Rossiyaning Irkutsk viloyati Cheremxovo tumanida Tu-22M3 bombardimonchi uchog‘i halokatga uchradi. Bu haqda “112” telegram-kanali va TASS agentligi Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga tayangan holda xabar qildi.
Vazirlik bombardimonchi uchoq rejadagi parvozni amalga oshirish chog‘ida qulaganini bildirgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aviahalokatga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. “Tu-22M3 kimsasiz joyga qulab tushgan, uchoq qulagan yerda vayrongarlik yo‘q, ekipaj esa omon qolgan”, deya bildirishgan rossiyalik harbiylar.
Mixaylovka qishlog‘i turg‘unlari “Ostorojno, novosti”ga uchoq aholi punkti yaqinida qulagani, qulash oldidan u yona boshlaganini aytib berishgan.
Mash telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, bombardimonchi uchoq bortida to‘rt nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan va u “Belaya” havo bazasidan parvoz qilgan.
“Bir necha daqiqadan so‘ng tizim chap dvigatel ishdan chiqqanini ko‘rsatgan, u yona boshlagan. Ekipaj uchoqni Mixaylovka qishlog‘i tomon haydagan, u yerda yong‘in boshlangan”, deyilgan xabarda.
Keyinroq kanal qutqaruvchilar ekipajning uch a’zosi joyini aniqlashgani haqida xabar qilgan. Ekipajning to‘rtinchi a’zosini qidirish ishlari davom etayotgani, avvalroq u aloqaga chiqib, oyog‘ini sindirib olganini ma’lum qilgani aytilgan.
Keyinroq Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga tayangan holda qulagan Tu-22M3 uchog‘i pilotlaridan birining hayotini saqlash qolishga muvaffaq bo‘linmagani, u vafot etganini ma’lum qilgan.
2024-yilning aprel oyida Stavropol o‘lkasida Tu-22M3 bombardimonchi uchog‘i halokatga uchragan edi. O‘shanda Rossiya Mudofaa vazirligi hodisa uchoq “jangovar vazifani bajarganidan so‘ng” ortga qaytayotgan paytda sodir bo‘lganini bildirgan. O‘sha paytda ekipajning uch a’zosi omon qolib, biri halok bo‘lgan edi. Ukraina Qurolli kuchlari uchoq ukrainalik harbiylar tomonidan urib tushirilganini bildirishgan.