Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:16

Rossiya Markaziy Osiyo yagona energotizimiga qo‘shiladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekiston va Rossiya Energetika vazirliklari Rossiyaning “Tizim operatori”ni Markaziy Osiyo yagona energotizimiga qo‘shish haqida kelishib olishdi. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya energetika vaziri Sergey Sivilyov ma’lum qildi, deb yozgan TASS axborot agentligi.

“Tizim operatori” Rossiyaning Yagona energetika tizimi hududlarida markazlashgan tezkor-dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirishga ixtisoslashgan tashkilot bo‘lib hisoblanadi.

Bugun ikki vazirlikning muammoni tez hal qilish iltimosi aks etgan qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Markaziy Osiyoning alohida energotizimi mavjud bo‘lib, u yerga biz hozircha kirmaganmiz. Biroq Markaziy Osiyo yagona energetika tizimini birgalikda boshqarish uchun [“Tizim operatori”] unga kirishi kerak, biz u bilan bog‘langanmiz. O‘zbekiston tomoni buni to‘laligicha qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz yaqin orada bu ishni amalga oshiramiz”, degan vazir Sivilyov 10-sentyabr kuni RF bosh vazirining O‘zbekistonga safari doirasidagi muzokaralar yakunlari haqida so‘zlar ekan.

Sergey Sivilyov bu tashabbus faqat elektr energiyasining tijoriy eksporti bilangina bog‘liq bo‘lib qolmay, mamlakatlar o‘rtasidagi oqimlarni boshqarish bilan ham bog‘liq ekanini, ular elektr energiyasi tanqisligi, tabiiy ofatlar yuzaga kelgan va yuklamalar oshib ketgan paytlarda energotizimni oshig‘ich muvozanatga keltirish imkonini berishini qo‘shimcha qilgan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiyaning Markaziy Osiyo yagona energotizimiga qo‘shilishini “mabodo kimdadir kutilmaganda nimadir sodir bo‘lsa, mamlakatlar ehtiyojini oqimlar bilan tezlikda dastaklash, vaziyatni o‘nglash” zarurati bilan izohlagan.

Bu bizning tizim xavfsizligini to‘g‘ri ta’minlashimiz uchun muhim”, degan vazir Mirzamahmudov.

O‘zbekiston Energetika vazirligi xabarnomasida mazkur kelishuv haqida biror ma’lumot berilgan emas. Unda “ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirish, yoqilg‘i-energetika kompleksiga investitsiyalarni jalb qilish hamda yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish” masalalari muhokama qilingani aytilgan, xolos. Shuningdek, xabarnomada ikki mamlakat o‘rtasida “energetika aloqalarini izchil mustahkamlash borasida” takliflar bildirilgani qo‘shimcha qilingan.

Avvalroq RFda elektr energiyasi eksport-importi bilan shug‘ullanuvchi yagona operator bo‘lmish “Inter RAO” vakillari O‘zbekistonga elektr energiyasini eksport qilish ehtimoli ko‘rib chiqilayotganini, bu mamlakatga elektr energiyasi yetkazib berish kuzda boshlanishi mumkinligini bildirishgan edi.

Hozirgi paytda Markaziy Osiyo energetika tizimiga O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Janubiy Qozog‘iston va Turkmaniston kiradi. May oyida mazkur tizimga Tojikiston ham qo‘shilishi ma’lum bo‘lgan.

Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘iston yagona energotizmi o‘tgan asrning 70-yillarida tashkil etilgan. U Toshkentdagi muvofiqlashuvchi-dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilib, elektr energiyasiga talab va sug‘orish davrida suvga bo‘lgan ehtiyojning mavsumiy tebranishlarini muvozanatga keltirish imkonini beradi.

XS
SM
MD
LG