa, ahvol badtar bo‘ladi.

Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda harbiy xizmatga yaroqli 220 ming fuqaro bor. Ulardan 35 ming nafari muddatli harbiy xizmatga chaqiriladiganlar ro‘yxatiga tirkalgan.

Oqo‘rda harbiy doktrinani o‘zgartirishni taklif qildi

Yuz berayotgan barcha voqealar manzarasida Qozog‘iston harbiy doktrinasini qaytadan yozishi ma’lum bo‘ldi. Hujjatga so‘nggi bor 2017-yilda o‘zgartishlar kiritilgan edi. Endilikda Oqo‘rda doktrinaga 70 dan ziyod o‘zgartish kiritishni taklif qilmoqda. Jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan hujjatda “inqirozli vaziyat” va “zaxira harbiy xizmat” degan yangi tushunchalar mavjud. Bundan tashqari, ommaviy hujum qurollari, kiberhujumlar, kosmik kenglikdagi ustunlik, gibrid urush va axborot urushi ham bayon qilingan.

Yangi tahrirdagi doktrinada Qozog‘istonga xavf tug‘diruvchi bir necha omil sanab o‘tilgan. Mana ulardan ayrimlari:

dunyoviy va mintaqaviy yetakchi mamlakatlarning xalqaro munosabatlar zaiflashuvi manzarasida global va mintaqaviy darajada o‘z iqtisodiy va siyosiy ta’sir doirasini kengaytirishga urinib, keskinlikni kuchaytirishi;

davlatlararo munosabatlarda harbiy kuch ishlatishga yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olishda xalqaro huquq samaradorligi va xalqaro xavfsizlik tashkilotlari imkoniyatlarining pasayishi.

Yangi doktrina muhokamasi allaqachon tugagan, ammo hujjat tasdiqlanganicha yo‘q. Mudofaa vazirligi doktrina 2022-yil oxiriga qadar qabul qilinishini bildirdi.

2017-yilda doktrinada Qozog‘iston havo hujumidan mudofaa tizimini Rossiya bilan birgalikda rivojlantirishi qayd etilgandi. Yangi tahrirda ushbu band saqlangan.

Xalqaro xavfsizlik magistri Emin Jabbarov Rossiyaning Qozog‘iston harbiy doktrinasiga kiritilishini xato deb biladi, biroq, uning fikricha, mamlakatning boshqa chorasi yo‘q.

– Rossiya va Qozog‘istonning o‘zaro munosabatlari voqeligi nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bu o‘rinda Bandwagoning termini qo‘llanadi: bu kuchsiz davlat kuchli davlatga qo‘shilishini anglatadi. Biz Rossiya bilan ittifoq tuzish orqali o‘z manfaatlarimizni himoya qilishga urinyapmiz. Qozog‘iston Rossiyani o‘z doktrinasidan o‘chira olmaydi. Butun e’tiborimizni qurolli kuchlarga qaratadigan bo‘lsak, xalqaro hamjamiyat Qozog‘iston militarlashyapti, degan xayolga boradi. Shu bois tashqi harbiy xavfsizligimizning bir qismini kuchli davlatga autsorsing asosida topshirdik. Bunaqa misollar ko‘p. AQSh Yevroittifoq xavfsizligini ta’minlaydi. Tayvan bilan Yaponiya ham AQShga muhtoj. Tarix shuni ko‘rsatmoqdaki, harbiy hujjatda boshqa mamlakat nomi keltirilishi normal holat emas. Rossiya xalqaro maydonda o‘zini qanday tutishidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bunaqa ittifoq xavfli. Kavkazni, Qrim va Ukrainani eslaylik. Rossiya xalqaro huquqni muttasil buzib keladi. Bu Qozog‘istonga ham tahdid tug‘diradi, albatta. Lekin Qozog‘iston oldida muqobil yo‘l yo‘q.

Mudofaa vazirligi Ozodlikka javobida Rossiyaning havo hujumidan mudofaaga jalb qilinishi Qozog‘istonning imkoniyatlarini oshirishini aytdi.

Siyosatshunoslar va jamoatchilik vakillari Rossiyaning Qozog‘istonga muhtamal agressiyasidan tashvish bildirayotgan bo‘lishsa-da, Kreml va Oqo‘rda rasmiy darajada ShHT, KXShT va ikki tomonlama shartnomalar doirasida hamkorlik davom ettirilishini urg‘ulab kelmoqda. Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqinda Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ham “hamkorlik istiqboliga doir pessimistik bashoratlar uchun hech bir asos yo‘q”ligini aytdi.

XS
SM
MD
LG