Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2021, Тошкент вақти: 04:27

Qudratli “ojiza”lar. Belarusdagi istibdodga qarshi kurashda namuna bo‘layotgan ayollar


Belarus xotin-qizlarining tinch birdamlik aksiyasi– 26 - sentabr, 2020

“Yevropaning so‘nggi diktatori” Aleksandr Lukashenko hur fikrli, sobitqadam ayollarni dastlab “ojiza” deya pisand qilmagan edi. Ammo 2020 - yil avgustda bo‘lib o‘tgan bahsli prezidentlik saylovidan keyin boshlanib ketgan norozilik namoyishlariga aynan o‘sha ayollar yetakchilik qilmoqda.

Belarus xotin-qizlarining bu jasorati global trendga ta’sir qildi, deb hisoblaydi Londondagi tadqiqotchi Oksana Antonenko.

“Ayollar dunyo bo‘ylab siyosiy harakatlarda tobora faol va muhim o‘rin egallamoqda. Belarus namunasi boshqa mintaqalar, jumladan, Rossiya, Tailand va Myanmadagi namoyishchilarga ham ilhom berdi. Ayollar yetakchilik qilayotgan harakatlar zo‘ravonlikdan yiroqligi, butun jamiyatning orzu-havaslarini aks ettirishi bilan ahamiyatlidir. Shu asnoda ayol yetakchilar va siyosatchilarning yangi avlodi shakllanayotganini ko‘rish ham kishiga quvonch bag‘ishlaydi” – deydi O.Antonenko Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

Quyidagi ayollar Belarusdagi o‘zgarishlarga ulkan hissa qo‘shib qolmay, jasorat uchun ulkan tovon ham to‘lamoqda.

Prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskaya (o‘rtada), Veronika Sepkalo (chapda) hamda Mariya Kolesnikova - Minsk, 17 - iyul, 2020
Prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskaya (o‘rtada), Veronika Sepkalo (chapda) hamda Mariya Kolesnikova - Minsk, 17 - iyul, 2020

Svetlana Tixanovskaya

Aslida 2020 - yilgi prezidentlik saylovida Lukashenkoning asosiy raqibi Svetlana emas, uning turmush o‘rtog‘i Sergey Tixanovskiy bo‘lishi kerak edi. So‘nggi yillarda Sergey Tixanovskiy Lukashenkoga muxolifatda bo‘lgan “Strana dlya jizni” YouTube kanali muallifi, bloger sifatida shuhrat qozongan edi. U prezident lavozimiga nomzodini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan, biroq ma’muriyat uni ro‘yxatga olishdan bosh tortdi Saylov arafasida esa Sergey uydirma ayblovlar bilan qamoqqa olindi. Shundan keyin Sergeyning rafiqasi – ingliz tili muallimasi va tarjimon Svetlana Tixanovskaya prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatdi.

Bu qaror osonlikcha qabul qilinmadi, albatta. Farzandlariga tahdid sabab 2020 - yil iyunida saylovda qatnashish niyatidan voz kechmoqchi bo‘ldi. Bu orada uning voyaga yetmagan ikki farzandi eson-omon xorijga olib chiqib ketildi. Saylovdagi soxtakorliklarga qarshi ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin Svetlananing o‘zi ham rasmiylar bosimi ostida mamlakatni tark etdi. Hozirda qo‘shni Litvada istiqomat qilayotgan Tixanovskaya mutaraqqiy dunyo yetakchilarini Belarusni g‘ayriqonuniy tarzda idora etayotgan Lukashenko rejimiga bosimni kuchaytirishga undamoqda.

Svetlananing tashabbusi bilan muxolifatning Muvofiqlashtiruvchi kengashi tuzildi. Lekin kengashning aksar a’zolari ayni paytda yo qamoqda, yo mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. Tixanovskaya oktabr oyida o‘tkazishni targ‘ib qilgan umummilliy ish tashlash aksiyasi ham ishdan bo‘shatish tahdidlari sabab u qadar muvaffaqiyat qozonmadi.

Tixanovskaya 18 - yanvar kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti yordamida Belarusga qaytish niyatini bildirgan. U, ayni choqda, YeXHT vositachiligida YeI, Lukashenko va muxolifat o‘rtasida inqirozdan chiqish bo‘yicha muzokara o‘tkazilishini taklif etmoqda.

Norozilik namoyishlari ayozli kunlar va qatag‘onlar sabab biroz susaygan edi. Ammo muxolifat yetakchisi osonlikcha taslim bo‘lmoqchi emas. U o‘tgan hafta bahorda yanada kengroq ko‘lamda namoyishlar bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.

Tixanovskaya tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ko‘rsatilgan 300 dan oshiq nomzoddan biridir.

Mariya Kolesnikova

Kolesnikova hibsga olingan prezidentlikka nomzod Viktor Babariko shtabi a’zosi edi. 38 yoshli Mariya ro‘yxatga olinmagan nomzod Valeriy Sepkaloning rafiqasi Veronika hamda Svetlana Tixanovskayalardan iborat mashhur “ayollar triosi”ning uchinchi a’zosi sifatida tanilgan.

U muxolifatning Muvofiqlashtiruvchi kengashi rayosatiga saylangan. Muxolifatga qarshi qatag‘onlar davomida 2020 - yil sentabr oyida Mariyaga “milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlarga chaqirish” moddasi bilan ayblov e’lon qilindi. Belarus rasmiylari 8 sentabr kuni Kolesnikova va uning safdorlari Ivan Kravsov hamda Anton Rodnenkovni Ukrainaga chiqarib yuborishga qaror qilgan. Ukrainaga badarg‘a qilingan Kravsov va Rodnenkovga ko‘ra, Mariya chegarada pasportini yirtib tashlab, rasmiylarning rejasini barbod qilgan.

Kolesnikova 2021 - yilda AQSh hukumatining “Jasoratli ayol” mukofotiga loyiq deb topilgan.

Yevropa parlamenti 2020 - yil 16 - dekabr kuni Belarus muxolifati vakillariga fikr erkinligi uchun Andrey Saxarov nomidagi mukofotni topshirdi. Sovrindorlar orasida Mariya Kolesnikova ham bor.

Nina Baginskaya

Nina Baginskaya Sovet Ittifoqi davridanoq Belarusdagi norozilik namoyishlarda faol qatnashib kelgan.

“Men ijtimoiy, siyosiy va milliy zulmga qarshi qo‘l qovushtirib turolmayman. Qullar yoki qo‘rqoqlargina vatanini himoya qilishga ojizdir”, – deydi Baginskaya “Nastoyashchee vremya” bilan suhbatda.

73 yashar ayol barcha namoyishlarda qisqa umr ko‘rgan Belarus xalq respublikasi (1918–1919 - yillar) ramzi, oq-qizil-oq bayroq bilan ishtirok etadi. Lukashenko taqiqlab qo‘ygan ushbu bayroq muxolifatning ramziga aylangan. 2020 - yilning avgustida olingan videoda Baginskaya tish-tirnog‘igacha qurollangan politsiyachidan tortib olingan bayrog‘ini qaytarib berishini talab qilayotganini ko‘rish mumkin.

2020 - yil sentabr oyida asosan ayollar qatnashgan namoyishda yuzlab hammaslaklari qatorida u ham hibsga olingan.

Katerina Barisevich

Katerina Barisevich Belarusda eng ko‘p mushtariyga ega internet nashrlaridan biri – TUT.BY portalining muxbiridir. U Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik aksiyalari to‘g‘risidagi materiallari uchun hibsga olingan.

2020 - yil noyabr oyida aksilhukumat namoyish ishtirokchisi Roman Bondarenko noma’lum shaxslar tomonidan do‘pposlab o‘ldirildi. Barisevich esa mazkur hodisaga bag‘ishlangan maqolasidan keyin hibsga olingan. Muallif maqolada Bondarenko o‘limiga doir rasmiy talqinni shubha ostiga oladi. Jurnalistga tibbiy hujjatlarni taqdim etgan shifokor Artyom Sorokin ham, Barisevichning o‘zi ham turli muddatga qamaldi va jarimaga tortildi. Amnesty International tashkiloti jurnalist va shifokorni “vijdon tutquni” deb e’lon qilgan va ularni zudlik bilan ozod etishni talab etgan.

Katerina Andreyeva va Darya Chulsova

“Belsat” sun’iy yo‘ldosh telekanalining ikki jurnalisti – Katerina Andreyeva va Darya Chulsova 2020 - yil 15 - noyabr kuni Minskda Roman Bondarenko xotirasiga bag‘ishlangan tadbirni yoritayotganda hibsga olingan edi. 18 - fevral kuni Minsk shahri Frunze tumani sudi jurnalistlarni “jamoat tartibini buzishga qaratilgan ommaviy tadbirlarni uyushtirish”da aybdor deb topdi va ularni ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Ayblov siyosiy ruhda bo‘lganini aytgan Andreyeva va Chulsova mahkama hukmini tan olmagan.

Yevropa Ittifoqi va inson huquqlari tashkilotlari Andreyeva va Chulsovalarga berilgan jazoni mustaqil matbuotga qarshi davom etayotgan tazyiqlarning bir qismi deb baholadi.

“YeI kasbiy faoliyati uchun jazoga mustahiq etilgan jurnalistlar Andreyeva va Chulsovalarni zudlik bilan ozod etishga chaqiradi”, – degan edi YeI tashqi siyosiy idorasi vakili.

Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Anastasiya Zlobinaning ta’kidlashicha, Chulsova va Andreyevaning qamalishi hukumat tomonidan o‘z kasbiy vazifasini bajarayotgan jurnalistlarga o‘tkazilgan navbatdagi bosimdir.

Hozirda Belarusda 7 nafar jurnalist shu kabi ayblovlar ortidan qamalgan yoki sud hukmini kutmoqda. Belarus jurnalistlar uyushmasining bayonotiga ko‘ra, 2020 - yili mamlakatda 481 nafar OAV xodimi hibsga olingan. Bu so‘nggi olti yillik ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘pdir.

XS
SM
MD
LG