Qozog‘istonda turli sabablarga ko‘ra qarovsiz qolib ketgan uch nafar bola O‘zbekistonga olib kelingan. “Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, voyaga yetmagan bu bolalar vataniga O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida qaytarilgan.
Qayd etilishicha, o‘zbek diplomatlari sa’y-harakati bilan “Qiyin ahvoldagi bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazi” va Olmaota shahar ta’lim boshqarmasi bilan birgalikda 17 yoshli I.R., 12 yashar S.R. va endigina ikkiga kirgan M.N.ni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha barcha zarur hujjatlar tayyorlangan.
Bosh konsulxona xodimlari voyaga yetmagan bolalarni shu yilning 24-avgustida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi xodimiga topshirganlar.
Agentlik xabarida bu bolalarning Qozog‘istonda qarovsiz qolib ketganiga nima sabab bo‘lganiga aniqlik kiritilgan emas.
Avvalroq Ozodlik Bolalar ombudsmani tarqatgan ma’lumotga tayangan holda Rossiyada qarovsiz qolib ketgan 31 nafar bola O‘zbekistonga olib kelingani haqida xabar qilgan edi.