Линклар

Шошилинч хабар
23 май 2022, Тошкент вақти: 08:16

Rossiya gazi uchun rublda haq to‘lash nimani anglatadi?


Vladimir Putin Rossiya tabiiy gazini import qiluvchilar to‘lovni dollar va yevroda emas, rublda to‘lashni talab qilganidan so‘ng Yevropada gaz narxlari yana oshib ketdi.

Associated Press agentligi gaz uchun rublda hisob-kitobning ehtimoliy oqibatlari haqida yozmoqda.

PUTIN NIMANI TAKLIF QILMOQDA?

Yevropa uylarni isitish, elektr energiyasi va yoqilg‘i sanoati uchun katta miqdorda Rossiya tabiiy gazini import qiladi. Import Ukrainadagi urushga qaramay davom etmoqda.

Importning 60 foizga yaqini yevroda, qolgani esa dollarda hisob-kitob qilinadi. Putin buni o‘zgartirmoqchi va gaz import qiluvchilardan rubl sotib olib, to‘lovni rublda amalga oshirishni talab qilmoqda.

BU QANDAY TAʹSIR QILISHI MUMKIN?

Import qiluvchilar yevro va dollarni rublga almashtiradigan bank topishlari kerak bo‘ladi. Ammo, bu ham oson emas, negaki Rossiyaning ba’zi yirik banklari xalqaro SWIFT to‘lov tizimidan uzilgan.

Shunday bo‘lsa-da, hozircha cheklovlar kiritilmagan ba’zi banklar bor. AQSh tomonidan kiritilgan bank operatsiyalarini taqiqlovchi sanksiyalarda energiya to‘lovlari uchun istisnolar bor. Bu Rossiya nefti va gaziga qattiq bog‘langan va gaz uzilishi oqibatlaridan qo‘rqayotgan Yevropadagi ittifoqchilarga berilgan imtiyozdir.

Kornel universitetining savdo siyosati professori va Xalqaro valyuta jamg‘armasining sobiq amaldori Esvar Prasad, Rossiyaning gaz uchun o‘z valyutasida to‘lash talabi moliyaviy sanksiyalardan qutulish, rubl qiymatini oshirish va Rossiya iqtisodiyotini himoya qilishda biroz yordam beradi.

"Xorijiy importchilarga Rossiya gazi uchun to‘lovni qiymati past valyutada to‘lash arzonroq tushadi, ammo rublni qo‘lga kiritish va sanksiyalardan aylanib o‘tgan holda to‘lovlarni amalga oshirish qiyin".

YEVROPADA PUTIN TALABI QANDAY QABUL QILINDI?

Yevropa hukumatlari va energetika kompaniyalari bu talabni rad etib, gaz importi bo‘yicha shartnomalarda to‘lov valyutasi ko‘rsatilganini va bir tomon uni bir kechada o‘zgartira olmasligini aytmoqda. Ular to‘lovni yevro va dollarda davom ettirish niyatida ekanliklarini bildirdi.

Yaponiya, AQSh va Kanada, Germaniya, Fransiya, Italiya va Britaniyadan iborat katta yettilik (G7) Moskvaning talabini rad etishga kelishib oldi. G7 bayonotida aytilishicha, Yevropa Ittifoqining energetika bo‘yicha komissari ham bu talabni rad etdi.

Germaniya vitse-kansleri Robert Xabek dushanba kuni jurnalistlarga "Barcha G7 vazirlari bunday qadam "bir tomonlama va mavjud shartnomalarni aniq buzish" ekanligini ta’kidladi", dedi.

PUTINNING MAQSADI NIMA?

Nazariy jihatdan, rubl to‘lovlarini talab qilish valyutaga bo‘lgan talabni va uning kursini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, "Gazprom" o‘zining xorijiy daromadlarini almashtirganda, yevro va dollardan rubl sotib olish uchun foydalanilmoqda.

Rubl mojarosi tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlarga olib kelishi mumkinligi haqida xavotir uyg‘otdi. Bu uzoq muddatli energiya shartnomalariga rioya qilmaslik ayblovlari Rossiya ustidan ish ochilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov dushanba kuni bo‘lib o‘tgan konferensiyada Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtata oladimi, degan savolga, “Biz gazni tekin yetkazib bermasligimiz aniq”, deya javob berdi.

“Bizning vaziyatimizda Yevropaga xayriya qilish niyatimiz yo‘q”, dedi Peskov.

BU XAVF QANCHALIK HAQIQATGA YAQIN?

Rossiya talabidan keyin Germaniyaning kommunal xizmatlar assotsiatsiyasi BDEW hukumatni kuchli energiya tanqisligi haqida "oldindan ogohlantirish" e’lon qilishga undadi.

Bu Yevropa Ittifoqi va Germaniya qonunchiligidagi energiya bilan bog‘liq favqulodda holatlarning uchta bosqichidan birinchisi. Eng yuqori favqulodda bosqichda hukumat uy xo‘jaliklarini ta’minlash uchun sanoatni gazdan uzib qo‘yishi kerak.

Germaniya hukumati bunday qaror qabul qilishga ehtiyoj sezmayapti, dedi dushanba kuni matbuot kotibi.

"Putin rubl talab qilishi mumkin, ammo shartnomalar aniq", dedi Nyu-Yorkdagi “High Frequency Economics” kompaniyasi bosh iqtisodchisi va boshqaruvchi direktori Karl Vaynberg. “Rublda to‘lov qilishga majburlashning yagona yo‘li mahsulot yetkazib berishni to‘xtatish, ammo bunday bo‘lishi mumkin emas: Rossiya quduqlarni berkitmasdan neft va gazning chiqishini to‘xtatib turolmaydi va agar yetkazib berish to‘xtab qolsa, saqlash sig‘imi juda tez to‘ladi ”.

"Rossiya mahsulot jo‘natishni to‘xtata olmaydi, biroq Germaniya va Yevropa Ittifoqi uni sotib olishni to‘xtatishi mumkin"

NEGA ENERGIYA URUSHDA MUHIM OMIL?

Yevropa iqtisodiyoti gaz importining 40% va neftning 25% uchun Rossiyaga qattiq bog‘langanicha qolmoqda.

AQSh va Buyuk Britaniya Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Yevropa rahbarlari Rossiya neft va gazini to‘liq boykot qilishdan o‘zini tiyib turibdi. Ular kelgusi bir necha yil ichida tabiatni muhofaza qilish va imkon qadar tezroq shamol va quyosh energiyasiga o‘tish orqali importni kamaytirishga e’tibor qaratmoqda.

XS
SM
MD
LG