Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 11:52

Rossiya: Kursk viloyatida federal miqyosda FV e’lon qilindi


Kursk viloyatidagi Suja shahri
Kursk viloyatidagi Suja shahri

To‘rt kundan buyon Ukraina armiyasi reydlari bo‘lib o‘tayotgan Rossiyaning Kursk viloyatida federal miqyosdagi favqulodda vaziyat e’lon qilindi. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi bildirdi.

Vazirlik bayonotida mazkur qaror favqulodda vaziyatlar oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hukumat komissiyasining navbatdan tashqari majlisida qabul qilingani aytilgan.

Avvalroq Kursk viloyati rahbari vazifasini vaqtincha bajarib turgan Aleksey Smirnov 7-avgustdan boshlab Ukraina Qurolli kuchlarining chegaraoldi hududlariga hujumlari “oqibatlarini bartaraf qilish” uchun mintaqaviy miqyosda favqulodda vaziyat tartibini joriy qilgan edi.

Kursk viloyatida Rossiya va Ukraina armiyasi o‘rtasida janglar davom etmoqda. Ukraina armiyasi viloyat hududiga 6-avgust kuni kirib, Suja tuman markaziga o‘rnashib olgan. 9-avgustga o‘tar kechasi Rilsk yaqinida Rossiya harbiy texnikasiga zarba berilgan.

Rilsk yaqinidagi Rossiya harbiy kolonnasiga berilgan zarba oqibatlari aks etmish videoda kamida 14 ta yuk mashinasi shikastlanganini, ayrim mashinalar kuzovlarida esa zarba chog‘ida o‘lgan rossiyalik askarlar jasadlarini ko‘rish mumkin.

Rossiyalik “harbiy muxbirlar” ma’lumotiga ko‘ra, Kursk viloyatida janglar Kursk atom elektr stansiyasi joylashgan Kurchatov shahrida 30 kilometr narida hamda yirik tuman markazi hisoblangan Lgov shahridan 15 kilometr berida ketmoqda.

The Insider nashri mahalliy turg‘unlar doxil turli manbalardan olingan ma’lumotga tayangan holda, ukrainalik harbiylar Rossiyaning Kursk viloyatiga yorib kirganidan buyon shu paytgacha 11 ta aholi punktini o‘z nazorati ostiga olishni uddalagani haqida xabar qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning maslahatchisi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan The Washington Post nashriga ukrainaliklar Kursk viloyatidagi 100 kvadrat kilometrcha hududni egallab olganini bildirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi vaziyat nazorat ostida ekanini iddao qilmoqda.

Kursk telegram-kanallarida yoyinlangan ko‘plab videolardan kelib chiqilsa, mahalliy aholi vakillari rossiyalik harbiylarning vaziyatni nazorat qilayotganiga oid bayonotlari yolg‘on ekanini aytishib, evakuatsiyada yordam ko‘rsatilmayotganidan shikoyat qilishmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 8-avgust kuni viloyat gubernatori vazifasini bajarayotgan Aleksey Smirnov bilan videokonferensiya shaklidagi suhbat chog‘ida Kursk viloyatidagi janglar tufayli o‘z uylarini tashlab ketgan oilalarga 10 ming rubldan pul to‘lab berishni va’da qilgan.

Rossiya FVV saytida ma’lum qilinishicha, federal miqyosdagi favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, jabrlanuvchi fuqarolar aynan shuncha miqdordagi bir martalik yordam puli olishga haqlari bor.

Ayni paytda birinchi darajadagi ehtiyoj mollarining bir qismi yo‘qotilsa, jabrlanuvchi 50 ming rubl mol-mulk to‘liq yo‘qotilgan taqdirda esa 100 ming rubl moliyaviy yordam olishi mumkin. FV chog‘ida odam o‘lgan taqdirda bir million rubl miqdorida, sog‘lig‘iga zarar yetgan taqdirda esa 200 mingdan 400 ming rublgacha miqdorda bir martalik nafaqa puli olishi mumkin.

Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko payshanba kuni Kursk viloyatining o‘qqa tutilishi natijasida 6-avgustdan 8- avgustgacha to‘qqiz bola doxil 66 kishi jabrlanganini ma’lum qilgan. Vazirga ko‘ra, ayni paytda viloyatdagi tibbiyot muassasalarida 38 nafar jabrlanuvchi muolaja olmoqda.

XS
SM
MD
LG