Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev joriy yilning 20-may kuni “Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan. Bu haqda Qozog‘iston prezidentining rasmiy saytida ma’lumot tarqatildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari tomonidan 2022-yil 22-dekabrida Toshkentda imzolangan ittifoqchilik shartnomasi joriy yilning 25-aprel kuni Qozog‘iston Senati deputatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan edi.
Shu tariqa shartnomani kuchga kiritish bo‘yicha Qozog‘iston tomoni ham barcha yuridik protseduralarni bajarib bo‘ldi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ittifoqchilik shartnomasiga oid qonun 2023-yil 22-noyabrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida qabul qilinib, 25-noyabrida Senat tomonidan ma’qullangan, 30- noyabr kuni esa u prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan edi.
Hujjat O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, tranzit-transport, energetika, madaniy-gumanitar, fuqaroviy mudofaa sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda xalqaro maydonda ham o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Shartnoma moddalariga muvofiq, tomonlar ikki mamlakat parlamentlari, siyosiy partiyalari va jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanishiga ko‘maklashishadi, shu bilan birga, tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik sohalarida, xalqaro terrorchilik, diniy ekstremizm va ayirmachilik, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, noqonuniy qurol, narkotik va psixotrop moddalar savdosi doxil xavfsizlik uchun yangi xatar va tahdidlarga qarshi kurash masalalarida tig‘iz hamkorlik qilishadi.